Jamiyat | 22:58 / 24.07.2020
36220
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirusdan davolashda «Plakvenil»ni qo‘llashga qarshi chiqqan shifokorga tahdid qilindi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 4 iyul kuni gidroksixloroxin moddasi koronavirus terapiyasida zararli ekani haqida bayonot e'lon qilgan edi. 13 iyulda bu dori O‘zbekistondagi davolash protokolidan ham chiqarildi. Ammo ma'lum bo‘lishicha, muayyan shaxslar preparatni protokolga qaytarishni istamoqda.

«Tez yordam» dasturining navbatdagi sonida Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi Tibbiy standart va protokollarni ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Klara Yodgorova gidroksixloroxin preparatini koronavirusdan davolashda ishlatish zararli ekani haqida so‘z yuritdi.

Klara Yodgorovaning ta'kidlashicha, gidroksixloroxin boshqa dorilar singari dastlab Xitoy tajribasida qo‘llanilgan. Mart oyida JSST ko‘llanilayotgan preparatlarning samaradorligi bo‘yicha dalillar olish uchun «Xalqaro hamdo‘stlik tadqiqoti»ni o‘tkazgan. Unda koronavirusga chalingan 96 ming bemorning ma'lumotlari jamlanib, AQShning Harvard va Shveytsariyaning Tsyurix universiteti olimlariga taqdim qilingan.

«O‘rganishlar natijasida gidroksixloroxinning koronavirusga qarshi nafaqat samarasiz ekani, balki o‘lim xavfini oshiruvchi ekani ham tasdiqlangan. Bularni hisobga olib, JSST 27 may kuni yangi vaqtinchalik qo‘llanma chiqarib, barcha davlatlarga shuning asosida o‘z davolash standartlarini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qilgan. 4 iyulda esa gidroksixloroxin va boshqa ayrim dorilarning zararli ekani haqida JSSTning bayonoti e'lon qilindi», – dedi Milliy palata vakili.

Klara Yodgorovaning so‘zlariga ko‘ra, Milliy palata ekspertlari va Sog‘liqni saqlash vazirligi ishchi guruhi birgalikda 30 iyun kuni ikkita yangi qo‘llanma – COVID-19’ni yengil shaklda o‘tkazib, uyda davolanayotganlar va og‘ir formada statsionarda davolanayotganlar uchun qo‘llanmalar ishlab chiqqanini, ulardagi ma'lumotlar 13 iyul kuni Sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan tasdiqlanib, chop etilganini va mazkur qo‘llanmadan gidroksixloroxin olib tashlangan.

«Ayni paytda bu protokolga amal qilish shifokorlar uchun juda muhim hisoblanadi. Chunki bu yerda gap har bir inson hayoti haqida ketyapti. Biz JSSTning qo‘llanmalari asosida ishlashimiz lozim, hech qaysi davlat biz uchun namuna emas. Biz ham JSSTning a'zo davlati sifatida davolash tizimimizga eng yangi qo‘llanmalarni kiritishimiz lozim», – dedi mutaxassis.

Shuningdek, Klara Yodgorova dastur boshlovchisi – Mass-media fondi rahbari Komil Allamjonovning savollariga javoban, ko‘rsatuvning oldingi sonlaridan birida gidroksixloroxinning samarasiz ekani haqida fikr bildirgani uchun tahdidga uchraganini ma'lum qildi.

Komil Allamjonov esa jonli efirda huquqni muhofaza qiluvchi organlardan Klara Yodgorovani himoya qilishni so‘radi.

Avvalroq, Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi, professor Feruza Hamroboyeva ham gidroksixloroxinning salbiy ta'siri haqidagi fikrlarga qo‘shilishini ma'lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, tarkibida gidroksixloroxin saqlovchi «Plakvenil» preparati O‘zbekistonda koronavirusga chalinib, uyida davolanayotgan bemorlarga tarqatiladigan bepul dori-darmonlar ro‘yxatiga kiritilgan edi. Keyinchalik ushbu dori ro‘yxatdan chiqarilgani aytildi.

Mavzuga oid