Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pekindagi paraddan kutilmalar: Xitoy qudratining namoyishi va armiya boshqaruvidagi inqiroz
Ertaga Xitoy II jahon urushi yakunining 80 yilligini – o‘zining yangi raketa va qurollari, shuningdek Putin va Kim Chen In ishtirokidagi parad bilan nishonlaydi. Si Jinping raisligida harbiy chiqishlar nafaqat milliy g‘ururni oshirish, balki Tayvan, AQSh va Yaponiyaga qaratilgan geosiyosiy signal sifatida ham talqin qilinmoqda.
Foto: Reuters
3 sentabr kuni Pekindagi Tiananmen maydonida Xitoy yetakchisi Si Jinping raisligida yirik harbiy parad bo‘lib o‘tadi. II jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan parad, aslida milliy g‘ururni oshirish, Xitoyning harbiy qudrati va diplomatik salohiyatini namoyish etishga mo‘ljallangan. Tadbirda Rossiya, Eron, Turkiya, Shimoliy Koreya va Markaziy Osiyo yetakchilari ham qatnashadi.
Xitoyning tashqi siyosati bo‘yicha mutaxassis David Personning yozishicha, bu Si, Putin, Kim va Mas’ud Pezeshkianning ilk yig‘ilishi bo‘ladi.
«Xitoy paraddan Ikkinchi jahon urushi yakunlanishining 80 yilligini nishonlash uchun foydalanmoqda. Tadbir mamlakatning eng yangi qurollarini ko‘rsatish hamda Kommunistik partiyaning Yaponiya imperiyasini mag‘lub etishda Xitoyning e’tirof etilmagan hissasi borligi haqidagi da’vosiga e’tibor qaratish uchun tashkil etilgan», deydi muallif.
Paradga tayyorgarlik jarayonida Pekinda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan: mashqlarda 40 mingdan ortiq askar, fuqaro va xodim ishtirok etdi. Parad yo‘nalishi Tiananmen maydoni va Taqiqlangan shahar darvozasi yonidan o‘tuvchi markaziy Changan prospekti bo‘ylab o‘tadi.
Kutilayotgan mehmonlar orasida Myanma xuntasi rahbari Min Aung va Kongo prezidenti Denis Sassu ham bo‘lishi mo‘ljallangan. Bu rahbarlarning mamlakatlari inson huquqlari bo‘yicha juda yomon ko‘rsatkichlarga ega.
Osiyo jamiyatining Xitoy bo‘yicha tahlil markazi xodimi Nil Tomasning aytishicha, tadbirda Chin yurti bilan chegaradosh 14 mamlakatning 11 tasidan rahbarlar ishtirok etmoqda. Bu esa «Xitoy allaqachon mintaqaviy superkuchga aylanganining yorqin namoyishi»dir.
Nimalar kutish mumkin?
Agar tadbirlar 2015 yilda Pekinda o‘tkazilgan Ikkinchi jahon urushi g‘alabasi paradi kabi bo‘lsa, tomoshabinlar qat’iy sahnalashtirilgan chiqishni kutishlari mumkin: g‘ozqadam tashlayotgan askarlar, harbiy marsh chaluvchi orkestrlar, osmonni rangli tutun izlari bilan bezab uchayotgan samolyotlar.
Ehtimol Si Jinping ham xuddi Putin kabi «Qizil bayroq» limuzinining lyukidan turib saf tortgan qo‘shinlarni ko‘zdan kechirishi, askarlar bilan salomlashishi mumkin.
Parad Xitoyning eng yangi qurollarini ham namoyish qilishi kutilmoqda. Ular orasida yadro qurolini tashiy oladigan qit’alararo ballistik raketalar, yangi avlod tanklari va turli xil uchuvchisiz qurollar bor. Xitoy o‘zining ta’kidlashicha, tinchlikni saqlash va tashqi agressorlardan, xususan AQShdan, himoyalanish uchun kuchli armiyaga muhtoj.
Tahlilchiga ko‘ra, Pekinning Tayvanga bostirib kirish salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan ayrim qurollarning ham parad davomida namoyishi kutilmoqda. Masalan, gipertovushli kema uruvchi raketalar AQSh dengiz kuchlarining Tayvanni himoya qilishini qiyinlashtirishi mumkin. Jangovar dronlar esa Xitoy armiyasiga orolning tog‘li relefini yaxshiroq o‘rganishga yordam beradi.
Urushning qayta talqini va armiyadagi inqiroz
New York Times tahlilchisiga ko‘ra, Kommunistik partiya paraddan tashqari, kengroq kampaniya doirasida millatchilik va anti-yapon kayfiyatni kuchaytirishga intilmoqda. Tadbirga qadar Xitoy bo‘ylab Yaponiyaning imperial armiyasi shafqatsizligiga bag‘ishlangan filmlarni targ‘ib qilib, kinoteatrlarda tomoshabinlar to‘ldirildi.
«Bunday kayfiyat partiya uchun siyosiy jihatdan foydali. Urushdagi jarohatlarni eslatish orqali partiya ichki qo‘llab-quvvatlashni safarbar qilishi mumkin. Ayniqsa iqtisodiy tanazzul, yoshlar ishsizligi va AQSh bilan taranglik sharoitida bu qo‘llov juda muhim. Bu siyosat Yaponiya bilan ziddiyatlarni ham kuchaytirdi. Xususan, o‘tgan hafta Pekin Tokio ustidan norozilik bildirdi: Yaponiya ayrim hukumatlardan paradga bormaslikni so‘ragani haqida xabarlar tarqaldi».
Paradda Si Jinping Ikkinchi jahon urushidagi Xitoyning roli ko‘proq ekanini ta’kidlashi kutilmoqda, chunki bu holat ham G‘arbda odatda tan olinmaydi. Tahlilchilarga ko‘ra, urushni qayta talqin qilish ikki maqsadga xizmat qiladi: kommunistik partiyani millat qutqaruvchisi sifatida ko‘rsatish va Pekinning hududiy da’volarini mustahkamlash.
Xitoy o‘zining harbiy qudratini ko‘rsatishga ishtiyoq bilan urinayotgan bo‘lsa-da, ayni paytda mamlakat harbiy rahbariyati korrupsiyaga qarshi kurash oqibatida inqiroz holatida kelgan.
Xususan, Bloomberg nashri avvalroq, Si Jinping shaxsan o‘zi tayinlagan 79 nafar generaldan 14 nafari omma e’tiboridan g‘oyib bo‘lgan yoki tergovga tortilgani haqida yozdi.
Tozalashlar oqibatida Xitoy armiyasining oliy kollegial organi – Markaziy harbiy kengashda yetti a’zodan faqat to‘rt nafari qoldi. Bu Mao Tszedun davridan beri eng past ko‘rsatkichdir.
Mavzuga oid
09:13 / 25.12.2025
Zelenskiy: Rossiya Xitoy sun’iy yo‘ldoshlari ma’lumotidan foydalangan bo‘lishi mumkin
15:21 / 22.12.2025
Xitoy noyabrda Rossiyadan rekord miqdorda oltin sotib oldi
18:22 / 20.12.2025
Xitoydan olib kelingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari chegarada ushlab qolinayotganiga izoh berildi
07:52 / 20.12.2025