O‘zbekiston | 11:30 / 17.04.2019
24895
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar, Buxoro, Qashqadaryo va Namangan viloyatlari hokimliklariga bepul berilayotgan ko‘chmas mulklar ma'lum bo‘ldi

Foto: Fotolia

Vazirlar Mahkamasining “Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 2009 yil 15 iyuldagi 200-son qaroriga muvofiq hamda fuqarolarning ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan, kam ta'minlangan toifalarini aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan uy-joy bilan ta'minlash maqsadida hukumat farmoyishi qabul qilindi.

Qayd etilishicha:

2013-2018 yillarda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati, Toshkent va Buxoro shahar, Muborak, Mirobod va Chust tumani sudlari hamda Termiz harbiy sudining hukmi bilan jami qiymati 3,5 mlrd so‘mlik 15 ta ko‘chmas mulk davlat daromadiga o‘tkazilgan;

Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 15 iyuldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 18-bandiga muvofiq davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulk sotilguniga qadar Vazirlar Mahkamasining qarori bo‘yicha davlat organlarining moddiy-texnika bazasini takomillashtirish uchun, istisno tariqasida, ularga tekin berilishi mumkin.

Toshkent shahar, Buxoro, Qashqadaryo va Namangan viloyatlari hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining muvofiq ro‘yxat bo‘yicha jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning hukmlariga binoan davlat daromadiga o‘tkazilgan ko‘chmas mulkni operativ boshqarish huquqi asosida Toshkent shahar, Buxoro, Qashqadaryo va Namangan viloyatlari hokimliklariga bepul berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Toshkent shahar, Buxoro, Qashqadaryo va Namangan viloyatlari hokimliklari ikki hafta muddatda ko‘chmas mulklarning:

aniq maqsadli kommunal uy-joy fondiga qabul qilinishini;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda fuqarolarning ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan, kam ta'minlangan toifalariga uy-joylarning xususiylashtirish huquqisiz, ijara shartlari asosida foydalanish uchun berilishini;

tegishli darajada saqlanishi va ulardan samarali foydalanilishini ta'minlaydi.

Belgilanishicha, hukmlar bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan, ushbu farmoyishda ko‘rsatilgan ko‘chmas mulklarning bir qismini yoki hammasini xatlovdan (ro‘yxatdan) chiqarish, ularni naturada qaytarish yoxud ularning qiymatini qoplash to‘g‘risida sud qarori qabul qilingan taqdirda, Toshkent shahar, Buxoro, Qashqadaryo va Namangan viloyatlari xokimliklari ko‘rsatib o‘tilgan ko‘chmas mulklarni sudning tegishli hujjatida ko‘rsatilgan shaxsga belgilangan tartibda qaytaradi yeki ularning qiymatini tegishli hokimlikning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan to‘lab beradi.

Mavzuga oid