O‘zbekiston | 17:06 / 07.07.2025
33487
7 daqiqa o‘qiladi

Rektor, bosh hisobchi va boshqalar: Andijon davlat universitetining bir guruh mansabdorlari qamaldi

Universitetda 25 yildan buyon bosh hisobchi lavozimida ishlab kelgan shaxs, rektor va yana 11 kishi jinoiy reja tuzib, jami 53,6 mlrd so‘m davlat budjeti mablag‘larini talon-toroj qilgan. Ular turli yo‘llar bilan stipendiya, kontrakt, rag‘batlantirish, yotoqxona pullari va boshqa mablag‘larni o‘zlashtirishgan. Buning uchun hatto talabalarning imzosi, boshqa hujjatlar qalbakilashtirilgan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Andijon davlat universitetining bir guruh mansabdorlari jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Ushbu jinoyat ishi doirasida 13 kishi ayblangan. Ular orasida 1998 yildan beri Andijon davlat universitetida bosh hisobchi lavozimida ishlab kelgan Alimjon Mahmudov, sobiq rektor Akrom Yo‘ldoshev, hisobchilar, bosh auditor, o‘qituvchi va boshqalar bor.

Sud hukmida keltirilishicha, ushbu 13 kishi birgalikda jinoiy faoliyat olib borish uchun uyushgan guruh tuzib, vazifalarni o‘zaro taqsimlab olishgan.

Uyushgan guruh quyidagi holatlarda budjet mablag‘larini talon-toroj qilishgan:

  • 2019-2023 yillar davomida 8 ta holatda stipendiya oluvchi talabalar sonini sun’iy ravishda oshirib, stipendiya naqd pul ko‘rinishida to‘lab berilgani haqida talabalar imzosini qalbakilashtirish orqali aslida bu pullarni ularga tarqatmasdan 32 mlrd 94 mln so‘m;
  • 2021-2023 yillar davomida rag‘batlantiriluvchi talabalar sonini sun’iy ravishda oshirib, talabalarning imzolarini qalbakilashtirish orqali takroran soxta to‘lov varaqalari tuzishib, berilgan pullarni kontrakt hisob raqamiga topshirib qo‘ygan holda 2 mlrd 697 mln so‘m;
  • 2019-2023 yillar davomida naqd pul ko‘rinishida qabul qilib olingan 14 mlrd 408 mln so‘m to‘lov-kontrakt puli. Uyushgan guruh talabalarning UzASBO dasturiy majmuasida shakllantirilgan tarixiga go‘yoki ushbu to‘lov-kontrakt pullari to‘langanligi to‘g‘risida soxta ma’lumotlarni kiritib qo‘ygan;
  • 2019-2023 yillar davomida talabalar turar joy ijarasi uchun to‘lagan, qalbaki hujjatlar bilan universitetga kirim qilingani ko‘rsatilgan, aslida kirim qilinmagan 2 mlrd 663 mln so‘m;
  • Davlat xaridlari bilan bog‘liq 545 mln so‘m.

Alimjon Mahmudov 7 ta turli rusumdagi mashinalarni yaqin qarindoshlari nomiga rasmiylashtirib, jinoiy faoliyatidan olingan daromadlarni mulkka aylantirish yo‘li bilan legallashtirgan. Mashinalar orasida 2023 yilda o‘g‘lining nomiga rasmiylashtirgan 2 mlrd 64 mln so‘mlik BMW X7 mashinasi ham bor. Shuningdek, u 2023 yil oktyabr oyida jinoiy faoliyati natijasida qo‘lga kiritgan 6 mlrd 621 mln so‘m pul mablag‘ini o‘g‘lining tanishi bo‘lgan shaxsning bank plastik kartasiga o‘tkazib, go‘yoki uning nomidan omonatga qo‘ygan.

Bundan tashqari, sud hujjatida bosh hisobchi va rektor xodimlarning ustama, rag‘batlantirish pullarini ham qalbaki hujjatlar orqali o‘zlashtirishgani keltirilgan.

Alimjon Mahmudov sud majlisida aybiga qisman iqrorlik bildirgan.

Universitet rektori lavozimida ishlagan Akrom Yo‘ldoshev esa aybiga iqrorlik bildirmagan. U yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarda o‘zining xatosi borligini tan olgan, lekin uyushgan guruh tuzishib, hujjatlarni soxtalashtirgan holda budjet smetasi qoidalarini buzganlikda qo‘yilgan ayblovlarga e’tirozi borligini ma’lum qilgan.

“Biologiya yo‘nalishi bo‘yicha pedagogman. O‘zi rahbar bo‘lib ishlagan davrda buxgalteriya sohasini yaxshi tushunmaganim sababli universitetning moliyaviy iqtisodiy yo‘nalishlarini nazorat qila olmadim. Asosan ta’limni rivojlantirish, yoshlar ishlari bo‘yicha ishlab, mahalliy xokimiyat topshiriqlarini bajarib keldim. O‘zim iqtisodchi bo‘lmaganim uchun bosh hisobchi Alijon Mahmudovga ishongandim.

O‘zlashtirish va rastrata qilingan mablag‘lardan umuman manfaatdor bo‘lmaganman. Universitetda moliyaviy ishlar bo‘yicha prorektor, ichki audit, moliya reja bo‘limlari faoliyat yuritib kelgan. Ularning ham ishlarini nazorat qila olmaganman. Juda ko‘p miqdordagi pullarning o‘zlashtirib yuborilganida o‘zimning xatom qo‘l ostimdagi xodimlarning ishlarini nazorat qila olmaganim, deb bilaman”, degan sobiq rektor o‘z ko‘rsatmasida.

Shuningdek, Akrom Yo‘ldoshev tergov davrida o‘z imkoniyatidan kelib chiqib, 1 mlrd so‘mdan ortiqroq zararni qoplaganini, 2019-2023 yillar davomida talabalarning UzASBO dasturida kontrakt pullari to‘langani to‘g‘risida soxta ma’lumotlar kiritilib, 14 mlrd 408 mln so‘m kontrakt pullari o‘zlashtirib yuborilganidan xabari bo‘lmaganini bildirgan.

12 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topilgan hamda turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan.

Xususan, bosh hisobchi lavozimida ishlagan Alimjon Mahmudovga 3 yil davlat organi va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 6,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek, BHMning 310 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Sobiq rektor Akrom Yo‘ldoshevga esa 3 yil davlat organi va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 6 yil ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek, BHMning 310 baravari miqdorida jarima jazosi berilgan.

Universitetda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan A’zam Hamroqulov ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi va BHMning 300 baravari miqdoridagi jarima jazosiga tortilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha Andijon davlat universitetiga yetkazilgan 53 mlrd 698 mln so‘m zararni qoplash uchun DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi depozit hisob raqamiga Alimjon Mahmudov (bosh hisobchi) 31 mlrd 78 mln so‘m, Iskandar Isroilov (hisobchi) 5 mlrd 175 mln so‘m, Akrom Yo‘ldoshev (rektor) 1 mlrd 168 mln so‘m, Nodir Ro‘ziboyev (ADPI ishlar boshqarmasi boshlig‘i) 500 mln so‘m, Dilshod Abdimo‘minov (bosh auditor) 442 mln so‘m, Lutfullo Soliyev (moliya-reja bo‘lim boshlig‘i) 145 mln so‘m, Shuhrat Mamajonov (g‘aznachi) 120 mln so‘m topshirgan.

Bundan tashqari, xatlangan 7 ta mashina, bitta mehmonxona, 3 ta uy, tilla taqinchoqlar sotilib, sotuvdan tushgan pullar ham zararni qoplashga qaratilishi belgilangan.

Mavzuga oid