Kanalizatsiyasiz hayot: har uyga bittadan oqova chuqur muammoning yechimi emas
Ichimlik suvi muammosini o‘rganish uchun Qashqadaryoning Nishon tumaniga borganimizda ikki qavatli uylarda yashovchi fuqarolar kanalizatsiya tarmoqlari yo‘qligini ham qayta-qayta takrorlab, yoritishimizni so‘rashdi.
Yuqoridagi suratda ko‘rib turganingiz — Nishondagi ikki qavatli uylarning oqava suvlari shundoqqina bino hovlisidagi hovuzga quyiladi. Uning to‘lib ketishi, yoz kunlarida badbo‘y hid ochiq derazalardan xonadonlarga mo‘ralashi odamlarni charchatgan.
Ayni muammo o‘z navbatida hojatxona muammosini ham yuzaga keltirgan.
Xullas, aholi antisanitariya holatidan uzoq yillardan buyon aziyat chekadi. Chunki yuzdan ziyod ikki qavatli uylar bo‘lgani holda Nishonda markazlashgan kanalizatsiya tizimining o‘zi yo‘q.
Aytishingiz mumkin, «xo‘sh, axir hozirgi vaqtda qaysi chekka tumanda markazlashgan kanalizatsiya tizimi bor?» deb. Hamma gap ham aslida ana shunda.
Nafaqat Nishon, balki Qashqadaryodagi qator tumanlarda kanalizatsiya muammosiga duch keldik. Shu yilning o‘zida Shahrisabz, Mirishkor tumanlari, Qarshi shahridan bir necha murojaatlar aynan kanalizatsiya masalasida bo‘ldi.
Aslida aksariyat tumanlarda ko‘p qavatli uylar kanalizatsiya tarmog‘i bilan birga qurilgan (harholda, kanalizatsiyasiz ko‘p qavatli uyni tasavvur qilish qiyin). Ammo o‘tgan asrning 60–70 yillarida bunyod etilgan bu uylarning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari allaqachon chirib, ishdan chiqqan. Oqibatda so‘nggi o‘n yillar davomida ko‘p qavatli uylar yashovchilari ayanchli muammo qarshisida qolib ketmoqda.
Endilikda bu kabi tumanlardagi ko‘p qavatli uylar atrof manzarasi hojatxonalar bilan ko‘z oldimizda namoyon bo‘lmoqda. Bundan ham yomoni, ayrim hududlarda ana shu hojatxonalarning ham yetishmovchiligi yana bir muammo. Yuqorida aytilgan Nishon tumanida ham xuddi shu holat hali ham mavjud.
O‘tgan yili viloyatning Shahrisabz tumani Miraki mahallasidagi ikki qavatli uylarda yashovchi fuqarolardan kelgan murojaatga e'tibor bering: «Mahallamizga umumiy hammom qurishmoqchi, iltimos, oldini olishga yordam bering...»
Ma'lum bo‘lishicha, aholining hammom qurilishiga qarshiligi ham kanalizatsiya bilan bog‘liq ekan.
«Kanalizatsiya tizimi ishlamayotgan bo‘lsa, hammomning oqova suvlari qayerga chiqariladi? Yana bitta oqovali hovuz quriladimi?» deya savol qo‘ygan shahrisabzliklar. Chunki 40ga yaqin uyda yashovchilar shusiz ham kanalizatsiya oqovalaridan bezor bo‘lgan.
Ana endi kanalizatsiya hovuzlari masalasida. Qanchalik xunuk va sanitariya qoidalariga zid bo‘lmasin, bizda markazlashgan kanalizatsiya tarmoqlari o‘rniga uylar oldida kichik-kichik oqova hovuzlari qurish urfga aylanib bormoqda. Xususan, yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylar deysizmi, minglab qurilayotgan namunaviy loyihadagi hovlilar deysizmi, barchasida bittadan oqova suv hovuzchasi.
Joriy yil Shahrisabz tumani Ravot mahallasida bo‘lganimizda aholi ayanchli manzaradan shikoyat qilgandi. Yangi, namunaviy uylarning har birida yuqorida aytganimizdek oqova hovuzchasi bor. Albatta, bu hovuzlarning usti yopilib, qopqoq qo‘yilgan. Ammo bir yarim-ikki metr chuqurlikdagi quduq tezda to‘lib qolib, badbo‘y hiddan hovlida turib bo‘lmaydi.
Qarshi shahridagi tizimga oid murojaatlarning esa barchasi quvurlari yorilib, yerto‘laning to‘lib qolishi borasida. Shaharlarda uchraydigan muammolarning barchasi yana tizimning eskirib ketganiga taqaladi.
Gap faqat Qashqadaryo viloyati haqida ham emas. Butun mamlakatda ayni vaqtda eng «uyatli» muammomiz ham xuddi shu masala bo‘lib qolmoqda. Yuqorida «kanalizatsiyasiz ham ko‘p qavatli uy bo‘ladimi?» degandik. Afsuski, markaziy tarmoqqa ulanmagan ko‘p qavatli uylar qurilib yotibdi.
Aytaylik, Buxoroning G‘ijduvon tumanida qurilgan 5 qavatli yoshlar uyi yashovchilari mana bir yildirki kanalizatsiya muammosidan aziyat chekishadi. Bu uyning «markazlashgan kanalizatsiya tarmog‘i» — bino yonidagi oqova hovuzi. Kun o‘tgan sayin oqovali hovuzlar soni ham oshib boryapti...
Mutaxassislarga ko‘ra, kanalizatsiya tarmog‘i bunyod etish ichimlik suv tarmog‘i yaratishdan ko‘ra ancha murakkab va qimmat. Afsuski, baribir usiz me'yoriy sanitar holat ham bo‘lmaydi, farovonlikni belgilovchi jihatlardan biri ham shu. Qanchalik qimmat, qanchalik murakkab bo‘lmasin, yillar davomida to‘planib qolgan bu og‘ir muammodan xalqni xalos etish vaqti allaqachon kelgan.
Ayni vaqtdagi holatni bilish uchun respublika miqyosidagi raqamlarga murojaat qilishning o‘zi kifoya. O‘tgan yilgi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizdagi shaharlarning 57 foizi (79ta shahar)da kanalizatsiya tarmoqlari bor. Ularning ham 23 foizi ta'mirga muhtoj bo‘lib qolgan.
2019 yil 5 sentyabrda prezident ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur soha tanqid ostiga olingandi. Prezident tomonidan shu kabi muammolarni hal etish uchun sohada olib borilayotgan ishlarni keskin jadallashtirish lozimligini ta'kidlangandi.
Yig‘ilishda aytilganidek, mamlakatimizda 2030 yilgacha suv ta'minotini shaharlarda 98, qishloqlarda 85 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Kanalizatsiya tarmoqlari esa keyingi o‘n yillikda 31 foizga yetkazish belgilangan. Buning uchun endi 4,5 milliard dollar mablag‘ kerak bo‘ladi.
Tabiiyki, kanalizatsiya tarmoqlarini yaxshilash uchun ham avvalo suv ta'minoti kerak. Biz yuqorida aytgan hududlarda ichimlik suvining o‘zi katta bir muammo. Shu sababdan birgina Qashqadaryoning G‘uzor va Qamashi tumanlarida ichimlik suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun (bu viloyatda ichimlik suv ta'minoti 54 foiz) bu yil 92,5 milliard so‘mlik ish bajarilishi ko‘zda tutilgan.
Umuman, o‘tgan yilning o‘zida respublika bo‘yicha bu kabi ishlarga 400 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu – bir yilda oldingi o‘n yillikdagidan ikki baravarga ko‘p.
Shuningdek, sohadagi muammolarni yaxshilash uchun turli xalqaro moliya institutlari mablag‘lari ham jalb etilgani haqda bot-bot xabarlar e'lon qilinmoqda.
Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, soha shunchalik abgor holatga kelib qolganki, ana endi tizimdagi loyihalar uchun ulkan mablag‘ ajratmasdan boshqa iloj ham yo‘q.
Endilikda yana bir eng asosiy masalalardan biri — loyihalar ijrosi va nazoratida. Qator loyihalarning sifatsiz bajarilishi, nazorat sustligi natijasini allaqachon ko‘rdik. Aynan suv tarmoqlari bilan bog‘liq loyihalar ijrosida ham qator kamchiliklar ko‘zga tashlanyaptiki, bu allaqachon tanqid ostiga olinmoqda.
Jumladan, joriy yil 12 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan davlat rahbarining 2018 yil 30 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorining ijrosi holatini Farg‘ona, Qashqadaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda bu masala tilga olingandi.
Yig‘ilishda Senat a'zolari tomonidan har to‘rtala viloyatda ham loyihalarni amalga oshirishda kamchiliklar yo‘l qo‘yilayotgani, ularni yakunlash ham kechiktirilayotgani tanqid qilindi. Demak, xalqimizning eng dolzarb muammosini yechishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani bor gap va bu ko‘z yumiladigan narsa ham emas.
Yana bir mulohaza.
Modomiki, markazlashgan kanalizatsiya tarmoqlari juda murakkab va qimmat ekan, zamonaviy va noan'anaviy boshqa turdagi loyihalarni ham o‘rganish va sinab ko‘rish kerak, bizningcha.
Misol uchun, markaziy tarmoqdan uzoqda, ammo anchagina aholi yashaydigan hududlar uchun lokal kanalizatsiya tarmoqlarini qurib, ma'lum bir hududga nasos bilan haydalgan suvlarni maxsus inshootda tozalash mumkin. Bu loyiha haqda bundan bir yil oldin Uy-joy kommunal xizmatlari vazirligi mas'ullari ham ma'lum qilishgan edi. Fikrimizcha, mana shunday yondashuvlar ham chekka hududlardagi kanalizatsiya muammolarini bartaraf etishda qo‘l kelishi mumkin.
So‘nggi masala.
Nishon va yana bir qator tumanlarda yerosti sizot suvlarining yil sayin ko‘tarilishi aholi uchun ham qishloq xo‘jaligi uchun ham zarar keltirmoqda. Afsuski, bu suvni na iste'mol qilish va na qishloq xo‘jaligida ishlatish mumkin. Bu suvni pasaytirishning o‘zi bir muammo. Shunday ekan, ehtimol mutaxassislar kanalizatsiya uchun mana shu suvdan foydalanishning yo‘llari haqda o‘ylab ko‘rishar.
Uylarga ham ichimlik suvi, ham texnik suv yetkazish ortiqcha xarajat ekani bor gap. Ammo bu ish faqat eng suv tanqis bo‘lgan va sizot suvlardan aziyat chekayotgan hududlarda qo‘llansa bir yo‘la ikki muammoning oldi olingan bo‘lardi. Albatta, bu ham bir taklif.
Xullas, jahon mamlakatlarida nimaiki tajriba bo‘lsa, mutaxassislarda qanday taklif bo‘lsa, barchasini o‘rganish, loyihalar ijrosini nazorat qilish, nimaiki qilish mumkin bo‘lsa, hammasini qilish kerak. Toki xalqimiz har bir uyga bittadan oqova hovuzi bilan qolib ketmasin.
Anvar Mustafoqulov,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
10:27
Toshkentda eng arzon uy-joy ijarasi qaysi tumanlarda ekani aytildi
12:10 / 13.11.2024
O‘zbekiston uy-joy bozorida faollik darajasi pasaydi
13:32 / 06.11.2024
Toshkentda oktyabrda uy-joylar uchun ijara narxi oshishi sekinlashdi
17:03 / 29.10.2024