Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Erondagi urush sabab yonilg‘i narxlari o‘sib borayotgani munosabati bilan Vashington tomonidan e’lon qilingan Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni yumshatish qarorini keskin tanqid qildi. U 13 mart, juma kuni Parijda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvdan so‘ng shunday dedi: “Bu har qanday holatda ham Rossiya pozitsiyalarining mustahkamlanishiga olib keladi. Bu, albatta, tinchlikka xizmat qilmaydi”.
Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, Vashingtonning kemalarga allaqachon yuklangan Rossiya nefti va neft mahsulotlarini sotishga vaqtincha ruxsat bergan qarori Moskvaga qo‘shimcha 10 milliard dollar keltiradi. Uning fikricha, tajovuzkor urush olib borayotgan Rossiya bu mablag‘ga qo‘shimcha qurol-yarog‘ sotib olishi mumkin.
O‘z navbatida, Emmanuel Makron AQSh qarorini nisbatan bosiq tanqid qildi va uni avval Vashington joriy etgan sanksiyalarni shubha ostiga qo‘ymaydigan “vaqtinchalik istisno” deb atadi. Makronning aytishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida u bu masalada o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmagan.
Shuningdek, Fransiya prezidenti hozirda Parij raislik qilayotgan davlatlarning umumiy pozitsiyasiga tayandi. Bu pozitsiyaga ko‘ra, “neft narxlarining o‘sishi hech qanday holatda sanksiya siyosatining o‘zgarishiga olib kelmasligi kerak”.
Emmanuel Makron yana shunday dedi: “Vaziyat ularni (sanksiyalarni — tahr.) bekor qilishni oqlamaydi”.
O‘sha kuni avvalroq Germaniya kansleri Fridrix Mers va Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore ham AQShning Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni yumshatish qarorini keskin tanqid qilgan edi. Mers Norvegiyaning Annyoyya orolidagi muzokaralar chog‘ida shunday dedi: “Men juda aniq aytmoqchiman: sanksiyalarni hozir, qanday sabab bo‘lishidan qat’i nazar, yumshatishni biz noto‘g‘ri deb hisoblaymiz”.
Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, bir kun avval G7 mamlakatlari yetakchilarining, jumladan AQSh prezidenti ishtirokida videokonferensiyasi bo‘lib o‘tgan.
“G7'ning olti a’zosi bu noto‘g‘ri signal ekanini juda aniq bildirdi”, — dedi Germaniya hukumati rahbari.
Fridrix Mers ta’kidlashicha, Vashingtonning Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish qarori haqida u faqat 13 mart kuni ertalab xabardor bo‘lgan. Shu munosabat bilan u AQSh ma’muriyati aynan qanday sabablardan kelib chiqqanini tushunib olishni istashini aytdi.
















