O‘zbekiston | 21:15 / 12.06.2023
16127
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdan Nukusga yetib borish vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi

Qoraqalpog‘istondagi uchta tuman turizmga ixtisoslashtiriladi. Toshkentdan Nukusga tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilib, manzilga yetib borish vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi. Kun.uz muxbirining ma’lum qilishicha, bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashuvda aytib o‘tgan.

"Afrosiyob" poyezdi / Foto: Kun.uz

Prezidentning o‘z saylovoldi dasturida aytishicha, buning uchun uzunligi 465 kilometr bo‘lgan “Buxoro-Urganch-Xiva” va uzunligi 196 kilometr bo‘lgan “Miskin-Nukus” temiryo‘l liniyalari elektrlashtiriladi. Bu loyihaga 460 million dollar yo‘naltiriladi.

Liniya ishga tushirilgach, “Toshkent – Samarqand – Buxoro – Xiva” an’anaviy turistik zanjiriga Qoraqalpog‘iston ham qo‘shiladi.

“Natijada, xorijiy va mahalliy sayyohlarning yurtimizda 4-5 kungacha bo‘lishini ta’minlash, turistik xizmatlar eksportini 100 million dollarga yetkazish imkoniyati yaratiladi”, – dedi Mirziyoyev.

Nomzodning so‘zlariga ko‘ra, Ellikqal’a, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlari turizmga ixtisoslashtiriladi. To‘rtko‘l, Beruniy, Amudaryo, Xo‘jayli, Qonliko‘l, Qo‘ng‘irotda yo‘l-savdo infratuzilmasi kengaytiriladi.

Mavzuga oid