O‘zbekiston | 08:59 / 21.09.2020
12942
3 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi hukumat qaroriga o‘zgartirish kiritiladi

Respublika hududlarida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash, yo‘l-transport hodisalari profilaktikasini samarali amalga oshirish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qaror loyihasi O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 21 iyuldagi O‘RQ–629-son “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2020 yil 19 iyundagi SQ–95-IV-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirlar rejasi”ning 3-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Qaror loyihasi bilan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 sentyabrdagi 747-son “Yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi belgilanmoqda.

Xususan, qaror loyihasi bilan jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga o‘rnatilgan videoregistratorlar bilan bir qatorda videokuzatuv va tasvirga olish texnika vositalari hamda mobil qurilmalar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlar ham maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar holatlari qayd etilgan videoyozuvlarga tenglashtirish orqali O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq ko‘rib chiqish tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Qaror loyihasining tasdiqlanishi respublika hududlarida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash, yo‘l-transport hodisalari profilaktikasini samarali amalga oshirish, huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga barham berishni ta'minlaydigan yo‘l harakatini avtomatlashtirilgan tartibga solish tizimini kengaytirish, bu boradagi jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda fuqarolarga qo‘shimcha imkoniyat va qulayliklar yaratishga xizmat qilishi aytiladi.

Qayd etilishicha, mazkur qaror loyihasini qabul qilinishi Davlat budjetidan qo‘shimcha mablag‘lar ajratilishini talab qilmaydi.

Mavzuga oid