O‘zbekiston | 16:23 / 20.08.2022
17103
7 daqiqa o‘qiladi

Advokat: “Sudyalar noto‘g‘ri chiqargan uchta qaroridan keyin ishdan bo‘shatilishi kerak”

Hozir O‘zbekistonda sudyaning ishi ellik marta qaytmaydimi, u baribir besh yillik muddatini o‘tiradi. Toki pora bilan tushmay, o‘zi ariza bermay yoki ustidan juda jiddiy ayblov tushib, sudyalar oliy kengashi uni ishdan bo‘shatmaguncha. Bunday davom etar ekan, sud tizimida hech narsa o‘zgarmaydi. Bizda qonunlar qabul qilinyatpi, lekin uni ishlatish mehanizmi yo‘q. Nega, chunki sudya jazolanmaydi. Uni hech kim ayblamaydi, deydi advokat Jahongir Mutalipov.

Advokat Jahongir Mutalipov Kun.uz saytiga bergan intervyusida sud organlaridagi adolatsizliklarga sabab bo‘layotgan omillar haqida fikrlarini bildirdi.

“Bugun sud organlaridagi adolatsizliklarning bir nechta sabablari bor. Men o‘zim prokuratura tizimida ishlaganman. Prokuratura esa har kuni sud bilan ishlaydi. O‘sha paytda sud bilan prokuraturaning farqi – prokuratura ilm jihatidan doim suddan ustun turishi edi. Bu birinchi sabab.

Ikkinchidan, prokuratura tizimida prokurorlarni 5 yildan ikki muddatga tayinlash degan tartib yo‘q. Ishga kirdingmi, bo‘ldi, 60 yoshgacha xotirjam ishlaysan. Sudyalarda esa muddat besh yil. Ularda mana shu vaqtda qandaydir manfaatdorliklarga ega bo‘lib olay, degan fikr bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, sudya besh yildan keyin ikkinchi muddatga tayinlanishi uchun kimlarningdir tavsiyasini olishi kerak. U ana shu tavsiyani beruvchiga yoqishi kerak.

Uchinchidan, yana bir qiziq holat bor. Bu balki millatimiz ichidagi qusurdir. Ya’ni kimdir sudyani manfaatdor qilsa, u shu inson manfaatiga qaror chiqarib berishi holatini ko‘p ko‘ramiz. Lekin shunday ishlar ham borki, sudyani hech kim manfaatdor qilolmaydi. Ikki tomon ham oddiy inson bo‘lishi mumkin. Mana shunday holatlarda tomonlarga o‘z g‘azabini sochadigan sudyalar ham bor.

Shuning uchun ham ular adolat turgan joyda adolat qilmaydi. Chunki unga bundan ishda moddiy manfaat kelmayapti. Bu kabi holatlarga shaxsan o‘zim guvoh bo‘lib, bir nechta sudyalarni javobgar ham qilganman.

Sudyalar tomonidan advokatga bo‘ladigan munosabatlar ham shunga yarasha bo‘ladi. Xo‘sh, sud ishlarida advokatning ishtirokidan maqsad nima? Aslida prokuror ham, advokat ham sudyaga yordamchi hisoblanadi. Unga adolatli qaror chiqarishda yordam beradi.

Ayrim sudyalar advokatning gapini xuddiki ayblanuvchining gapidek qabul qiladi. Iloji bo‘lsa, “tezroq gapiring” deydi. Eshitgisi kelmaydi. Vaholanki, qonun bo‘yicha sudya advokatning gapirish huquqini to‘sishi mumkin emas. Advokat kam gapirarkan, u endi asosiy dalillarni tushirib qoldiradi. O‘z fikrlaridagi xulosa qisminiga, falon qaror chiqarishingizni so‘rayman, degan joyinigina o‘qib beradi.

Shunday paytda advokat apellyatsiyaga murojaat qilishi mumkin. Bunday vaziyatda ish agar birinchi instansiyada ko‘rilayotgan bo‘lsa, sudyaning intizomiy masalasini viloyat apellyatsiya instansiyasi ko‘rib chiqish mumkin. Lekin bitta viloyatda o‘tirgan odam... “qarg‘a qarg‘ani ko‘zini cho‘qimaydi”, deganlaridek, sudyani jazolashi qiyin, qarabsizki, advokatning umidi o‘ladi. Endi u Oliy sudga umid bilan boradi. Oliy sudda “bo‘ldi, biz ko‘rib chiqamiz, muhokama qilamiz, jazolaymiz”, deyishadi. Lekin orqaga qaytganda bilasizki, ish yana viloyat sudiga qaytgan yo oliy sudyalar kengashida bo‘ladi. U yerga murojaatchini yo chaqirishadi yo chaqirishmaydi. Go‘yoki uning qarorlarini muhokama qilish mumkin emas.

Xullas, shikoyatingiz o‘lda-jo‘lda qolib ketadi. Xo‘sh, undan keyin kimningdir shikoyat qilgisi keladimi? Kelmaydi-da. Shikoyat esa yo‘qoladi. Bu ham bitta ildiz”, – dedi advokat.

Jahongir Mutalipovga ko‘ra, O‘zbekistonda sudyalarning o‘zlari chiqarayotgan noto‘g‘ri, noqonuniy qarorlar uchun jazolanmasligi sudlarda adolatni ta’minlashga eng ko‘p to‘siq bo‘layotgan omillardan biri hisoblanadi.

“Chunki qonunda sudyaning ish bo‘yicha fikri muhokama qilinmasligi, jazolanmasligi yozib qo‘yilgan. Xo‘sh, bu nima degan gap?

Sudyaning ishi o‘n marta qaytsa hamki, u jazolanmasa, bu unga odatiy hol bo‘lib qoladi, degani-ku. Siz sudya bilan tortisharkansiz, u aytadi, ha, viloyat sudiga appelyatsiya berarsiz. Bu – sudyalarning eng mashhur gapi. Sizning dalillaringiz qolib ketadi. Nega, chunki sudya jazosiz, u qo‘rqmaydi. U noto‘g‘ri qaroridan keyin o‘ziga hech narsa bo‘lmasligiga ishonadi”, – dedi u.

Advokat bu borada xorijiy mamlakatlar tajribasini ham keltirdi. Unga ko‘ra, dunyoning qonun ustuvorligi ta’minlangan qator davlatlarida sudyalarning o‘zi chiqargan 3ta qonuni noto‘g‘ri, noqonuniy deb topilishi uning ishdan ketishiga sabab bo‘ladi.

“Masalan, Finlandiya dunyoda qonun ustuvorligi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Yevropaning boshqa davlatlari yoki Amerika Qo‘shma Shtatlarini oling. Bu davlatlarda sudyaning hukmi uch marta buzilishi uning ishdan ketishiga sabab bo‘ladi.

Tasavvur qiling, bizda ham shunday bo‘lsa, sudya endi har bir ish uchun talasha boshlaydi. U endi har bir ishni sinchiklab, e’tibor bilan surishtiradi.

Hozir O‘zbekistonda sudyaning ishi ellik marta qaytmaydimi, u baribir besh yillik muddatini o‘tiradi. Toki pora bilan tushmay, o‘zi ariza bermay yoki ustidan juda jiddiy ayblov tushib, sudyalar oliy kengashi uni ishdan bo‘shatmaguncha.

Bunday davom etar ekan, sud tizimida hech narsa o‘zgarmaydi. Bizda qonunlar qabul qilinyapti, lekin uni ishlatish mexanizmi yo‘q. Nega, chunki sudya jazolanmaydi. Uni hech kim ayblamaydi. Suvdan quruq chiqaveradi. Shulardan keyin ham sudlar adolatli qaror chiqarishiga ko‘zingiz yetadimi?” – deydi advokat Jahongir Mutalipov.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Intervyuni Ilyos Safarov o‘tkazdi.

Mavzuga oid