“Sharq” nashriyoti majmuasining qaysi qismi madaniy meros obekti ekani aniqlashtiriladi
Davaktiv auksionga qo‘yilgan “Sharq” nashriyoti bino-inshootlarining qaysi qismlari madaniy meros obektiga ekaniga aniqlik kiritish uchun Madaniy meros agentligi bilan ish olib borishini ma’lum qildi. O‘zA binosi madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kiritilmagan, shunday bo‘lsa-da, xaridorga uning tarixiy qiyofasini saqlab qolish majburiyati qo‘yiladi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkentdagi “Sharq” nashriyoti binosini xususiylashtirish jarayoniga qarshi chiqqan Madaniy meros agentligining bayonotiga munosabat bildirdi. Avvalroq madaniy meros organi nashriyot binosi madaniy meros obektlari ro‘yxatida turishi sabab qonunga ko‘ra uni xususiylashtirish mumkin emasligini ta’kidlagan holda Davaktivga ogohlantirish bergandi.
“Sharq” nashriyot-matbaa ijodiy uyi faoliyat yuritadigan bino-inshootlar Buyuk turon ko‘chasi 41-uy manzilida joylashgan. Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ko‘ra, obektning umumiy hududi 28 888 kv metrni, bo‘sh yer maydoni 15 211 kv metrni, bino va inshootlarning hajmi 42 048 kv metrni (shundan 25 024 kv metrda ishlab chiqarish va yordamchi binolar joylashgan) tashkil etadi va 3 ta alohida ma’muriy binolar mavjud.
Shundan kelib chiqib, Davaktiv va Madaniy meros agentligi rahbarlari obekt hududida joylashgan bino-inshoot yoki yer maydonining qaysi qismi (biri) madaniy meros obekti hisoblanishiga aniqlik kiritish bo‘yicha birgalikda ish tashkil etish kelishib olindi, deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, “Sharq” nashriyot-matbaa AJ kam quvvatda ishlamoqda (50 foiz), biznes-reja ko‘rsatkichlari bajarilmay kelmoqda, joriy yil yarim yillik yakuni bo‘yicha sof tushumi o‘tgan yilga nisbatan pasaygan, sof foydasi esa atigi 13,8 mln so‘mni tashkil etib, 80 foizga kamaygan.
“Jamiyatning mavjud bino-inshootlari va hududidan samarali foydalanilmasa-da, katta miqdorda mol-mulk va yer solig‘i to‘lab kelmoqda. Jumladan, 2022 yil va 2023 yilning o‘tgan davrida jamiyat tomonidan 3,3 mlrd so‘m miqdorida mol-mulk va yer solig‘i to‘langan.
Buyuk Turon ko‘chasi, 41-uyda joylashgan “Sharq” nashriyot-matbaa AJning bino-inshootlari va ishlab chiqarish uskunalari esa ma’nan eskirgan va ta’mirtalab, aksariyati esa yaroqsiz ahvolga kelib qolgan, shuning uchun ham uni ixcham va zamonaviy binoga ko‘chirilishi jamiyat bilan kelishilgan holda amalga oshirilmoqda”, – deyiladi Davaktiv axborotida.
Ta’kidlanishicha, Buyuk Turon ko‘chasi 42-uyda joylashgan O‘zbekiston milliy axborot agentligi (O‘zA)ning ma’muriy binosi madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kiritilmagan, lekin bu bino Toshkent shahrining tarixiy arxitekturasini, shu jumladan, muhim modernizm yodgorligi qiyofasini aks ettirishini inobatga olib, uni saqlab qolish maqsadida savdoning asosiy sharti etib ma’muriy binoning tarixiy qiyofasini saqlab qolish belgilangan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligining eslatishicha, “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi qonunning 26-moddasiga muvofiq xususiylashtirilmaydigan davlat mulkiga egalik qilishga va (yoki) undan foydalanishga ijara shartnomasiga yoki davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasiga, davlat mulkidan tekin foydalanish shartnomasiga, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimga, shu jumladan konsessiya shartnomasiga asosan yo‘l qo‘yiladi.
Davaktiv Madaniy meros agentligi bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatgan holda madaniy meros obektiga aniqlik kiritishi, mulkiy majmuani amaldagi qonunchilikka qat’iy amal qilgan holda shaffof xususiylashtirish jarayonini ta’minlashi, jarayonning har bir bosqichi to‘g‘risida ommani xabardor qilib borishini bildirgan.
Mavzuga oid
19:25 / 31.10.2024
Toshkentda issiqlik energiyasi tarifi yana oshirildi
07:30 / 31.10.2024
Toshkentning uch tumanida elektr ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi
19:41 / 30.10.2024
Toshkentga to‘rtta kirish darvozasi quriladi
09:00 / 23.10.2024