Jahon | 16:00 / 07.02.2026
3305
8 daqiqa o‘qiladi

Pokistondagi masjidda portlash, Moskvada yana bir generalga suiqasd va «yaxshi» boshlangan AQSh–Eron muzokaralari – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh va Eron muzokaralarining birinchi bosqichi yakunlandi

Ummon poytaxti Masqatda AQSh va Eron o‘rtasida yadroviy dastur bo‘yicha o‘tkazilgan bilvosita muzokaralarning birinchi raundi yakunlandi. Uning yakunlari bo‘yicha Tehron yengil optimizm bildirdi. «Boshlanishi yaxshi», - dedi Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi juma kuni. «Ishonchsizlik devorini yengib o‘tish kerak», - deb qo‘shimcha qildi u.

Eron TIV rahbari Tehron va Vashington muzokaralari qachon davom etishi kutilayotganini aniq aytmadi. Araqchining so‘zlariga ko‘ra, endi har ikki mamlakat delegatsiyalari maslahatlashuvlar uchun o‘z poytaxtlariga qaytib ketadi. Shu bilan birga, Axios nashri manbasi navbatdagi raund yaqin kunlarda bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.

Ummon tashqi ishlar vaziri Badr al-Busaidiy muzokaralarni «juda jiddiy» deb atadi. Diplomatning yozishicha, har ikki mamlakat delegatsiyalari bilan alohida uchrashuvlar «ham eronliklar, ham amerikaliklarning nuqtai nazarini oydinlashtirish, shuningdek, ehtimoliy ilgarilash sohalarini belgilash uchun foydali bo‘ldi».

AQSh prezidenti Donald Tramp ham muzokaralar yaxshi o‘tganini bildirdi.

«Biz Eronga doir juda yaxshi muzokaralar o‘tkazdik. Eron ko‘rinishidan kelishuvga erishishga juda qiziqmoqda. Bu qanday bitim bo‘lishini ko‘ramiz», - dedi Tramp. Shuningdek, u kutilayotgan kelishuvga erishishning taxminiy muddati uchun AQShda «vaqt yetarli» ekanini aytdi.

Masqatdagi muzokaralar Eron va AQSh o‘rtasidagi tarang munosabatlar fonida o‘tdi. Tehron fikricha, bahs-munozara ishtirokchilari faqat ikki mavzuga — Eronning yadroviy dasturiga va sanksiyalarni ehtimoliy yumshatishga e’tibor qaratishi kerak. Vashington esa boshqa masalalarni ham muhokama qilish zarurligini ta’kidlaydi: Eronning raketa dasturi va mintaqadagi ittifoqchilariga ko‘rsatayotgan qo‘llab-quvvatlovi.

Rossiyaga qarshi navbatdagi sanksiyalar

6 fevral kuni Yevropa komissiyasi Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketi bo‘yicha o‘z taklifini taqdim etdi. Ushbu paket Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinining to‘rt yilligi munosabati bilan tayyorlangan. U Rossiya neftining barcha eksporti uchun dengiz xizmatlariga to‘liq taqiq joriy etilishini o‘z ichiga oladi.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen yangi sanksiyalar paketi doirasida Yevropa Ittifoqi «soya floti» deb ataluvchi yana 43 ta kemani ro‘yxatga kiritmoqchi. Natijada ularning umumiy soni 640 taga yetadi va Rossiya uchun tankerlar xarid qilish yanada murakkablashtiriladi.

Shu bilan birga, suyultirilgan tabiiy gaz tashuvchi tankerlar va muz yoruvchi kemalar uchun texnik xizmat ko‘rsatish hamda boshqa xizmatlarga keng qamrovli taqiqlar joriy etilmoqda. Bu choralar Rossiyaning gaz eksporti loyihalari salohiyatini qo‘shimcha ravishda pasaytirishi kutilmoqda.

Bayonotga ko‘ra, sanksiyalarning ikkinchi bloki doirasida Yevropa Ittifoqi Rossiya bank tizimiga bosimni kuchaytirmoqda. Cheklovlar yana 20 ta mintaqaviy bankka, shuningdek, sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanilayotgan kriptovaluta institutlari, kompaniyalar va platformalarga nisbatan qo‘llandi.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi ilk bor sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurash vositasini ishga tushiradi.

Eslatib o‘tamiz, sanksiyalarni joriy etish uchun Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha davlatlarning konsensusi talab etiladi.

Pokistondagi masjidda portlash

Juma kuni Pokiston poytaxti Islomoboddagi shialar masjidi yonida yuz bergan portlash oqibatida kamida 31 kishi halok bo‘ldi. Politsiya xabariga ko‘ra, yana taxminan 170 kishi tan jarohati olgan.

Fojia ibodat vaqtida yuz bergan. Rasmiylarga ko‘ra, portlashni xudkush terrorchi amalga oshirgan: erkak portlovchi moslamani faollashtirishidan oldin masjid kirish qismida to‘xtatilgan. Guvohlarning aytishicha, jinoyatchi avval xavfsizlik kuchlariga qarata o‘q uzgan, so‘ng bino ichida portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan kamarini portlatgan.

Voqea joyiga tez yordam mashinalari safarbar etilgan. Favqulodda xizmatlar ko‘plab jabrlanganlarning ahvoli og‘ir ekanini ma’lum qildi. Islomoboddagi shifoxonalardan birida favqulodda holat e’lon qilingan.

IShID hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan.

Moskvada yana bir generalga suiqasd uyushtirildi

Noma’lum shaxs Rossiya mudofaa vazirligi general-leytenanti Vladimir Alekseyevning hayotiga suiqasd uyushtirdi.

Alekseyev Bosh shtab Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i, Ukraina va AQSh bilan uch tomonlama muzokaralarda Rossiya delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan admiral Igor Kostyukovning birinchi o‘rinbosari hisoblanadi. 2017 yilda unga Rossiya Qahramoni unvoni berilgan.

Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, noma’lum shaxs Volokolamskoye shossedagi uyda Alekseyevga qarata bir necha bor o‘q uzgan va voqea joyidan yashiringan.

«Jabrlanuvchi shahar shifoxonalaridan biriga joylashtirilgan», - dedi qo‘mita rasmiysi.

Alekseyevning holati va jarohatining og‘irlik darajasi haqida rasman xabar berilmayapti. Ayrim mahalliy pabliklarning yozishicha, generalning holati og‘ir deb baholanmoqda.

Hujum yuzasidan qotillikka urinish va o‘qotar qurollarning noqonuniy muomalasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

OAVda Alekseyev Ukrainadagi harbiy harakatlarda qatnashayotgan rossiyalik «ko‘ngillilar» tuzilmalarining asosiy kuratorlaridan biri ekani yozilgan. Xususan, u «Vagner»ga muqobil tarzda tuzilgan «Redut» xususiy harbiy kompaniyasi faoliyatiga mas’ul bo‘lgan.

Bu Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan buyon rossiyalik yuqori martabali harbiy mulozimlarga qarshi uyushtirilgan navbatdagi suiqasd bo‘lmoqda.

Tramp Hindistonga boj to‘lovlarini bekor qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Hindistondan eksport qilinadigan mahsulotlarga nisbatan joriy etilgan 25 foizlik bojni bekor qildi. Bu boj Nyu Dehli Rossiyadan neft sotib olayotgani bilan asoslangan edi. AFP agentligi hujjat matnidan keltirgan iqtiboslarga ko‘ra, «Hindiston Rossiya Federatsiyasidan neftni to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita import qilishni to‘xtatish majburiyatini oldi». Shu sababdan Hindistondan AQShga eksport qilinadigan tovarlarning bir qismiga nisbatan boj to‘lovlarini undirish to‘xtatiladi.

AQSh prezidenti Hindistonga nisbatan 25 foizlik bojni 2025 yil avgust oyida joriy etgan edi. U qarorini Nyu Dehli Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinini davom ettirayotgan bir paytda RFdan neft xarid qilayotgani bilan izohlagan. Tramp ta’kidlashicha, bunday neft xaridlari Rossiyaning «harbiy mashinasi»ni moliyalashtirmoqda.

Shundan beri Oq uy rahbari bir necha bor Hindistonni RFdan neft xarid qilishdan voz kechishga ko‘ndirganini aytgan. Ammo bu bayonotlar tasdiqlanmagan.

Hindiston hukumat organlari energetika siyosati o‘zgargani haqida bayonot bermagan, Rossiya ham bu haqda izoh bermadi. Faqat shu ma’lum: Hindiston savdo vaziri Piyush Goyal bir kun oldin parlamentda chiqish qilib, hukumat «energiya manbalarini diversifikatsiya qilish»ga asoslangan strategiyani amalga oshirayotganini aytdi.

Дониёр Тухсинов
Tayyorlagan Дониёр Тухсинов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid