Jamiyat | 13:51 / 26.03.2026
1708
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda AQShga viza olib berish va’dasi bilan 75 ming dollar olgan shaxs ushlandi

Toshkentda AQShga viza olib berishni va’da qilib, 75 ming dollar olgan shaxs ushlandi. Yana bir holatda esa Navoiy viloyatida Bolgariyaga ishga jo‘natish evaziga 3 ming dollar so‘ralgan.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Toshkent shahrida fuqaroga AQShga borish uchun «biznes viza» rasmiylashtirib berishni va’da qilib, 75 ming dollar olgan shaxs ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Departamentning Sergeli tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Sh. A. go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaro M.O.ga AQShga borishi uchun viza olib berish evaziga pul olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, yana bir holatda departamentning Navoiy viloyati Xatirchi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «T.L.» MChJ rahbari F.Sh. fuqaro J.B.ni Bolgariyaga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilib, firibgarlik yo‘li bilan 3 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (Pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid