Jahon | 11:23
647
4 daqiqa o‘qiladi

Mers: Oslo bilan sheriklik “nihoyatda yaxshi” rivojlanmoqda

Germaniya kansleri Fridrix Mers Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore bilan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik “nihoyatda yaxshi” rivojlanayotganini aytdi. 13 mart kuni siyosatchilar NATO mashqlarini birgalikda kuzatadi.

Foto: REUTERS

Germaniya va Norvegiya o‘rtasidagi strategik sheriklik “nihoyatda yaxshi” rivojlanmoqda va “kelajak uchun salohiyat”ga ega, dedi Germaniya kansleri Fridrix Mers 12 mart, payshanba kuni Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore bilan Annyoya orolida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda. U yerda 1962 yildan buyon shu nomdagi raketa markazi faoliyat yuritib kelmoqda.

O‘n yillar davomida bu majmuadan 700 dan ortiq ilmiy raketa va aerostatlar uchirilgan bo‘lib, siyosatchilar 13 mart kuni ushbu obektga tashrif buyuradi. Bir necha kundan so‘ng u yerda sun’iy yo‘ldoshlarni Yerning past orbitasiga olib chiqishga mo‘ljallangan Germaniyaning Spectrum orbital raketaci sinovlari rejalashtirilgan.

Shuningdek, 13 mart kuni Mers va Styore Bardufoss harbiy bazasiga yo‘l oladi. U yerda ular Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius va Kanada bosh vaziri Mark Karni bilan birga 9–19 mart kunlari Norvegiyada o‘tayotgan NATOning Cold Response (“Sovuq javob”) harbiy mashqlarini kuzatadi. Mashqlarda alyansning 14 mamlakatiga mansub 25 mingdan ortiq harbiy, jumladan Bundesverning 1,6 ming askari ishtirok etmoqda.

Dpa agentligining yozishicha, ikki mamlakat vakillari Karni bilan birga Kanadaning Germaniya-Norvegiya suvosti kemalari ishlab chiqarish loyihasida ishtirokini ham muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Bu loyiha Thyssenkrupp tarkibiga kiruvchi Germaniyaning TKMS mudofaa korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan. Reuters qayd etishicha, gap Kanada bilan qo‘shma ishlab chiqarish haqida emas, balki Ottavani suvosti kemalarini Janubiy Koreyadan emas, Yevropadan sotib olishga ko‘ndirishga urinish haqida bormoqda.

Mers va Styore muzokaralarining yana bir mavzusi energiya ta’minoti bo‘ladi. Bu masala AQSh va Isroilning Eron bilan urushi ortidan neft va gaz narxlari oshgani sababli yanada keskinlashgan. Germaniyaga import qilinadigan gazning 48 foizi va neftning 9 foizi Norvegiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

2025 yil iyulida, Styore bilan Berlinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Germaniya kansleri ikki mamlakat kelajakda xavfsizlik va qurol-yarog‘ sohasida yanada yaqinroq hamkorlik qilish niyatida ekanini bildirgan edi. “Zamonaviy suvosti kemalarini xarid qilish, ulardan foydalanish, o‘qitish va texnik xizmat ko‘rsatish sohasidagi hamkorligimiz yangi standartlarni o‘rnatmoqda”, — deb ta’kidlagan edi Mers. O‘z navbatida, Styore energetik sheriklikni kengaytirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini izlash zarurligini aytgan.

“Strategik texnologiyalar” sohasida Berlin va Oslo “birgalikda jahon yetakchilariga aylanish” niyatida, dedi Mers. “Norvegiya, masalan, Yevropaning kosmosga mustaqil chiqish imkoniyatini ta’minlashda hal qiluvchi hissa qo‘shmoqda”, — dedi o‘shanda federal kansler va Norvegiyani “kosmosga ochiladigan darvoza” deb atadi.

https://www.dw.com/ru/kancler-frg-merc-strategiceskoe-partnerstvo-s-norvegiej-razvivaetsa-crezvycajno-horoso/a-76340935

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid