Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yotoqxonaga qanday joylashish mumkin, kimning navbati birinchi keladi?
Talabalar my.gov.uz sayti/ilovasi orqali yoki davlat xizmatlari markaziga borgan holda ariza jo‘natib, yotoqxona uchun navbatga yozilishi mumkin. Bunda imtiyozli va umumiy ro‘yxatdagi nomzodlar ketma-ket ko‘rib chiqiladi. Xo‘sh, jarayon o‘zi qanday kechyapti? Yotoqxonaga joylashish qanchalik oson yoki qiyin? Uning to‘lovi qancha? Kun.uz materialida shu haqda so‘z boradi.
3 sentabr kuni OTMlarda 1-kurs talabalari uchun darslar boshlandi. Yuqori bosqichlar uchun o‘quv yili 8 sentabrdan start oladi.
Har o‘quv yili boshlanishi bilan yashash joyidan uzoqda tahsil oluvchilar uchun yotoqxona yoki ijaraga turar joy topish masalasi dolzarblashib qoladi. Kun.uz bu boradagi savollar bilan Oliy ta’lim vazirligi bosh mutaxassisi Laziz Mingishov bilan suhbatda bo‘ldi.
Uning aytishicha, Vazirlar Mahkamasining 376-sonli qarori bilan 2024 yildan boshlab talabalar turar joyiga joylashtirish raqamlashtirilgan va buning ma’muriy reglamenti tasdiqlangan.
“Ushbu ma’muriy reglamentga ko‘ra, talabalar bevosita talabalar turar joyiga joylashish uchun davlat xizmatlari markazlariga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ariza berish yo‘li bilan talabalar turar joyiga joylashtiriladi.
Dastlab imtiyozli va umumiy ro‘yxatdagi talabalar ketma-ket mezonlar asosida joylashtiriladi. Imtiyozli talabalarga: birinchi, ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan talabalar, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dagi oila farzandlari, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiradigan talabalar, bundan tashqari, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, chin yetim bo‘lgan talabalar, undan keyin Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan respublika bo‘yicha o‘tkaziladigan fan olimpiadalari g‘oliblari, turli tanlovlar: “Zakovat”, talabalar teatr studiyalari g‘oliblari bo‘lgan talabalar, bitta oilada ikki va undan ortiq kontraktda o‘qiydigan oila farzandlari kiradi. Bu mezonlar ketma-ketligida talabalar turar joyiga joylashtiriladi.
Undan keyin umumiy ro‘yxatdagi talabalar joylashtiriladi. Bularga ham mezon belgilangan: bakalavriatning kunduzgi shaklida o‘qiydigan talabalar to‘liq yotoqxona bilan ta’minlanmasdan turib, kechki va sirtqi ta’lim shaklida o‘quvchilarga joy berilmaydi. Bakalavr birinchi joylashmasdan turib, magistrga va undan keyingi bosqichlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Ustuvorlik berilgan bo‘ladi”, – dedi Mingishov.
Ariza bergandan keyin
Talaba yotoqxonada joylashish uchun ariza berganidan keyin imtiyozli yoki umumiy navbat ro‘yxatiga kiritiladi. Shu sababli har yili arizalar qabuli boshlanishi bilanoq navbatga yozilib qo‘yish kerak. Talaba qancha erta ariza bersa, navbati kelishi shuncha tezroq bo‘ladi.
Talaba ariza berganidan keyin ham undagi ma’lumotlarni tahrirlashi mumkin. Yotoqxonadagi, xususan tegishli fakultet bo‘yicha mavjud bo‘sh o‘rinlari haqidagi ma’lumot arizachilarga ko‘rinib turadi. Bo‘sh joy paydo bo‘lgan taqdirda, avvaliga imtiyozli ro‘yxat, keyin umumiy ro‘yxatdagi da’vogarlarga navbati kelgani haqida xabarnoma va yo‘llanma beriladi.
Yo‘llanmani olgan talaba oliy ta’lim muassasasi bilan shartnoma tuzishi va yotoqxona uchun to‘lov qilishi kerak.
“Bugungi kunda talabalar turar joylarining narxlari joylashgan hududiga qarab 300-400 ming so‘m atrofida. Bu narxlar universitetning ilmiy kengashi orqali belgilanadi, tasdiqlanadi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining buyrug‘i asosida talabalar turar joyi to‘lovlaridan ozod etiladigan talabalar ham mavjud. Bu ham OTMning ilmiy kengashi tomonidan tasdiqlangan holatda to‘liq yoki qisman ozod etilishi mumkin. Bu ham o‘sha ilmiy kengash qaroriga qarab, universitetning moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqib belgilanadi”, – dedi vazirlik rasmiysi.
Ko‘maklashuvchi maxsus markazlar
Bundan tashqari, Lazizxon Mingishov hozirda har bitta OTM yaqinida talabalarni turar joyga joylashtirishda ko‘maklashish markazlari tashkil etilganini, bu yotoqxona uchun yo‘llanma ololmaganlarga yordam berayotganini aytdi. Hozir bunday markalarning soni 368 tani tashkil etadi.
“O‘sha markazda volontyorlar biriktirilgan. Talaba kelishi bilan yotoqxonasiga bo‘lsa, yotoqxonaga joylashtirib qo‘yadi, yordamlashadi. Yoki ijara xonadonlari bazasini shakllantirib qo‘yishgan, ularga ijaraga uy topib beradi.
Bu – uch-to‘rt yildan beri bo‘layotgan tajriba. Hozir shunaqa ommalashdiki, ijara xonadon egalarining o‘zlari kelib bazasini shakllantirib ketyapti. “Men talabalarni ijaraga qo‘ymoqchiman” deb, ma’lumotini berib ketishyapti. Oldin o‘zlari qidirishgan bo‘lsa, hozir kelib yozdirib ketishyapti”, – dedi mas’ul.
2025 yilga kelib O‘zbekistondagi talabalar soni 1,5 mln nafarga yetgan, shundan kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiydiganlar 540 mingdan ziyodni tashkil etadi. Ularning 270 mingga yaqini turar joyga ehtiyoji bor. Lekin talabalar turar joylaridagi o‘rinlar soni 155,8 mingta, ya’ni yotoqxonalar umumiy ehtiyojning 57 foizini qondira oladi.
Laziz Mingishov bu qamrov kamligini, lekin to‘liq qamrab olish imkoniyati cheklanganini aytib, bu boradagi vaziyat yildan yilga yaxshilanishiga umid bildirdi.
Kun.uz'ning keyingi materialida davlat-xususiy sheriklik asosida yotoqxona qurish bo‘yicha belgilangan vazifaning ijrosi haqida so‘z boradi.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Mavzuga oid
08:45 / 25.12.2025
OTM davlat akkreditatsiyasi: baholash tartibi va majburiy indikatorlar belgilandi
15:15 / 23.12.2025
Rossiyada universitetlardagi 45 ming pulli o‘rin qisqartiradi
09:53 / 11.12.2025
OTMda sessiyalar 12 yanvardan boshlanadi
18:52 / 06.12.2025