O‘zbekiston | 22:34 / 06.05.2023
69045
5 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda O‘zbekiston bayrog‘i tasviridagi “Bitiruvchi” yozuvli lentani taqib yurgan yigit qo‘lga olindi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi bozorda O‘zbekiston bayrog‘i ranglarida ishlangan, “Bitiruvchi” yozuvi tushirilgan lentani taqib yurgan yigit IIB xodimlari tomonidan kuch bilan olib ketilayotgani aks etgan video tarqaldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan kadr

Kun.uz Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmatidan olgan ma’lumotga ko‘ra, voqea kecha, 5 may kuni Qamashi tumanidagi Chim dehqon bozorida sodir bo‘lgan.

“2023 yil 5 may kuni Qamashi tumani Chim dehqon bozorida bir nafar fuqaro yelkasiga O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘ini taqib yurgani bozorda xizmat o‘tayotgan Qamashi tumani IIB JXX HPB TP profilaktika inspektorlari tomonidan aniqlangan.

Fuqaro to‘xtatilib, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat ramzlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga ko‘ra bayroqni bunday olib yurish mumkin emasligini, uni yechib qo‘yib davlat ramzlariga hurmatsizlik qilmasligini tushuntirganida, fuqaro IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, qarshilik ko‘rsatgan.

Natijada belgilangan tartibda Qamashi tumanida yashovchi fuqaro R.I. bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan”, deyiladi viloyat IIB axborot xizmati ma’lumotida.

Holat yuzasidan fuqaroga MJtKning “tegishli moddalari”ga ko‘ra hujjatlar rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar qonuniy to‘xtamga kelish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudiga yuborilgan.

Shu o‘rinda IIB xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan ba’zi savollar kelib chiqmoqda.

Bir tomondan, ular qonun bo‘yicha harakat qilgan. Chunki 1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i haqida”gi qonunning 5-2-moddasida shunday deyilgan:

“O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas.

Nodavlat notijorat tashkilotlarining ramzlari O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘iga o‘xshash bo‘lishi mumkin emas”.

Lekin har yili 25 may kuni maktablarda so‘nggi qo‘ng‘iroq chalinadigan kun yaqinlashganda butun mamlakat bo‘ylab bozorlarda O‘zbekiston bayrog‘i ramziga “Bitiruvchi” deb yozilgan lenta savdosi avj oladi. Bunday lentalarni so‘nggi qo‘ng‘iroq kuni minglab maktab bitiruvchilari taqib yuradi. Balki qayerlardadir bunday lentalar oyoq ostiga ham tashlanib ketar. Lekin bu holatda lenta ishlab chiqaruvchilarga ham, bitiruvchi yoshlarga ham javobgarlik qo‘llash masalasi ko‘rilmaydi, shunday ekan, bu norma nega qamashilik yigitga kelganda ishlab ketdi?

Katta ehtimol bilan IIB xodimlari qamashilik yigitni bozor hududidan qo‘lini qayirib olib ketishayotganda, sal nariroqda shu lentani tadbirkorlar erkin sotayotgan bo‘lgan. Axir 25 may yaqinlashyapti.

Boshqalarga indamasdan, balki havasi ketib, balki 25 may yaqinlashmasdan oldinroq xarid qilib qo‘yish maqsadida lentani olib yelkasiga taqib yurgan birgina yigitga chora ko‘rilishi adolatdan emas.

So‘nggi yillarda shundoq ham IIB tizimining obro‘sini tushirib yuborayotgan xodimlar yetarlicha chiqib turibdi. Qamashidagi hodisa ham bozordagi ko‘plab odamlarning ko‘z o‘ngida sodir etilgani inobatga olinsa, bunday ishlar IIB xodimlariga obro‘ olib kelmasligi aniq.

Ma’lumot uchun, MJtKning 203-1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining davlat bayrog‘i, davlat gerbi yoxud davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, fuqarolarga BHMning 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 3 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksining 215-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining davlat bayrog‘i, davlat gerbi yoxud davlat madhiyasiga hurmatsizlik qilish – BHMning 25 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh,
jurnalist

Mavzuga oid