«Va'da beraman, mas'ullarning hammasiga chora ko‘riladi» – Aripov «Human» ishi haqida
Jabrlanuvchilarning pullarini shoshilinch sur'atda – 3 kunda qaytarish bo‘yicha topshiriq bo‘ldi.
Bugun, 17 fevral kuni «Human» xususiy bandlik agentligidan ziyon ko‘rgan 50dan ortiq kishi Toshkent shahridagi Mustaqillik maydoni yonida to‘plandi.
Agentlik rahbari ustidan sud jarayoni yakunlaridan qoniqmagan va pullari qaytarilishidan umidvor fuqarolar hukumat vakillari bilan uchrashuv tashkillashtirishni so‘rashdi.
Tez orada Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘rayev, ko‘p o‘tmay Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov va boshqa mutasaddilar Mustaqillik maydoniga yetib keldi.
Kech soat 17:00 atrofida bosh vazir Abdulla Aripov agentlikdan jabr ko‘rgan fuqarolar bilan uchrashib, ularni qiynab kelayotgan muammoni hal etdi.
Hukumat rahbari 1086 nafar aldangan fuqaroga qaytarilishi lozim bo‘lgan 21 milliard so‘mdan ortiq moddiy zarar davlat tomonidan shoshilinch ravishda qoplab berilishini aytdi.
Aripov uchrashuvda qatnashgan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri hamda «Ipotekabank» rahbariga topshiriq berib, barcha jabrlanuvchilarga 2 kun ichida bank plastik kartochkasi ochib berish va ochilganidan keyin 24 soat ichida kartochkaga pul o‘tkazib berish vazifasini yukladi.
Mablag‘lar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi maxsus jamg‘armadan qoplanadi, keyinchalik bu pullarni agentlikdan undirish choralari ko‘riladi.
«Bu masalaga mas'ul bo‘lgan hamma mutasaddilarga chora ko‘riladi. Va'da beraman.
Shu narsa bo‘yicha ishlab, lekin bunaqa holatga yo‘l qo‘yib bergan Mehnat vazirligida ishlagan kim bo‘lishidan qat'i nazar, unga nisabatan chora ko‘riladi.
Bugun barcha xususiy bandlik agentliklarini tugatish bo‘yicha prezidentimizga taklif kiritamiz. Endi faqat bitta davlatniki bo‘ladi. Bunday erkinlikni, afsuski, bizning xalqimiz hali tushunmas ekan.
Prezidentimiz topshiriq berdi. Kim bo‘lishidan qat'i nazar, bu firibgarlikka aralashganmi, javob beradi. Kerak bo‘lsa, noto‘g‘ri tergov olib borganga ham, noto‘g‘ri hukm chiqarganga ham chora ko‘rish bo‘yicha juda qattiq topshiriq berdilar.
Prezidentimizning bir gaplarini aytaman. «Kimdir, qayerdadir noinsoflik qilgan bo‘lishi mumkin. Lekin xalqim jabr ko‘rishi mumkin emas». Bu – prezidentimizning gaplari.
Pulning [vazirlik jamg‘armasidan] to‘lab berilishi mavjud tartibga ko‘pam to‘g‘ri kelavermaydi. Biroq bu – prezidentimizning topshirig‘i! Ya'ni muhtaram yurtboshimiz istisno tariqasida ruxsat berib aytdiki, bir-ikkita muttahamni deb xalqim jabr chekmasligi kerak!» – deb ta'kidladi Abdulla Aripov.
Bir necha kundayoq pullarini qaytarib olishlarini eshitgan fuqarolar bu yangilikni quvonch ko‘z yoshlari bilan qarshi olib, prezidentni duo qilishdi.
Mavzuga oid
08:50 / 22.11.2024
200 mingdan ortiq fuqaro iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarga ishga yuborilishi mumkin
12:08 / 20.11.2024
Abdulla Aripov bosh vazir lavozimiga qayta tasdiqlandi
18:33 / 04.11.2024
Abdulla Aripov Shanxayda Xitoy bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi
18:17 / 04.10.2024