Jahon | 12:00 / 06.05.2020
42707
11 daqiqa o‘qiladi

Aholiga tarqatilgan yordam puli, jurnalistlardan uzr so‘ragan rasmiylar - karantindagi Qozog‘iston haqida

Kun.uz muxbiri pandemiyaning Markaziy Osiyo davlatlariga ta'siri va ko‘rilayotgan choralar yuzasidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston jurnalistlari bilan suhbatlashdi.

Navbatdagi maqolada Qozog‘istondagi vaziyat haqida so‘z boradi. Bu haqda qozog‘istonlik jurnalist Alisher Satvaldiyev ma'lumot berdi.

– Markaziy Osiyo davlatlari orasida koronavirusga chalinish holati birinchi bo‘lib Qozog‘istonda aniqlandi. O‘sha paytda mamlakatda joriy qilingan dastlabki cheklovlar nimalardan iborat bo‘ldi? Hozir vaziyat qanday, karantin cheklovlari yumshatildimi?

– Qozog‘iston Xitoy davlati bilan chegaradosh. O‘zbekiston, Tojikiston va boshqa davlatlarga ushbu davlat filtr vazifasini ham bajarib beryapti, deyishimiz mumkin. Chunki boshqa davlatlarning fuqarolari Qozog‘iston orqali o‘tib, chegaralar yoki boshqa bir blokpostlarda isitmasi bor, virusning belgilari bor fuqarolar o‘sha yerning o‘zida karantin muddatini o‘tkazyapti. Qozog‘iston shaharlarida O‘zbekiston fuqarolari ham davolanayotgani to‘g‘risida ham ma'lumotlar bor.

Hukumat tomonidan dastlabki chora-tadbirlar 16 martdan e'lon qilindi. Bunda birinchi bo‘lib Nur-sulton shahri, undan so‘ng Olmata shahri va uchinchi bo‘lib Chimkent shahri karantinga olindi.

Ko‘pgina davlatlar qatorida Qozog‘iston ham 1 maygacha deb e'lon qilgan edi, biroq keyin 11 mayga qadar uzaytirdi. Hozirgi kunda prezidentning bayonnomasidan keyin 4 maydan 11 mayga qadar korxonalar bosqichma-bosqich ishga tushirilishi iqtisodiyotni qaytadan yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari ko‘zda tutilmoqda. Kechagina blok-postlar olindi (suhbat 1 may kuni yozib olingan), ko‘chalarda mashina va transportlar qatnovi, shuningdek, fuqarolarning yurish-turishi sezilarli ko‘paygan.

4 maydan boshlab ayrim korxona va tashkilotlarning faoliyati tiklana boshlaydi. 11 maydan boshlab favqulodda vaziyat bekor qilinadi, degan umidimiz bor.

Alisher Satvaldiyev

Markaziy Osiyo davlatlari ko‘pchiligi agrar davlatlar hisoblanadi. Qozog‘istonda ham xuddi O‘zbekistondagidek qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga o‘z faoliyatlari bilan shug‘ullanishga ruxsat berildimi? Yoki ular haligacha karantin cheklovlari ta'siri doirasida qolishyaptimi?

– Bizda bu masala endi ko‘tarilmoqda. Chunki O‘zbekistondan farqli o‘laroq, Qozog‘iston mintaqa shimolida joylashgan. Shu sababli ekinlar endi hosilga kirishni boshlamoqda.

Hozirgi kunda muammo bo‘lib turgan asosiy holatlardan biri – bu karam eksporti. Kecha davlat miqyosida shu muammo ko‘tarildi. Dehqonlarimiz 300 ming tonnadan ziyod karamni eksportga chiqarishi kerak. Mahsulotning narxi Qozog‘istonning o‘zida 10-15 tangaga tushib ketgan. Shuningdek, ko‘p joylarda bu karamlarni oladigan odamning o‘zi yo‘q.

Bugungi kunda Rossiya va boshqa davlatlar bilan logistika aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha hukumat ish yuritmoqda. Rossiya ham karantin holatida ekanini hisobga oladigan bo‘lsak, bu qiyinchilik tezda hal bo‘lishi mumkin emas. Dehqonlarimizning o‘zi 15 mlrd. tengedan ziyod mablag‘larini ushbu karam mahsulotlarini yetishtirishga sarflashgan. Bularning barchasi hukumat tomonidan to‘lanish yoki biror imtiyozlar berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Fuqarolarimizga keladigan bo‘lsak, ularga hukumatimiz tomonidan 42500 tenge miqdorida eng oz oylik ko‘rsatkichida yordam puli tayinlangan. Bugungi kungacha 4 mln. 250 ming kishi bu imtiyozlarni olgani haqida ma'lumot berilgan. Buni O‘zbekistonning so‘mi bilan solishtiradigan bo‘lsak, 1 million so‘m atrofidagi pul bo‘ladi.

Bundan tashqari, 15 ming tenge miqdorida kommunal to‘lovlarga davlat tomonidan yordam berilmoqda va oziq-ovqat bilan taminlash bo‘yicha ham milliondan ortiq yordam ko‘rsatilgan.

Mamlakat aholisi karantin cheklovlariga nisbatan qanday munosabatda bo‘ldi? Odamlar buni to‘g‘ri tushunib uylarida o‘tirishdimi yoki cheklovlarni nazar-pisand qilmagan holatlar kuzatildimi?

– Boshida bunday holatlar kuzatildi. O‘zimiz jurnalist bo‘lganimiz sababli xalqning orasida yurib, tinim bilmay ishladik. Aholi o‘rtasida hatto koronavirus o‘zi bormi, degan savollarni ham beradiganlar bor. 17-18 million xalqning o‘rtasida bundaylar ham topiladi. Idoralar o‘z ishini, volontyorlar o‘z ishini qildi va tartibga keltirildi, desak ham bo‘ladi.

– Pandemiya sharoitida axborotga bo‘lgan ehtiyoj har qachongidan oshib ketdi. Shuning barobarida aholini vahimadan asrash, axborotni to‘g‘ri yetkaza bilish, ijtimoiy tarmoqlardagi turli xil vahimali chiqishlarning oldini olishda Qozog‘istondagi OAVning roli qanday bo‘ldi?

Alisher Satvaldiyev

– Albatta, bunday vaziyatda jurnalistlarning o‘rni juda katta. Davlat tomonidan, shtab tomonidan berib turilgan har qanday ma'lumotlarni vaqtida odamlarga yetkazib turish masalasi har qachongidan ko‘proq ahamiyat kasb etdi. Shuning uchun saytlar, gazeta va televideniye – barchasi ishladi.

Qozog‘istonda turli komissiyalar tashkil etildi. Masalan, blokpostlarda qanday jarayonlar bo‘layapti, shtab qanday faoliyat yuritmoqda, bularning barchasini nazorat qilish hamda monitoringini yuritish uchun alohida-alohida guruhlar tuzildi. Mazkur guruhlarda o‘zimizning jurnalistlar ham bo‘ldi, jarayonni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi, xalqqa ko‘rganlarini yetkazib turishdi.

Bundan tashqari, qator viloyatlarda jurnalistlar bilan davlat xizmatchilari o‘rtasida, politsiya xodimlari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘ldi. Bir shaharda ikki jurnalistni qamab qo‘yishdi. Keyin axborot vaziri chiqib politsiya xizmatchilarining qilayotgan ishlari durust emasligini aytdi. Bu bayonot ortidan jurnalistlardan kechirim so‘raldi.

– Aholi epidemiyaning oldini olish bo‘yicha hukumat tomonidan ko‘rilayotgan choralarni qo‘llab-quvvatlayaptimi yoki bu boradagi harakatlar ertaroq joriy qilib, chegaralarni ertaroq yopishimiz kerak edi, deya tanqid qilishayaptimi?

– Albatta, bunday gaplar bo‘ldi. Chegaralarning hammasini yopish kerak, degan masalalar ko‘tarildi. Lekin chet ellarda yurgan Qozog‘iston fuqarolarini kiritish masalasi turdi. Ularni olib kelib, har qaysisini Olmata, Nur-sulton shaharlarida karantinda ushlab turildi. Shuning uchun ham ushbu shaharlarda virusni yuqtirganlar soni ko‘p. Shu bilan birga, karantin zonalarida Qirg‘iziston, O‘zbekiston fuqarolari ham bor.

Avvalambor, aholi tomonidan, ma'lum bir shaxslar tomonidan hukumatning sa'y-harakatlariga tanqidiy ko‘z bilan qarab, davlat chegaralarini yopib tashlash kerak yoki bo‘lmasa karantin zonalari, koronavirusga chalinganlarni davolaydigan maxsus markazlarni tashkillashtirishga qarshi bo‘lganlar ham bo‘ldi. Lekin hukumat tomonidan ularga bunday zonalar shaharlardan chekka joylarda joylashtirilgani tushuntirildi va bu aholini sal bo‘lsayam tinchlantirdi, deb o‘ylayman.

Olmata, Chimkent va Nur-sulton shaharlarida tez fursatlarda qurilgan davolash o‘rinlari, maskanlari tashkil etildi. Bu ham ba'zi qarshi fikr tarafdorlarini sal bo‘lsa-da tinchlantirdi.

Shu bilan birga, Qozog‘istonda uchinchi chorak ta'tillaridan so‘ng o‘quvchilar maktabga borgani yo‘q. Universitetlar, maktablar va bolalar bog‘chalarining hammasi masofaviy onlayn tartibda ishlashmoqda. Ko‘pchilik ota-onalar farzandlarining onlayn darslari bilan ovora bo‘lib qolishdi. Ko‘p ota-onalar qaytadan maktablar ochilishini so‘rab chiqishdi, hatto o‘quvchilarning o‘zi ham maktabga borishni iltimos qilgan holatlar bo‘ldi. Ko‘pchilik o‘qituvchilarning mehnati naqadar qiyinligini o‘z tanasida his qilib ko‘rdi.

Chet elda qolib ketgan qozog‘istonliklarning hammasi mamlakatga olib kelindimi yoki yurtga qaytishni haligacha kutayotganlar bormi?

– Xoridagi aksariyat qozog‘istonliklar mamlakatga olib kelindi. Biroq o‘z xohishi bilan chet davlatlarda qolgan talabalar bor. Masalan, Xitoyning Uhan shahrida o‘qiyotgan talabalar ham u yerda o‘z xohishi bilan qolishgan.

Vatanga qaytmoqchi bo‘lgan, biroq qaytolmayotgan qozog‘istonliklar haqida ma'lumotlarga ega emasmiz.

Alisher aka, Markaziy Osiyoda davlatlari orasida koronavirus oqibatida qad etilgan eng ko‘p o‘lim holati Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Buning sabablari nimada deb o‘ylaysiz?

– To‘g‘ri, bugungi kunda 25ta o‘lim holati bor, afsuski. Lekin Yevropa davlatlari bilan hisoblaydigan bo‘lsak, bu hisobga ham kirmaydigan ko‘rsatkich. Men endi buni boshqa bir tomonini ham o‘ylab ko‘rganman. Bu yerda endi iqlim sharoitini ham hisobga olishimiz kerak, deb o‘ylayman, chunki O‘zbekistonga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, ularning ko‘pchiligi dehqonchilik bilan shug‘ullanishadi va toza havodan nafas olishadi. Ularga esa hech qanday karantinning keragi yo‘q.

Qozog‘istonning janubidagi aholi, shaxsan o‘zimizning Chimkentda vafot etganlar nisbatan kam. Iqlimi namgarchilikni tashkil etadigan Nur-sulton, Olmata shaharlarida ko‘p.

O‘lim holatlari asosan 60-70 yoshdan oshgan shaxslar orasida kuzatilyapti. Kechagina 97 yoshdagi bemorda o‘lim holati qatd etildi. Shuning bari o‘z ta'sirini ko‘rsatyapti, deb o‘ylayman.

Bolalar, ayollar o‘rtasida o‘lim holati kuzatilmadimi?

– O‘rta yoshlilar orasida o‘lim holati kuzatildi. Masalan, 40 yosh, 35 yosh atrofidagi kishilarda ham o‘lim holati qayd etildi. Faqatgina bularning qo‘shimcha xastaliklari borligi uchun o‘limga olib kelgani ta'kidlanyapti.

Kasallik yuqtirganlarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, eng ko‘p bemorlar – 20-40 yosh orasida. Ularning davolanish jarayoni ham ko‘p bo‘ladi.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.

Mavzuga oid