O‘zbekiston | 13:46 / 30.12.2022
68194
2 daqiqa o‘qiladi

Vladimir Norov Tashqi ishlar vaziri lavozimidan ozod etildi

Uning o‘rnida shu paytga qadar Xalq ta’limi vaziri lavozimida ishlab kelayotgan Baxtiyor Saidov ish boshlaydi.

Vladimir Norov / Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlari bilan:

Vladimir Imamovich Norov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri lavozimidan ozod etildi;

Baxtiyor Saidov / Foto: Qonunchilik palatasi

Baxtiyor Odilovich Saidov O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri lavozimidan ozod etildi.

Ma’lumot uchun, joriy yil aprel oyi oxirlarida ham O‘zbekiston prezidenti tegishli farmonlari bilan Tashqi ishlar vazirligida o‘zgarishlar amalga oshirilgandi. Xususan, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri lavozimini egallab kelgan Abdulaziz Komilov prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlanib, uning o‘rnini Vladimir Norov egallagandi.

Yangi Tashqi ishlar vaziri v.b Baxtiyor Saidov 1981 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, 2002 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.

U 2016 yil yanvaridan «O‘zbekengilsanoat» AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari — bosh menejyeri bo‘lgan.

2017 yil iyulida O‘zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi diplomatik missiyasi rahbari etib tayinlangan. U 2018 yil aprelidan Mo‘g‘uliston, 2019 yil iyulidan Filippindagi (qarorgohi Pekinda joylashgan) elchi vazifasini ham bajarib kelgan.

2021 yilning noyabr oyidan buyon esa Xalq ta’limi vaziri sifatida ishlab kelayotgan edi.

Mavzuga oid