Jamiyat | 18:05 / 17.04.2020
58494
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekkino» atrofida shov-shuv. Xodimlar rahbardan nega norozi?

16 aprel kuni internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda «O‘zbekkino» Milliy agentligi xodimlarining direktor Firdavs Abduxoliqovdan norozi bo‘lib mamlakat bosh vaziri nomiga yo‘llagan shikoyati tarqaldi.

Shikoyatning e'tiborli jihati shundaki, uni «O‘zbekkino» bosh direktori birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev, bosh direktor o‘rinbosari Nizom Mahmudov, «O‘zbekfilm» direktori Fotih Jalolov, O‘zbekiston kinoarboblar uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov, Alisher Navoiy nomidagi kinosaroy direktori Bahrom O‘tanov, «Mulstudiya» direktori Sevara To‘laganova, «Respublika kinofondi» direktori Shuhrat Umarov, shuningdek, Hilol Nasimov, Jahongir Qosimov, Sarvar Karimov, Abduxalil Mingnorov, Akbar Bekturdiyev kabi rejissyorlar va kino san'atiga aloqador jami 109 kishi imzolagan.

Murojaatchilar 2019 yil sentyabrida «O‘zbekkino»ga rahbar etib tayinlangan Firdavs Abduxoliqov hozirgi kunda kinematografiya sohasini rivojlantirish o‘rniga sohaga aloqador bo‘lmagan faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgani, muassasada tadbirbozlik ko‘paygani, mablag‘lar o‘rinsiz sarflangani, ko‘p yillik tajribaga ega xodimlar chetlatilib, ularning o‘rniga kino sohasidan yiroq bo‘lgan, rahbarga qarashli kadrlar yuqori lavozimlarga tayinlangani, shuningdek, bosh direktor o‘rinbosarlari va tajribali mutaxassislar fikriga bepisandlik bilan qarash yoki ularning taklif va mulohazalari umuman inkor etilishidan norozilik bildirishgan.

Shuningdek, murojaatda agentlik markaziy apparatiga shartnoma asosida bir qator xodimlar, jumladan xorij fuqarolari noqonuniy ravishda yollangani va ularga agentlik faoliyatining barcha yo‘nalishlarida shtatdagi xodimlar faoliyatini nazorat qilish huquqi berilgani, fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida yollangan ishchilarning bajaradigan vazifalari aniq belgilab berilmagani hamda ularning oylik maoshlari shtatdagi xodimlar maoshlaridan bir necha baravar ko‘proqligi aytiladi.

Bundan tashqari, murojaatda agentlikning xalqaro munosabatlardagi faoliyati xususida ham so‘z yuritiladi. Jumladan, xatda 2019 yilning dekabr oyida Butunrossiya davlat kinematografiya instituti bilan 400 ming AQSh dollariga shartnoma imzolangani e'lon qilingani, biroq BDKI rektori mazkur shartnomani ahamiyatsiz va keraksiz ekanligini ta'kidlab, institut shartnomani talabalarning o‘zi bilan imzolashini bildirgani haqida vajlar keltiriladi.

Shuningdek, kinoijodkorlar joriy yilning mart oyida ommaviy axborot vositalarida «Koronavirus pandemiyasi tufayli umumiy qiymati 25 million AQSh dollarini tashkil etgan kinoloyihalar to‘xtatildi» deb tarqatilgani ham yolg‘onligini ta'kidlashgan.

Murojaatni yo‘llashdan asosiy maqsad milliy kinematografiya sohasini xarob qilishdan saqlab qolish ekani qayd etilgan.

Kun.uz muxbiri murojaatda aks ettirilgan vajlar bo‘yicha izoh olish maqsadida «O‘zbekkino» Milliy agentligi direktori bilan telefon orqali bog‘landi. 

Firdavs Abduxoliqov yaqin vaqt ichida ushbu masala yuzasidan bayonot berishini ma'lum qildi. 

Tahririyatga ma'lum bo‘lishicha mazkur shikoyat xati shu yilning 14 aprel kuni Vazirlar Mahkamasiga topshirilgan.

Mavzuga oid