Jahon | 15:41 / 04.02.2026
11367
7 daqiqa o‘qiladi

Norvegiyada monarxiya inqirozi yuzaga keldi

Valiahd malikaning o‘g‘li jinsiy zo‘ravonlikda ayblanmoqda. Uning o‘zi esa Epshteyn bilan yozishmalar olib borgan. So‘rovnomalar monarxiyadan respublika tizimiga o‘tish tarafdorlari ko‘payib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Foto: Hokon Mosvold Larsen / NTB / AFP / Scanpix / LETA

Norvegiyada valiahd malika Mette-Maritning o‘g‘li Marius Borg Hyoybining ishi bo‘yicha sud boshlandi. Oslo politsiyasi uni 1 fevral kuni hibsga olgan. Unga zo‘rlash, tan jarohati yetkazish, pichoq bilan qo‘rqitish va muayyan shaxsga yaqinlashish bo‘yicha sud taqiqini buzish ayblovlari qo‘yilgan. Ish tafsilotlari oshkor qilinmayapti. Katta ehtimol bilan, gap Hyoybining sobiq sevgilisi bilan munosabatlari haqida ketmoqda.

2024 yilda politsiya Hyoybini oiladagi zo‘ravonlik, zo‘rlash, sud taqiqini buzish hamda haydovchilik guvohnomasisiz mashina boshqarishda ayblab, bir necha bor hibsga olgan. Prokuratura bir yil o‘tib tayyorlagan ayblov xulolasi 32 banddan iborat edi, keyinroq unga yana olti band qo‘shildi.

Bir necha ayol jabrlanuvchi sifatida qayd etilgan. Ularning aksari anonimlikni saqlab qolgan, model va «Sevgi oroli» realiti-shousi sobiq ishtirokchisi Nori Haukland bundan mustasno. U Hyoybi bilan 2022–2023 yillar mobaynida uchrashib yurgan.

Hyoybi sudgacha ozodlikda edi, ammo yakshanba kuni yangi ayblovlar bo‘yicha qo‘lga olinganidan so‘ng, sud uni hibsda qoldirishga qaror qildi. Birinchi sud majlisida u zo‘ravonlik ishi bo‘yicha o‘zini aybdor deb tan olmasligini ma’lum qilgan.

Hyoybi 2017 yilda ham sudlangandi. O‘shanda u giyohvand moddalar saqlagani uchun to‘rt ming krona (400 yevro atrofida) miqdorida jarimaga tortilgandi. 2024 yilga hibsga olinganida qon tahlili u kokain, ekstazi va marihuana iste’mol qilganini ko‘rsatgan.

Marius Borg Hyoybi 1997 yilda tug‘ilgan. Uning onasi Mette-Marit Hyoybi o‘shanda ofitsiant bo‘lib ishlagan. Otasi – Morten Borg – Mette-Marit bilan tanishishidan biroz oldin qamoqdan chiqqan narkodiler bo‘lib, ozodlikda biroz vaqt o‘tkazgach, yana qamoqqa qaytgan. 1999 yilda Mette-Marit musiqa festivalida valiahd shahzoda Xokon bilan tanishadi va u bilan uchrasha boshlaydi. 2001 yilda ular turmush qurishadi va Marius shahzodaning asrab olingan o‘g‘liga aylanadi. U rasman qirollik xonadoni a’zosi hisoblanmaydi.

Xokon – Norvegiya taxtining navbat bo‘yicha birinchi vorisidir (uning otasi, qirol Harald V, hozirda 88 yoshda). Undan keyin Mette-Marit bilan turmushidan tug‘ilgan ikki farzandi turadi: malika Ingrid Aleksandra va shahzoda Sverre Magnus. Navbat bo‘yicha to‘rtinchi nomzod – qirol Haraldning qizi va valiahd shahzodaning singlisi, malika Marta Luiza turadi. 2024 yilda u o‘zining konspirologik qarashlari bilan mashhur bo‘lgan amerikalik Durek Verretga turmushga chiqqan. U o‘zini shaman deb atagan.

Norvegiya qirollik xonadoni va oila a’zolarining qarindoshlari: o‘tirganlar (chapdan o‘ngga) qirol Harald, malika Ingrid Aleksandra, qirolicha Sonya; turganlar (chapdan o‘ngga) Marit Chessem, uning qizi – valiahd malika Mette-Marit, valiahd shahzoda Xokon, shahzoda Sverre Magnus, Marius Borg Hyoybi
Lise Aserud / NTB / AFP / Scanpix / LETA

Marius Borg Hyoybining hibsga olinishi boshqa bir katta mojaro bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Moliyachi Jyeffri Epshteyn ishi bo‘yicha hujjatlarda valiahd malika 2011–2014 yillarda (bu vaqtda u voyaga yetmaganlarni fohishalikka jalb etish bilan shug‘ullanganini tan olgandi) Epshteyn bilan yozishmalar olib borgani ma’lum bo‘ldi.

Malika Epshteynni «maftunkor», «ko‘ngilchan» va «haqiqiy qalb odami» deb atagan. U o‘z xatida uning ismini gugl qilib ko‘rganini aytadi va smaylik qo‘shgan holda «bu unchalik yaxshi ko‘rinmayapti» deydi – turgan gapki, u bu orqali unga qarshi jinsiy zo‘ravonlik va odam savdosi bo‘yicha ishlarni nazarda tutgan. Boshqa xabarida esa Mette-Marit uylanish uchun Skandinaviya ayollari eng to‘g‘ri tanlov bo‘lishini aytadi. Boshqa bir xatda Epshteyndan ona uchun 15 yoshli o‘g‘liga ekranga zastavka sifatida syorfing taxtasini ko‘tarib turgan ikki yalang‘och ayol aks etgan suratni taklif qilish qanchalik o‘rinli bo‘lishi haqida so‘ragan. 

Mette-Marit rasmiy bayonot berib, Epshteyn bilan muloqot qilish orqali xatoga yo‘l qo‘yganini tan olgan va buning uchun qattiq uyalishini qo‘shimcha qilgan.

Bu mojarolar valiahd malikaning salomatligi yomonlashishi fonida ro‘y berdi. U o‘pka fibrozidan aziyat chekadi – bu og‘ir xastalik bo‘lib, unda o‘pka chandiqlar bilan qoplanadi va asta-sekin o‘z funksiyalarini bajarishdan to‘xtaydi. 2025 yil dekabrida qirollik xonadoni 52 yoshli Mette-Marit tez orada o‘pka transplantatsiyasiga zarurat sezishini ma’lum qilgandi.

Norvegiyadagi eng yirik Aftenposten gazetasida Mette-Marit bu mojarolardan keyin qirolicha bo‘la olishi shubha ostiga olingan material e’lon qilindi. Norvegiya bosh vaziri Yunas Gar Styore esa «Epshteyn fayllarida tilga olingan norvegiyaliklardan izoh kutishi»ni bildirdi.

3 fevral kuni Norvegiya parlamenti monarxiyani bekor qilish va respublika tizimiga o‘tish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi. 169 deputatdan 141 nafari milliy birlik ramzi sifatida monarxiya institutini saqlab qolishni yoqlab ovoz bergan. Verdens Gang gazetasi buyurtmasi bilan o‘tkazilgan va parlamentdagi ovoz berish jarayoni arafasida e’lon qilingan ijtimoiy so‘rovnomaga ko‘ra, norvegiyaliklarning 61 foizi monarxiya saqlanib qolishi tarafdori hisoblanadi. Bir yil oldin esa xuddi shu kabi so‘rovnoma fuqarolarning 72 foizi monarxiya institutini yoqlashini ko‘rsatgandi, 2017 yilda esa bu ko‘rsatkich – 81 foizga teng bo‘lgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid