O‘zbekiston | 01:18 / 05.02.2019
8183
3 daqiqa o‘qiladi

Energiya resurslarini tejash va energiya samaradorligi darajasini oshirish - Energetika vazirligining asosiy vazifalari belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolangani va yangi vazirlik rahbari etib bosh vazir o‘rinbosari — Geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi rahbari Alisher Sultonov tayinlanishi kutilayotgani haqida xabar bergan edik.

Prezident farmonida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi asosiy vazifalari belgilab berilgan. Ular quyidagilardan iborat:

  • O‘zbekiston Respublikasining energetika xavfsizligini ta'minlash, iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat aholisini yoqilg‘i-energetika resurslari bilan barqaror ta'minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng targ‘ib qilish va rivojlantirishga qaratilgan yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • elektr va issiqlik energiyasi, ko‘mirni ishlab chiqarish, yetkazib berish, taqsimlash va iste'mol qilish, shuningdek, neft, gaz va ularni qayta ishlashdan olinadigan mahsulotlarni qazib olish, qayta ishlash, tashish, taqsimlash, sotish va ulardan foydalanishning davlat tomonidan tartibga solinishini amalga oshirish;
  • respublikaning energetika sohasida yagona normativ-huquqiy va texnik tartibga solishni amalga oshirish;
  • yoqilg‘i-energetika kompleksini strategik rejalashtirish va rivojlantirishning muvozanatli tizimini yaratish va rivojlantirish, energiya resurslari ishlab chiqarishni oshirish va diversifikatsiya qilish, barcha turdagi energiya resurslarini ishlab chiqarish, yetkazib berish va iste'mol qilishning qisqa, o‘rta va uzoq muddatli uzviy bog‘liq prognozlarini, shuningdek, energetika tarmog‘ini kompleks rivojlantirish maqsadli dasturlarini ishlab chiqish;
  • davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, energiya resurslari bozorida qulay raqobat va ishbilarmonlik muhitini shakllantirishni rag‘batlantiruvchi tarif siyosatini takomillashtirish hisobiga yoqilg‘i-energetika tarmog‘ining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish;
  • yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida investitsiya loyihalari amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, energiya resurslarini qazib olish va ishlab chiqarish jarayonlariga xususiy kapitalni faol jalb qilish, xalqaro moliya institutlari, donor mamlakatlar, kompaniyalar, banklar va boshqa tuzilmalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
  • energetika sohasiga korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini hamda boshqaruv, hisobga olish va nazoratning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etishda ko‘maklashish, shu asosda energetika sohasida boshqaruv samaradorligini oshirish va ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, energetika tarmog‘i tashkilotlari moliya-xo‘jalik faoliyatining shaffofligini ta'minlash;
  • neft-gaz va elektr energetika tarmog‘i tashkilotlarining ishlab chiqarish jarayonlariga innovatsion texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish, energiya resurslarini tejash va energiya samaradorligi darajasini oshirish;
  • energetika sohasida muhandis-texnik va boshqaruv kadrlarini tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil qilish.
Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов

Mavzuga oid