O‘zbekiston | 18:46 / 01.10.2020
73609
9 daqiqa o‘qiladi

Zulfiqor Musoqov «O‘zbekkino» ustidan shikoyat yo‘lladi. Agentlik ayblovlarni rad etmoqda

O‘zbek kinosining taniqli arbobi, kinorejissyor Zulfiqor Musoqov prezident Shavkat Mirziyoyevning virtual qabulxonasiga murojaat yo‘lladi. Murojaatda u «O‘zbekkino» milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovning rahbarlik faoliyati yuzasidan salbiy fikrlarini bildirgan.

Zulfiqor Musoqov prezidentga yuborgan murojaati matnini Kun.uz'ga taqdim etdi.

Kinorejissyor Zulfiqor Musoqov

«Ishoning, men bu murojaatni bir fuqaro, nihoyat ota sifatida, bir bobo sifatida o‘z yaqinlarining kelajagi haqida o‘ylab, chin yurakdan qilyapman. Zohiran qaraganda, hamma sizning ko‘rsatmalaringizga amal qiladi, lekin bu ko‘rsatmalar kinoda sizning strategiyangizga qarama-qarshi ravishda amalga oshiriladi. Men «O‘zbekfilm» studiyasi ostonasini 17 yoshligimda xatlab o‘tib, shu yerdan nafaqaga chiqdim, sochim shu dargohda oqardi, hozir ham ishlayapman... Umrimda bironta lavozimni egallamaganman va xohlamayman ham... Lekin kinomizda odam chidab tura olmaydigan jarayonga befarq bo‘la olmayman», – deb yozadi Zulfiqor Musoqov.

Kinorejissyor murojaati davomida prezidentning 2017 yil 3 avgustda ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvda ta'kidlab o‘tgan tanqidiy fikrlarini eslab o‘tgan va ularni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Shu bilan birga, uning fikricha, «O‘zbekkino» milliy agentligi bosh direktori etib Firdavs Abduxoliqov tayinlanishi bilan bir yil ichida kinoda «halokatli holat» vujudga kelgan.

«Butun hayotini kinoga bag‘ishlagan mutaxassislar turli rasmiy bahonalar bilan ishdan bo‘shatilmoqda yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri ta'qib qilinmoqda», – deydi Musoqov.

U prezidentga murojaat qilar ekan, jamiyat manfaatlarini shaxsiy bizneslar bilan aralashtirib yuborish holatlari ko‘zga tashlanayotgani, san'atni tijoratga aylantirishga harakat qilinayotganini ta'kidlaydi.

«Faqat ko‘z-ko‘z qilish va ko‘zbo‘yamachilikni kuzatyapmiz. Sizning aniq ko‘rsatmangiz bo‘yicha tayyorlanishi kerak bo‘lgan 30ta badiiy filmni suratga olish bo‘yicha ishlar chetda qolib, ko‘plab prezentatsiyalar o‘tkazish (bu tadbirlar, aksariyat hollarda, karantin paytida o‘tkazilayotganiga aql bovar qilmaydi) bilan shug‘ullanilmoqda.

Kino sohasida professionallar chetlashtirilmoqda, butun umrini kinoga bag‘ishlagan kino arboblarini «O‘zbekkino»dan siqib chiqarish uchun sharoit yaratib berilmoqda», – deb yozadi Zulfiqor Musoqov.

Taniqli rejissyorning so‘zlariga ko‘ra, «O‘zbekkino» agentligiga kino sohasiga aloqasi bo‘lmagan va «san'at haqida mutlaqo tushunchaga ega bo‘lmagan» kadrlar ishga olingan.

«Rahbar o‘z atrofida shu kabi san'atdan yiroq, kinodan bexabar insonlarni to‘plagan. Eng jirkanch joyi – ularga, masalan, oliy kategoriyali rejissyorning oyligidan 1,5 va 4 barobar maosh to‘laydi. Hamma hujjatlar bor», – deya qayd etgan u.

Zulfiqor Musoqov shu yilning aprel oyida kino sohasiga aloqador 109 kishi «O‘zbekkino» bosh direktori Firdavs Abduxoliqov ustidan bosh vazir nomiga shikoyat yo‘llaganini eslab o‘tgan.

«Men ularga: «Hoy, to‘xtanglar, karantin paytida vaqti emas», degan edim. Keyin o‘z nomimdan Prezidentga murojaat qilaman, deb va'da bergan edim. Mana, vaqt o‘tib, vaziyat o‘ta kuchayib ketdi. Yaxshi yashaganlaridan yozmagan-ku o‘sha insonlar?» – deydi Musoqov.

Taniqli kinoijodkor maktubi so‘ngida Firdavs Abduxoliqovni kino sohasini boshqarishga «mutlaqo qobiliyatsiz» deb hisoblashini bildirgan. «U bir yildan buyon sizning kino san'atiga oid fikrlaringizga umuman mos kelmagan, mutlaqo teskari bir siyosatni amalga oshirib kelmoqda», – deya Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilgan Zulfiqor Musoqov.

«O‘zbekkino» ayblovlarni rad etdi

30 sentabr kuni «O‘zbekkino» milliy agentligi «so‘nggi paytlar kino sohasining ayrim vakillari tomonidan rasmiylar, davlat va nodavlat tashkilotlariga murojaatlar yo‘llanayotgani» munosabati bilan bayonot e'lon qildi.

Agentlik davomli ravishda rasmiylarga shikoyat yo‘llashni tashkilot rahbariyati va xodimlariga bosim o‘tkazishga urinish, deya baholagan.

«Agentlik ushbu sohada ijodkorlar mehnat qilishini, ularning har birining o‘ziga xos fe'l-atvori mavjudligini tushunadi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, muammo va kamchiliklarni belgilangan tartibda yoki ma'muriyat bilan muloqot orqali hal qilish tarafdori. Biroq, mualliflardan «O‘zbekkino» milliy agentligiga rasman murojaat kelib tushmagan. Agentlik shu nuqtayi nazardan ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari orqali bir guruh shaxslar tomonidan davomli ravishda rasmiylarga shikoyat yo‘llashni tashkilot rahbariyati va xodimlariga bosim o‘tkazishga urinish, deya baholaydi.

Murojaatlarning aksari ehtiroslarga boy bo‘lib, aniq dalil va asoslarga ega emas. Shu sababdan Agentlik mualliflarning shaxsiy farazlardan iborat ayblovlarini asossiz va ba'zi o‘rinlarda haqoratli deb bilib, ularni rad etadi», – deyiladi bayonotda.

Agentlik murojaatlarda o‘z ishtirokini inkor etgan va imzosi soxtalashtirilganini bildirgan ijodkorlar borligi, bu esa shikoyatchi faollarning xolisligiga nisbatan shubha uyg‘otishini qayd etgan.

«Shu bilan birga, Agentlik tanqid, taklif va muloqotga ochiqligini yana bir bor ma'lum qiladi. Biroq ushbu muloqot konstruktiv kechishi tarafdori», – deya ta'kidlashgan «O‘zbekkino»dagilar.

Rasmiy bildirishda aytilishicha, so‘nggi yillarda «O‘zbekkino» budjetining katta qismi bir xil studiya va shaxslarga ajratilgan, 2018-2019 yillarda ayrim studiyalarga 25 milliard so‘mga yaqin mablag‘lar ajratilgan. Bu esa agentlik budjetining 44 foizini tashkil etadi.

«Oqibatda sohada raqobat muhitiga putur yetgan. Agentlik ushbu amaliyotni cheklab, raqobat muhitini shakllantirish tarafdori. Norozilikning sabablaridan biri sifatida boshqa rejissyorlar, yosh ijodkorlarga ham imkoniyat berilib, raqobat muhiti tiklanayotganini aytish mumkin», – deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillar kinomahsulotlarning kinoprokatdagi natijalari ayanchli ahvolda. 2018-2019 yilda suratga olingan filmlarning kinoprokatdan topgan daromadi sarflangan mablag‘ning o‘rtacha 1,5 foizini tashkil etgan. Bu esa na davlatning va na tomoshabinlarning kutilmalariga mos emas. Agentlik bu holatni yaxshilash, soliq to‘lovchilar pullari evaziga suratga olingan filmlarning daromad ko‘rishi zarurligini ma'lum qilgan.

«Muxolif pozitsiyadagi shaxslar tushunchalarni qorishtirib, ushbu holatni «Kinoni biznesga aylantirish» deya atashga urinmoqda. Agentlik kinoni biznesga aylantirmoqchi emas. Aksincha, kuchli kinosanoatini yaratgan holda kino san'atini yuksaltirishni maqsad qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilgan so‘rovnomada 78 foiz respondentlar ham agentlikning ushbu pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagan. O‘zbek kinolari o‘zining oltin davrlarida mamlakat iqtisodiyotining ilg‘or tarmog‘i bo‘lgan. O‘zbek kinosining potensiali yo‘q, deb aytish qiyin», – ta'kidlanadi rasmiy bildirishda.

Ma'lum qilinishicha, «O‘zbekkino» milliy agentligi buyurtmasiga ko‘ra, 2020 yilda 16 ta badiiy, 25 ta hujjatli, 6 ta multfilm va ilk bora 10 ta badiiy serial ishlab chiqilmoqda. Shu yilning o‘zida 2021 yilda ishlab chiqarilishi lozim bo‘lgan 25 ta badiiy, 23 ta hujjatli, 4 ta multiplikatsion filmlar hamda 25 ta seriallar bo‘yicha ishlarni boshlash rejalashtirilgan. Kino va u bilan bog‘liq faoliyat turi bilan 5 mingga yaqin ijodkorlar va mutaxassislar mehnat qilishi ko‘zda tutilgan.

«Ushbu raqamlar kinoning tanazzuli va jarlikka kelib qolgani haqidagi ehtirosli iddaolarning asosga ega emasligi isboti bo‘la oladi. Shuningdek, mazkur murojaatlar barcha kinoijodkorlarning fikr va qarashlarini ifoda etmaydi.

«O‘zbekkino» Milliy agentligi barcha uchun ochiq. Norozi kayfiyatdagi ijodkorlarni tushunmovchiliklarni o‘zaro muloqot va muzokaralar orqali hal qilishga chorlaydi», – deya qayd etilgan agentlik e'lon qilgan relizda.

Mavzuga oid