Jamiyat | 11:00 / 12.06.2018
16431
8 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Davr bilan hamnafas: Qashqadaryo viloyati “Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri” davlat korxonasi faoliyatiga nazar

O‘zbekiston bugun yangi davrga yuz tutdi. Shiddatli bu davr jamiyatdan turli islohotlarni talab etish bilan birga, tub ma'noda o‘zgarishlar ham sodir etishni kunning dolzarb masalasiga aylantirdi. Buni bugungi kunda turli sohalarda olib borilayotgan izchil islohotlardan ham anglash mumkin. Jumladan, kadastr yo‘nalishidagi ishlar ham aynan mana shu shiddatga uyg‘un ravishda olib borilmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Bunga misol tariqasida, “Yer munosabatlari va davlat kadastrini rivojlantirish jamg‘armasi” tashkil etilib, jamg‘arma mablag‘lari hisobidan tizim faoliyatini rivojlantirish, mutaxassislar malakasini oshirish, zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ta'minlash va boshqa ishlar amalga oshirib kelinayotganini ko‘rsatish mumkin.

Qashqadaryo viloyati “Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri” davlat korxonasi va uning tuman, shahar filiallari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk obektlari (yer uchastkalari, bino va inshootlar, ko‘p yillik daraxtlar) ga kadastr ishini tayyorlash va ko‘chmas mulk obektlariga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, yer tuzish va yerlarni inventarizatsiya qilish ishlari, yer uchastkalarining chegaralarini joyning o‘zida belgilash, topografiya-geodeziya, kartografiya, kadastr s'yomkasi ishlari amalga oshirish borasida samarali mehnat qilib kelinmoqda.

Bundan tashqari, korxona tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 dekabrdagi “Soliq solish maqsadida jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk obektlarining kadastr qiymatini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” gi №1043-sonli qaroriga asosan, jismoniy shaxslarning egaligida bo‘lgan turar joy bino va inshootlarning kadastr qiymatini hisoblash (baholash) ishlari amalga oshirilmoqda.

Davlat tashkilotlari tomonidan xalqning murojaatini o‘rganish va uni hal etish uchun tashkil etilgan sayyor qabullar ushbu korxona tomonidan ham amalga oshirilmoqda.

- Qishloq aholi punktlarining me'moriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obektlarini barpo etish hamda shu asosda aholi turmush madaniyatini yuksaltirish maqsadida, olis qishloqlarda soha xodimlari tomonidan hududlarda yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli ko‘chmas mulk obektlari xatlovdan o‘tkazilib, joylarda sayyor tartibda qisqa muddatlarda kadastr hujjatlari tayyorlanib, taqdim etilmoqda, - deydi Qashqadaryo viloyati “Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri” davlat korxonasi rahbari G‘ayrat Hamroyev.

“Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi”, degan purma'no hikmat bor. Kadastr sohasida yuqorida keltirib o‘tilgan istiqbolli islohotlar fonida amalga oshirilayotgan qing‘irliklar bu soha faoliyatiga soya solayotgandek. Gap shundaki, ayrim fuqarolar tomonidan firibgarlik yo‘li bilan kadastr idoralarining faoliyatiga noqonuniy ravishda aralashish kuzatilmoqda. Ular fuqarolarga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishni, turli xildagi ma'lumotnomalarni kadastr idorasidan olib berishni yoki bo‘lmasa yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari olib berishni va'da qilib, jismoniy va yuridik shaxslarning ishonchiga kirib, kadastr idorasi vakillari nomini qoralab, ularning nomidan ish ko‘rib, moddiy qimmatlik va turli miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirib ketishmoqda.

Buning oldini olish borasida kadastr korxonalari tomonidan juda ko‘plab ishlar qilinmoqda. Ammo, ochig‘ini aytganda, hamma gap fuqaroning o‘zida bo‘lib qolmoqda. Chunki kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda ovoragarchilik ko‘p bo‘ladi, degan noto‘g‘ri tushuncha ularni firibgarlar tuzog‘iga olib bormoqda. Aslida, vaziyat qanday? Kadastr hujjatlarini tayyorlashda hech qanday ovoragarchilik yo‘q, shunchaki tuman yoki shahar kadastr bo‘limlariga murojaat qilinsa kifoya.

Bundan tashqari, fuqarolar bilan turli tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda. Jumladan, ular o‘zlariga tegishli bo‘lgan yakka tartibdagi hovli va turar-joylari yon atrofida yangi imoratlarni qurmaslikka, o‘zboshimchalik va noqonuniy egallangan yer maydonlari, ya'ni qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan suvli yer maydonlar, fermer va dehqon xo‘jaligiga taalluqli bo‘lgan yerlar, yuqori kuchlanishli kommunikatsiya tarmoqlarining muhofaza maydonlariga kiradigan yerlar hamda yakka tartibda uy-joy qurishga mo‘ljallanmagan yer maydonlarida bino va inshootlarni qurmaslikka chaqirilmoqda. Aks holda, noqonuniy bunday qurilishlar buzib tashlanishi haqida fuqarolar ogohlantirilmoqda.

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 apreldagi “Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi PF-5421 sonli farmoni qabul qilindi. Farmon ijrosi yuzasidan korxonamiz va uning tuman, shahar filiallari tomonidan hududlarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar-joy binolari hamda yillar davomida umuman hujjatsiz turar joy binolariga belgilangan tartibda mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha hujjatlarni yig‘ish, ma'lumotlarni tayyorlash va fuqarolarimizga ushbu masalada huquqiy tushunchalar berilmoqda, - deydi Qashqadaryo viloyat “Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri” davlat korxonasi rahbari G‘ayrat Hamroyev.

Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida O‘zbekistonning viloyatlari, tuman va shaharlarida Davlat xizmatlari markazlari tashkil etilib, soddalashtirilgan elektron hujjatlar va ma'lumotlar almashish tizimi joriy etildi hamda yuridik va jismoniy shaxslarga, jumladan tadbirkorlarga bir qator qulayliklar yaratildi.

Mazkur markazlar orqali bir joyning o‘zida Qashqadaryo viloyat “Yermulkkadastr” davlat korxonasi va uning tuman, shahar filiallari tomonidan quyidagi davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda:

- yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk obektlariga kadastr ishini tayyorlash va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish;

- ko‘chmas mulk obektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqida guvohnomalar berish;

- ipoteka va ijara shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;

- ko‘chmas mulk obektining tegishliligi to‘g‘risida ma'lumotnomalar berish;

- nomida ko‘chmas mulk obektlari (yer uchastkasi, turar joy, noturar joy bino-inshootlar) mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma'lumotnomalar berish va shu kabi boshqa davlat xizmatlari.

Shuningdek, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18-mayda “Arxitektura va qurilish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma'muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida” №370 sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan Arxitektura va qurilish sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishda yuridik va jismoniy shaxslar uchun juda katta qulayliklar yaratildi. Davlat xizmatlari markazlari tomonidan qurilish, binolarni fasadlarini o‘zgartirish va rekonstruksiya qilishga ruxsatnomalar berish, loyiha-smeta hujjatlarini kelishish va shu kabi boshqa ishlarni qisqa muddatlarda bajarish joriy etildi. Shuningdek, turar joy va noturar joy bino-inshootlarni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha komissiya xulosasi va dalolatnomasi va ularni tuman, shahar hokimlarining qarorlari bilan tasdiqlash bekor qilindi. Uning o‘rniga soddalashtirilgan tartibda qisqa muddatlarda bino-inshootlarni foydalanishga qabul qilish to‘g‘risida tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilishi belgilandi.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid