O‘zbekiston | 21:50 / 04.04.2025
5382
6 daqiqa o‘qiladi

4 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikdagi yangi bosqich, mintaqaviy loyihalarga chorlanayotgan Afg‘oniston, Qo‘qonda is gazining qurbonlari va tasvirga olish uchun rozilik masalasi — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

YeI bilan hamkorlikdagi yangi bosqich

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda o‘tgan «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammitida Yevropa bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.

U strategik sheriklik to‘g‘risida bitim imzolashni, mintaqaviy sanoat parklari va «yashil» energetika bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni taklif qildi.

Mirziyoyev, shuningdek, Toshkentda investitsiya forumi va turizm sessiyasi o‘tkazish, Afg‘onistonda tinch taraqqiyotga ko‘maklashish va xavfsizlik bo‘yicha muloqotni kuchaytirishni muhim deb hisobladi.

Mirziyoyev xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi muhim masalalar bo‘yicha umumiy pozitsiyalarni ishlab chiqish uchun tashqi siyosat idoralari rahbarlari uchrashuvlarini doimiy o‘tkazib borish; parlamentlararo aloqalarni faollashtirish va «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» parlamentlararo hamkorlik forumini ta’sis etish hamda uning ilk tadbirini shu yil kuzda O‘zbekistonda o‘tkazish; yetakchi tahlil markazlari hamkorligini kengaytirishni taklif etdi.

Sammit yakunida strategik sheriklik va muhim minerallar bo‘yicha deklaratsiyalar qabul qilindi.

Mirziyoyev: «Afg‘oniston tahdidi yetarlicha baholanmayapti»

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» sammitida xalqaro hamjamiyat Afg‘onistondan kelayotgan xavf-xatarlarga yetarlicha baho bermayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra terrorizm, radikalizm va narkotrafik kabi tahdidlarga qarshi kurashda Yevropa hamkorligi muhim.

Mirziyoyev Afg‘onistonni mintaqaviy loyihalarga, xususan, investitsiya va infratuzilma sohalariga faol jalb etish zarurligini ta’kidladi. Davlat rahbari xalqaro hamjamiyatni amaldagi afg‘on hukumati bilan konstruktiv muloqotga chaqirdi.

Shuningdek, «Markaziy Osiyo – YeI» formatida Sheriklik qo‘mitasini ta’sis etish va sammitda ilgari surilgan tashabbuslar bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni bir oy ichida tayyorlash taklif qilindi. Mirziyoyev Yevropa rahbarlarini Markaziy Osiyoning mas’uliyatli sherik ekaniga ishontirishga muvaffaq bo‘lganini qayd etdi.

«Muzokaralar Ukrainada tinchlikning yagona yo‘li»

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda o‘tkazilgan «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» sammitida Ukraina atrofidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha boshlangan muzokaralarni olqishladi. U xalqaro huquqqa sodiqlikni ta’kidlab, diplomatik harakatlardan boshqa yo‘lni ko‘rmayotganini bildirdi.

«Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi an’anaviy sheriklar bo‘lib, o‘zaro yaqin hamkorlik uchun talab faqat o‘sib bormoqda. Biz ham Yevropa tomoni kabi xalqaro huquqning tamoyil va me’yorlariga sodiqligimizni bildiramiz», — dedi Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari uchrashuv global beqarorlik, geosiyosiy ziddiyatlar va iqtisodiy tahdidlar davrida o‘tayotganini qayd etdi. U Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni mustahkamlash zarurligini, hech bir mintaqa bu kabi murakkab muammolarni yolg‘iz hal qila olmasligini bildirdi.

Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari Yevropa bilan an’anaviy sherik ekanini eslatib, o‘zaro yaqin aloqalarni yanada chuqurlashtirishga chaqirdi.

Qo‘qonda 4 kishi is gazidan vafot etdi

Qo‘qon shahridagi xonadonda is gazidan zaharlanish oqibatida bir oilaning to‘rt a’zosi vafot etdi. Hodisa 2 aprel kuni tongda Qaymoqli guzar mahallasida sodir bo‘ldi. Er-xotin va uch nafar voyaga yetmagan farzand bir xonada uxlayotgan bo‘lgan.

Uy egasi – 1991 yilda tug‘ilgan erkak shifoxonaga yotqizilgan. Uning turmush o‘rtog‘i hamda 7 va 1 yoshli o‘g‘illari, shuningdek, 6 yoshli qizi vafot etgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi hodisani tasdiqladi. Hozirda ishchi guruh tomonidan hodisa sabablari o‘rganilmoqda. Avvalroq shunga o‘xshash holat Qarshi shahrida ham qayd etilgan edi.

Tasvirga olish uchun rozilik masalasi

Adliya vazirligi inson tasviriga bo‘lgan huquqni himoya qilish maqsadida tasvirga olish va undan foydalanishga rozilik olishni majburiy qilish taklifini bildirmoqda.

Loyihaga ko‘ra, shaxsni tasvirga olish yoki tarqatish faqat uning roziligi bilan amalga oshirilishi kerak. Biroq jamoat joylarida, ommaviy tadbirlarda, huquqbuzarlik holatlarini yoritishda, davlat xizmatchilarining faoliyati bilan bog‘liq tasvirlarda rozilik talab etilmaydi.

Loyihaning qabul qilinishi so‘z va matbuot erkinligi kafolatlarini kuchaytiradi. Xususan, OAV vakillari qonuniy faoliyatini to‘sqinliksiz amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan barcha hollar va joylarda hech qanday roziliksiz kishilarni tasvirga olishi mumkinligi qat’iy belgilanmoqda.

Bu qadam so‘z erkinligiga emas, balki shaxsiy daxlsizlikni kafolatlashga qaratilgan. Loyiha jamoatchilik muhokamasidan o‘tdi va Oliy Majlisga kiritilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid