O‘zbekiston | 16:01 / 02.06.2026
4296
2 daqiqa o‘qiladi

Huquq organlari xodimlari pora olishni rad etgani uchun mukofotlanishi to‘g‘ri emas - Aksilkorrupsiya agentligi

Xizmat vazifalarini bajarish jarayonida pora olishdan voz kechgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini moddiy rag‘batlantirish huquqiy jihatdan nomuvofiq, deb hisoblamoqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi. Idora bu amaliyotni bekor qilish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqqan.

Foto: Kun.uz

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini o‘z xizmat vazifalarini bajarish jarayonida pora olishdan voz kechgani uchun moddiy rag‘batlantirishni huquqiy jihatdan nomuvofiq deb hisoblamoqda.

Avvalroq Navoiyda ming dollar porani rad etgan YPX xodimiga 12 mln 360 ming so‘m (taqriban ming dollarga teng) pul mukofoti topshirilgan, bu esa tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Kun.uz'ning bu boradagi so‘roviga javoban Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi jamoatchilik tomonidan bildirilgan e’tirozlarni asosli deb hisoblashini ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur sohadagi suiiste’molchilik holatlari va turlicha amaliyotlarning oldini olish maqsadida agentlik tomonidan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilgan.

Loyihada korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish tartibini belgilovchi amaldagi nizomga o‘zgartirish kiritish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘zlarining bevosita xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holatlarda korrupsiya haqida xabar berganlik uchun nazarda tutilgan mukofot pulini olishi mumkin bo‘lmaydi.

Agentlikning ta’kidlashicha, qonun ustuvorligini ta’minlash va korrupsiyaviy holatlarga qarshi chora ko‘rish – huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri funksional vazifasi hisoblanadi. Shu bois, xizmat majburiyati doirasida amalga oshirilgan harakatlar uchun qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish berish maqsadga muvofiq emas.

Qayd etilishicha, mazkur jarayonlar ustidan nazorat maxsus elektron platforma orqali markazlashgan tartibda amalga oshiriladi. Bu esa budjet mablag‘larining asossiz sarflanishi oldini olishga xizmat qiladi.

Исомиддин Пулатов
Tayyorlagan Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid