Kun.uz saytida “Asos bo‘lgan hujjat qalbaki, undirilayotgan 500 ming dollar esa haqiqiy” — sud kafillikka aloqasi bo‘lmagan mulkdorni jazolamoqda” sarlavhali maqola e’lon qilingandi. Unda Xalq banki tomonidan ishga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan “Denta-Servis” xususiy korxonasidan 500 ming dollar undirish haqida da’vo arizasi kiritilgani, sud esa hali tergov jarayoni ketayotgan bir paytda bu da’voni qanoatlantirish to‘g‘risida qaror chiqarib yuborgani haqida so‘z borgan.

Maqola bo‘yicha dastlab Sudyalar oliy kengashi va so‘ng Oliy sud o‘z munosabatlarini bildirdi. Jumladan Sudyalar oliy kengashi rasmiy axborotida:

“Kun.uz saytida chop etilgan “Asos bo‘lgan hujjat qalbaki, undirilayotgan 500 ming dollar esa haqiqiy” — sud kafillikka aloqasi bo‘lmagan mulkdorni jazolamoqda” sarlavhali tanqidiy maqolada ko‘rib chiqildi. Aniqlanishicha, maqolada bayon etilgan iqtisodiy nizo bo‘yicha qabul qilingan sud hujjati hali qonuniy kuchga kirmagan bo‘lib, unga nisbatan apellyatsiya shikoyati berilishi arafasida.

Ma’lumki, sud qarorlari qonuniyligiga faqat yuqori instansiya sudi huquqiy baho berish vakolatiga ega. Shu bois apellyatsiya sudi natijasidan keyingina (ushbu iqtisodiy nizoni birinchi instansiyada ko‘rib chiqqan) sudyaning xatti-harakati bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqiladi” – deyilgan.

Oliy sud munosabatida esa shunday deyiladi:                         

“Ayni chog‘da maqolada qalamga olingan Jizzax tumanlararo iqtisodiy sudining 2022 yil 18 avgustdagi hal qiluv qarori hal qiluv qarori ustidan “Denta Servis” XK manfaatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili tomonidan apellyatsiya shikoyati keltirilgan. Shu bois ushbu hal qiluv qarori bugungi kunda qonuniy kuchga kirmagan bo‘lib, Jizzax viloyat sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish 2022 yil 5 oktabr kuniga tayinlangan. Apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorining qonuniyligi va asoslantirilganligi to‘liq hajmda tekshirilib, qonuniy baho beriladi.