O‘zbekiston | 17:40 / 17.02.2020
31012
5 daqiqa o‘qiladi

«Human»dan jabrlanuvchilar pullarini so‘rashmoqda

Sud hukmi chiqib, mol-mulklar va mablag‘lar orqali jabrlanuvchilarga qaytarilishi belgilangan bo‘lsada, jabrlanuvchilar norozilik bildirishmoqda.

Foto: KUN.UZ

Bugun, 17 fevral kuni «Human» xususiy bandlik agentligi faoliyatidan jabr chekkan 50dan ortiq kishi Toshkent shahridagi Mustaqillik maydoni yonida to‘plandi. Agentlik rahbari ustidan sud jarayoni yakunlaridan qoniqish hosil qilmagan va pullari qaytarilishidan umidvor bo‘lgan fuqarolar hukumat vakillari bilan uchrashuv tashkillashtirishni so‘rashgan.

Tez orada Mustaqillik maydoni hududiga Toshkent shahar IIBB rahbari Rustam Jo‘rayev, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov, Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov hamda boshqa qator mutasaddilar kelishdi va yig‘ilganlar bilan uchrashishdi.

Jabrlanuvchilarning talablari quyidagicha:

  1. Eng asosiy savol va talab – «Human» xususiy bandlik agentligiga Mehnat vazirligi tomonidan nega litsenziya berilgan? Lisenziya berilgan ekan, ayni shu vazirlik avvalo jabrlanuvchilarning mablag‘larini qaytarsin, so‘ngra javobgarlardan undirib olsin;
  2.  Hukumat rahbarlari bilan bevosita uchrashuvlar tashkillashtirilsin;
  3. Nafaqat «Human» xususiy bandlik agentligi» MChJ rahbari Shohinur Fayzullayev, balki uning sheriklari, ortida turgani taxmin qilinayotgan «qo‘li uzun» odamlar ham javobgarlikka tortilsin (aksariyat jabrlanuvchilar o‘z pullarini agentlikning viloyatlardagi bo‘limlariga topshirishgan va asosiy figurant bilan mutlaqo ko‘rishishmagan);
  4. Shu paytgacha undirilgan mablag‘lar tezroq tarqatib berilsin (ta'kidlash joizki, bu talabga hamma ham qo‘shilmaydi, kimdir bu mablag‘ eng zarurlarga berilsin, desa, yana kimdir hammaga proporsional taqsimlanishi tarafdori;
  5. Kelgusida bunday holatlar qaytarilmasligi uchun qonunchilik takomillashtirilsin (bu talab shaxsiy masalalar oldida eng oxirgi o‘ringa tushib qoldi).

Uchrashuv davomida shu kunning o‘zida barcha mutasaddilar bir zalda to‘plangan holda batafsil ma'lumot berishiga kelishildi.

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov yig‘ilganlardan jamoat tartibini buzmaslikni so‘ragan.

«Mavjud vaziyatdan hukumatimiz, shaxsan bosh vazirimiz to‘la xabardor. Muammoni yechish choralari ko‘rilmoqda. Bugunning o‘zida yana bir bor bu masalani ko‘taramiz va barcha mutasaddilar ishtirokida uchrashuv tashkil qilamiz. Faqat unutmanglar, hech kim jamoat tartibini buzishi, shantaj qilishi mumkin emas. Hammasini qonun doirasida hal qilamiz», degan u.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida «Human» xususiy bandlik agentligi» MChJ rahbari Shohinur Fayzullayevga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgandi. Fuqarolarni xorijiy davlatlarga jo‘natish va'dasi bilan 1080 nafar kishidan 21 mlrd. so‘m ekvivalentdagi mablag‘ni o‘zlashtirib yuborgan Fayzullayev Toshkent viloyati sudi sudyasi Xayrulla Rahmonov raisligidagi sud hukmi bilan aybdor deb e'lon qilingandi.

Sudlanuvchi Shohinur Fayzullayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan va har xil turdagi jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangandi.

Ish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi IIV Tergov Departamentining depozit hisob raqamida saqlanayotgan 1 290 913 279 so‘m pul mablag‘lari jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplashga qaratilib, proporsional tarzda taqsimlab berilishi;

dastlabki tergov davrida xatlangan quyidagi mol-mulklar, ya'ni:

- Toshkent shahri, Sergeli tumani, 8-mavze, 23-uy, 16-xonadon;

- Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Sayram ko‘chasi, 109/22-uy;

- Toshkent shahri, Olmazor tumani, Sebzor Ts-17/18 mavze, 4a-uy, 14-xonadon;

- Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Alisher Navoiy ko‘chasi, 75-uy;

- davlat raqami 01 G 418 GB bo‘lgan «Captiva», davlat raqami 01 D 296 GB bo‘lgan «KIA» rusumli yuk avtomashinasi, davlat raqami 10 G 400 AA bo‘lgan «Lasetti» rusumli avtomashinasi, davlat raqami 01 W 688 FB bo‘lgan «Kobalt» rusumli avtomashinasi ijro organlari orqali sotuvga qo‘yilishi va sotuvdan tushgan pul mablag‘lari jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash uchun ularga proporsional tarzda taqsimlab berilishi belgilangan.

Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti vakilining Kun.uz muxbiriga aytishicha, agentlikning boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlari bilan iqtisodiy aloqalariga oid jinoyat ishi qismi alohida yurituvga olinib, tergov ishlari olib borilmoqda. Shohinur Fayzullayevning jinoiy sheriklariga oid yana bir jinoiy ish bo‘lib, unga oid tergov harakatlari Bosh prokuratura boshqarmasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid