Jamiyat | 20:20 / 07.06.2022
24090
5 daqiqa o‘qiladi

“Mirbozor”dagi yong‘in zarari dastlab yashirildi: ma’muriyat tadbirkorlar o‘zini tiklab olguncha yordam bermoqchi

5 iyun kuni kechqurun Narpay tumanidagi “Mirbozor bozori” MChJ hududidagi savdo do‘konlari yongani xabar qilindi. Aniq holat dastlab rasmiylar tomonidan yashirildi.

Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, jabrlanganlar va mas’ullardan izoh oldi.

Xususan, Samarqand viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Narpayda jami uchta oziq-ovqat do‘konining taxminan 70 kv.m maydoni, oziq-ovqat mahsulotlari yonganini ma’lum qildi. Aslida bu noto‘g‘ri raqam ekanligi tarqalgan videolardayoq aks etib turgandi.

Do‘konlar bir qator bo‘lib yonganiga guvoh bo‘ldik. FVB aytganidek uchta emas, yigirmadan ortiq do‘konlar butunlay yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Jabrlanganlarning aytishicha, ular asosan ulgurji savdo bilan shug‘ullangan va do‘konlarda oziq-ovqat mahsulotlari bo‘lgan.

Gulhayo Mahmudovaning aytishicha, ular oilaviy bo‘lib savdo qilib kelgan. Bozor ma’muriyati bilan ijara-shartnoma asosida faoliyat olib borgan. Ularning taxminiy hisob-kitobiga ko‘ra, yetti yuz million so‘m zarar ko‘rgan. Yonmay qolgan mahsulotlar ham iste’molga butunlay yaroqsiz ekanini aytmoqda u.

Ravshan Hojiakbarov taxminan kechki 20.30 larda bozorda yong‘in chiqqanidan xabardor bo‘lganini aytmoqda. Savdogarlar mahsulot zararlanmasligi uchun harakat qilgan, biroq do‘konga yaqinlashishning imkoni bo‘lmagan. Qisqa fursatlarda bir nechta do‘konlarga olov o‘tib ketgani aytilmoqda. Ravshan tungi 2.30 larda uyiga ketgan.

Zuhra Boltayevaning aytishicha, oilaning topgani shu ish uchun tikilgan va ularning qo‘lida naqd pul ko‘rinishida mablag‘ yo‘q. Shu sababli agar ularga bu mushkul vaziyatdan chiqib ketishlari uchun qandaydir imtiyoz berilmasa, og‘ir holatga tushib qolishlari mumkinligini ma’lum qildi.

Vaziyat bo‘yicha “Mirbozor bozori” MChJ raisi Mirzohid Yo‘ldoshevdan izoh oldik. U yong‘in oqibatida 21 ta do‘kon yonganini bildirdi. Jabrlangan tadbirkorlarga bozorning boshqa hududidan joy berilishi va to ular o‘zlarini tiklab olgunga qadar qo‘llab-quvvatlanishini ma’lum qildi. Xususan, ijara shartnomalari bugundan to‘xtatilib, savdogarlardan ijara haqi olinmaydi. Bundan tashqari, Yo‘ldoshev tadbirkorlarning soliq to‘lovlariga ham bozor ma’muriyati ko‘mak berishini aytib o‘tdi.

“Bozorkom”ning qo‘shimcha qilishicha, aslida yong‘in oqibatida zararlangan do‘konlar “Zirabuloq” magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli “qizil hudud”da joylashgan. Ushbu hudud hayot uchun xavfli bo‘lib, yuqori bosim tufayli har xil tabiiy ofatlar kelib chiqishi ham mumkinligi ma’lum qilingan. Vaziyat bo‘yicha tadbirkorlar “Zirabuloq” magistral gaz quvurlari boshqarmasi tomonidan ogohlantirilgan.

Darhaqiqat, bizga tadbirkorlarga jo‘natilgan ogohlantirish xatlari ham taqdim etildi. Biroq yillar davomida faoliyat olib borgan tadbirkorlarning do‘konlari nega shu vaqtga qadar buzilmagan va haqiqatda bu hudud qanchalik xavfli?

Hududning xavflilik darajasi bo‘yicha “Zirabuloq” magistral gaz quvurlari boshqarmasi yuristi Umidjon Bekboyev bizga ma’lumot berdi. Uning aytishicha, do‘konlar o‘rni “qizil nuqta” hisoblanadi. Bekboyev do‘konlarni ko‘chirish maqsadida sudga ham murojaat qilinganini bildirdi. Ayrim do‘kon egalarining mulkiga oid qaror va kadastr hujjatlari ham mavjudligi e’tirof etildi. Boshqarma ushbu holat bo‘yicha Narpay tuman hokimining bir qator qarorlariga protest kiritishni so‘rab, tuman prokuraturasiga murojaat qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil fevral oyida ushbu hududga yaqin joyda “Zirabuloq” magistral gaz quvurlari yorilishi oqibatida katta portlash kelib chiqqan.

Bozordagi yong‘in aynan nimadan chiqqani bo‘yicha hozircha yakuniy xulosaga kelinmagan. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish ishlari olib borilmoqda.

Yong‘in oqibatida jabr ko‘rgan tadbirkorlar bilan suhbatlasha turib, ularga ayni vaqtda moddiy-ma’naviy ko‘mak zarurligini sezdik. Ularning deyarli har biri katta mablag‘ga kuyib qolmoqda. Hozircha bozor ma’muriyatidan dastlabki yaxshi xabar berildi. Tadbirkorlar o‘zini tiklab olishlari uchun mas’ullar zarur chora-tadbirlarni ko‘rishlariga umid bildiramiz.

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid