Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Iste'molimizdagi elektr energiyasining 85 foizi Issiqlik elektr stansiyalarida hosil qilinadi – soha rahbari bilan suhbat
Issiqlik elektr stansiyalari o‘zi nima, ularning hayotimizdagi o‘rni qanaqa? Bugungi kunda sohada qanday yangiliklar amalga oshirilmoqda? Shu va boshqa savollarga javob olish uchun - «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ Boshqaruvi raisi Farhod Ma'murovich Abdurahmonov bilan suhbatlashdik.
– Issiqlik elektrostansiyalari haqida umumiy ma'lumot bersangiz. Ularning soni nechta, asosan qaysi hududlarda joylashgan?
– Savol juda oddiy tuyuladi, lekin aslida juda muhim masalani qamrab oladi. Ko‘pchilik fuqarolarimiz, jumladan, shunaqa holatlar bo‘lgan, hattoki jamoatchilikning eng faol a'zolari ham issiqlik elektr stansiyasi deganda issiqlik energiyasini, ya'ni issiq suvni yetkazib beruvchi korxonani tushunadilar. Aslida, Issiqlik elektr stansiyalari – bu iqtisodiyotimiz va kundalik hayotimiz asosi, chunki iste'molimizda bo‘lgan elektr energiyasining asosiy qismi aynan shu stansiya va markazlarda hosil qilinadi. "Issiqlik elektr stansiyalari" aksiyadorlik jamiyatining asosiy vazifasi esa, elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarishni ta'minlash, yurtimizning energetik xavfsizligiga erishish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholining elektr energiyasiga ortib borayotgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida mamlakatimizda yuritilayotgan energetika siyosatini amalga oshirishdan iborat. Bugun yurtimizda shu maqsadlarda 8 ta issiqlik elektr stansiyalari (Toshkent, Angren, Yangi-Angren, To‘raqo‘rg‘on, Sirdaryo, Navoiy, Tolimarjon va Taxiatosh) hamda 3ta issiqlik elektr markazlari (Toshkent, Farg‘ona va Muborak) faoliyat yuritmoqda.

– Qaysi IES eng ko‘p elektr energiyasini beradi? IESlarning umumiy elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushi qanday?
– Ayni paytda stansiya va markazlarimizning yurtimizda jami iste'moldagi elektr energiyasini ishlab chiqarishdagi ulushi 85 foizdan ko‘proqni tashkil etadi. Mamlakatimiz aholisini sifatli elektr energiyasi bilan ta'minlashda 10 000 nafardan ziyod ishchi-xizmatchilarning zahmatli mehnati yotadi. Milliy energotizimning «otaxon»laridan biri bo‘lishiga qaramay, «Sirdaryo IES» AJ ayni paytda eng ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalardan biri. Bugun bu yerda investitsiya dasturi doirasida modernizatsiya ishlarining yakuniy uchinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga eng zamonaviy, energotejamkor va energosamarador texnologiyalar joriy etilgan Tolimarjon, Navoiy va To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyalari bugun sohaning lokomotiv korxonalari hisoblanadi.

Iqtibos: 2017 yil tahlillariga ko‘ra, rivojlangan davlatlarda 1 kilovatt energiya ishlab chiqarish uchun 240-260 gramm yoqilg‘i ishlatilgan bo‘lsa, mamlakatimizdagi ayrim stansiyalarda 2 barobar ko‘p yoqilg‘i sarflangan. Lekin, o‘tgan 4 yil ichida mamlakatimizda eng yangi, energiya samarador texnologiyalarni joriy etishga faol ravishda kirishdik va shuni ta'kidlash lozimki, qisqa fursatlarda 1 kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqishda yoqilg‘i sarfini kamaytirish bo‘yicha sezilarli natijalarga erishildi.
– Hozir investitsiyalar va modernizatsiya haqida gapirib o‘tdingiz. Bugungi kunda eng jiddiy masala bo‘lgan aynan modernizatsiya va kamxarjlikni ta'minlash borasida qanday ishlar olib borilmoqda?
– To‘g‘ri ta'kidladingiz, stansiyalarimizdagi aksariyat energobloklar o‘tgan asrning 60-70 yillarida qurilgan. Bugunga kelib ham ma'nan, ham jismonan eskirgan. Natijada eski uskunalarda ishlab chiqarish jarayonida yoqilg‘i sarfi, ya'ni yo‘qotishlar ko‘p. 2017 yil tahlillariga ko‘ra rivojlangan davlatlarda 1 kilovatt energiya ishlab chiqarish uchun 240-260 gramm yoqilg‘i ishlatilgan bo‘lsa, mamlakatimizdagi ayrim stansiyalarda 2 barobar ko‘p yoqilg‘i sarflangan.
Lekin, o‘tgan 4 yil ichida mamlakatimizda eng yangi, energiya samarador texnologiyalarni joriy etishga faol ravishda kirishdik va shuni ta'kidlash lozimki, qisqa fursatlarda 1 kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqishda yoqilg‘i sarfini kamaytirish bo‘yicha sezilarli natijalarga erishildi.
Faoliyat ko‘rsatayotgan joriy quvvatlarni eng zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish va yangi energosamarador quvvatlarni ishga tushirish Aksiyadorlik jamiyatimiz oldida turgan ustuvor vazifalar hisoblanadi.

Prezidentimizning bevosita sa'y-harakatlari bilan bugun biz sohada ijobiy o‘zgarishlarni kuzatyapmiz. Birgina misol, 2016 yilgacha yangi joriy etilgan zamonaviy uskunalarning umumiy quvvati 505 Mvt(jami ishlab chiqarish quvvatlarining 5,45 foiz)ni tashkil etgan bo‘lsa, 2016-2021 yillarda amalga oshirilgan investitsiya loyihalari natijasida qo‘shimcha 3 504 MVt yangi quvvatlar ishga tushirilib, energotejamkor, eng zamonaviy-energosamarador uskunalarning umumiy quvvati 4 009 Mvtga yetdi va issiqlik elektr stansiyalari umumiy quvvatining qariyb 30 foizini tashkil qilmoqda.
Bu nima degani, yangi qurilmalar yoqilg‘ini ikki barobar kam sarflaydi, natijada mahsulot tannarxi pasayishiga erishiladi.
Davlat rahbarining elektr energiyasi tannarxi barqarorligini saqlash, mahsulot uchun to‘lovlarni ortiqcha oshirmaslik bo‘yicha belgilab bergan ustuvor vazifalari ijrosini ta'minlashda aynan yangi joriy etilayotgan quvvatlarning o‘rni va ahamiyati katta. Ishlab chiqarish xarajatlarining kamayishi, o‘z o‘rnida mahsulotni yetkazib berishning yakuniy tannarxiga ta'sir etadi. Shu bilan yangi texnologiyalar quvvatlarni barqaror ishlab chiqarishni ta'minlaydi, avariyali o‘chishlar oldi olinadi.
Shu maqsadlarni ko‘zlab, o‘tgan besh yil mobaynida Tolimarjon, Angren, Toshkent, Navoiy, Taxiatosh stansiyalarida yangi bug‘-gaz qurilmalari joriy etildi, Sirdaryoda bloklar modernizatsiyasining ikkita bosqichi yakunlanib, yakuniy ishlar amalga oshirilmoqda. Vodiy aholisi farovonligini ta'minlash maqsadida To‘raqo‘rg‘on stansiyasi bunyod etildi, Farg‘ona issiqlik elektr markazida zamonaviy gaz-turbina uskunalari ishga tushirildi.
Iqtibos: Ta'mir va modernizatsiya ishlarining bajarilishi natijasida issiqlik elektr stansiyalarining amaldagi quvvati 293 MVtga oshadi. Shu bilan mavsum davomida ishlab chiqarish barqarorligi, uskunalardan samarali foydalanish koeffitsiyenti oshadi.

– Ayni paytda yuklama pasaygan, ya'ni ehtiyoj yuqori emas. Mana shunday kunlarda zaxira yaratish bo‘yicha nimalar qilinyapti?
– Afsuski, elektr energiya shunday kam sonli mahsulotlar qatorida turadiki uni jamlab bo‘lmaydi. Elektr energiyasi ishlab chiqarilayotgan soniyalarning o‘zida iste'mol qilinadi.
To‘g‘ri ta'kidladingiz, ayni paytda yuklamalar pasaygan. Bu davr biz uchun yoz mavsumiga, jumladan, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish vaqti. Bugungi kunga kelib, kuz-qish mavsumida bo‘lgani kabi, aholining yozda ham elektr energiyaga bo‘lgan talabi yuqori bo‘lyapti, zero yoz mavsumi davomida xonadonlar va korxona-tashkilotlarda maishiy texnika vositalari, jumladan, sovitish tizimlaridan keng foydalanib kelinmoqda.
Uskunalarning betalafot ishlashini ta'minlash, ishlab chiqarish quvvatlari barqarorligiga erishish yo‘lida muhandislar, ishchi-xizmatchilar ta'mirlash va sozlash ishlarini olib borishmoqda.
Bu borada, aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obektlarini joriy yoz mavsumi va 2021-2022 yillar kuz-qish mavsumida sifatli elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida hukumatning tegishli qarorlari qabul qilingan.
Stansiya va markazlarimizda 2021 yilda kapital, o‘rta va joriy ta'mirlash ishlarini amalga oshirish uchun ta'mirlash fondining prognoz summasi 1,1 trln. so‘mni tashkil etishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 899,6 mlrd. so‘mi uskunalar va ehtiyot qismlar uchun, 206,4 mlrd. so‘m esa mehnat xarajatlari uchun taqsimlanishi ko‘zda tutilmoqda.
Ta'mir va modernizatsiya ishlarining bajarilishi natijasida issiqlik elektr stansiyalarining amaldagi quvvati 293 MVtga oshadi. Shu bilan mavsum davomida ishlab chiqarish barqarorligi, uskunalardan samarali foydalanish koeffitsiyenti oshadi.
Tashkiliy va texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobiga 2021 yil yakuniga qadar reja bo‘yicha 424,8 mlrd. so‘mlik 643,6 million kubometr tabiiy gaz va 38,1 milliard so‘mlik 137,7 mln. kVt soat elektr energiyasini tejash kutilmoqda.
Iqtibos: Ishlab chiqarish xarajatlari juda katta. Bir sutkada korxonalarimiz tomonidan elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun taxminan 45-50 mln. kubometr tabiiy gaz (shuning o‘zi 30-33 mlrd so‘m), ko‘mir va boshqa yoqilg‘i turlari sarflanadi.

– Ta'mirlash ishlari, umuman stansiya va markazlar faoliyatini moliyalashtirish qaysi mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi?
– Barcha korxonalarimiz yuridik maqomiga ko‘ra aksiyadorlik jamiyatlari hisoblanadi va o‘z faoliyatini o‘zi moliyalashtiradi. Ya'ni amalga oshiradigan faoliyati doirasida elektr energiyasini ishlab chiqaradi va uni sotishdan kelib tushgan mablag‘dan ishchilarga maosh to‘laydi, uskunalar ekspluatatsiyasi va ishlab chiqarish xarajatlarini qoplaydi.
Ishlab chiqarish xarajatlari juda katta. Bir sutkada korxonalarimiz elektr energiyasi ishlab chiqarishi uchun taxminan 45-50 mln. kubometr tabiiy gaz (shuning o‘zi 30-33 mlrd so‘m), ko‘mir va boshqa yoqilg‘i turlari sarflanadi, o‘n minglab xodimlar korxonalarda xizmat ko‘rsatishadi.
Shu borada iste'mol qilinayotgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi juda muhim. Iste'mol uchun o‘z vaqtida to‘langan haq – bu uskunalarni o‘z vaqtida ta'mirlash, yangi zamonaviy quvvatlarni ishga tushirish hamda o‘n mingdan ortiq fuqarolarning o‘z vaqtida oylik maoshini olishini anglatadi. Bundan kelib chiqib, elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonining barqarorligi ta'minlanadi.
– Bugun transformatsiya yoki raqamli transformatsiya iboralari tez-tez qo‘llanilmoqda, bu borada ishlar qanday yo‘lga qo‘yilgan?
– Transformatsiya jarayonidan ko‘zlangan maqsad – bu korxonalarimiz faoliyatini jahonda tan olingan korporativ boshqaruv mexanizmlari asosida tashkil etish, ortiqcha sarf-xarajatlardan voz kechib, sohaga ochiq bozor munosabatlari tamoyillarini joriy etish, ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish va faoliyatimiz shaffofligini ta'minlashdan iborat.
Bu nima uchun kerak. Avvalo, xabaringiz bor, mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish bozoriga davlat va xususiy sherikchilik asosida jahonda yetakchi kompaniyalar kirib kelmoqda. Bunda biz ular bilan raqobatbardosh bo‘lishimiz darkor. Ikkinchisi, soha o‘tgan ko‘p yillar davomida yopiq tizim bo‘lib, bu mavjud imkoniyatlarni kengaytirish, korxonalarimizni rivojlantirishga, xalqaro tajriba almashinishga to‘siq bo‘lib kelgan. Transformatsiya vositasida sohani rivojlantirish, ochiq-oshkora faoliyat yuritish, ishlab chiqarishni zamonaviylashtirish evaziga xalqaro reytinglarni qo‘lga kiritish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Bu yo‘nalishda xalqaro konsalting kompaniyalari bilan ishlayapmiz, hamkorlarimiz taqdim etayotgan tahlillar faoliyatimizni tanqidiy ko‘z bilan ko‘rib, ishimizni yangi bosqichga ko‘tarishga yordam berishi shubhasiz.
Moliyaviy hisobotning xalqaro stanlartlari (MHXS) joriy etilishi bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 50 nafarga yaqin buxgalterlarimizga xalqaro tan olingan reytinglarni qo‘lga kiritishlari uchun o‘quv kurslari tashkil qilingan.
Xalqaro audit korxonalarining tegishli baholarini olish bo‘yicha jahonda tan olingan «katta to‘rtlik» auditorlik kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Soha oldida turgan muhim vazifalardan yana biri boshqaruv, ma'lumotlar almashinuv va ishlab chiqarish jarayonini raqamlashtirish, tizimga jahonda yetakchi hisoblangan IT-texnologiyalarini joriy etish hisoblanadi.
«Raqamli O‘zbekiston-2030» strategiyasi va raqamli transformatsiya dasturini samarali tashkil etish bo‘yicha biz bir qator xalqaro va mahalliy hamkorlar, jumladan, «Iks xolding», «Mars Solutions», «SAP SNG» va «SAPRUN» kompaniyalari bilan ish olib borayapmiz.
Abror Zohidov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
18:36 / 27.04.2024
Issiqlik elektr stansiyalaridagi davlat ulushi sotiladi
22:30 / 27.10.2023
Kuz-qish mavsumida IES tomonidan 27,6 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan
10:37 / 21.02.2023
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJning 2022 yil natijalari e’lon qilindi
19:00 / 19.01.2023