O‘zbekiston | 20:10 / 07.02.2020
37107
4 daqiqa o‘qiladi

Kontraktda o‘qiydigan talabalarga kompensatsiya to‘lanmasligiga izoh berildi

Besh oy davomida «a'lo» va «yaxshi» o‘qigan, budjet asosida o‘quvchi talabalarning stipendiyasidagi tafovut 15 fevralgacha to‘lab beriladi. Bu haqda Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov ma'lum qildi.

Bugun, 7 fevral kuni Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligida Moliya vazirligi va OTM rektorlari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida stipendiya to‘lash tartibiga kiritilgan o‘zgartirishlar bo‘yicha qabul qilingan hukumat qarori yuzasidan muhim savollarga javob berildi.

Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov talabalarga stipendiya to‘lash tartibi haqida axborot berdi.

«31 yanvar kuni «Oliy ta'lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi. Qarorning eng muhim jihatlaridan biri – budjet asosida o‘qiyotgan talabalarga 2019 yil sentabr-yanvar oylaridagi kompensatsiya puli qoplab beriladi. Lekin to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan talabalarga bu qo‘llanmayapti.

Aynan shu jihat ko‘plab noroziliklarni keltirib chiqarmoqda. Sababini tushuntirib beraman. Kontrakt miqdorining sipendiyali va stipendiyasiz tartibini belgiladik. Talaba to‘lov uchun 400 ming so‘mdan berdi. 2019 yil sentyabrgacha faqat stipendiyali shartnoma to‘lovi bo‘lgan va bu to‘lovning qiymati «4» bahoning puli bo‘lgan. Bu qiymat tushirilib, 400 ming so‘m qilindi. Shuning uchun talaba 2019 yil sentyabrdan 2020 yil yanvar oyigacha bo‘lgan muddatda o‘zi to‘lagan shartnoma puliga mos ravishda stipendiya olgan. Bunga asoslanib to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan talabalarga stipendiya qayta hisob-kitob qilib berilmaydi. Talabalar bu haqida ogohlantirilgan. Shartnoma shartlarida ham belgilangan», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Buzrukxonovning qo‘shimcha qilinishicha, budjet asosida o‘qiyotgan talabalarga stipendiya qayta hisob-kitob qilinishining sababi ular davlat hisobidan ta'lim olishmoqda. Shunga mos ravishda hukumat ularga kompensatsiya to‘lovini amalga oshiradi. Ushbu kompensatsiya puli joriy yilning 15 fevraligacha to‘lab beriladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta'lim muassasalarining barcha talabalarga bir xil — 400 ming so‘m miqdorida stipendiya belgilanishi munozaralarga sabab bo‘lgan, talabalarga bir xil stipendiya to‘lanishi noqonuniy ekani aytilgandi.

Sarvar Buzrukxonov

Vazirlar Mahkamasining 31 yanvar kuni qabul qilinib, 5 fevral kuni e'lon qilingan «Oliy ta'lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, OTMlarda davlat granti asosida ta'lim olayotgan «a'lo» (reyting ko‘rsatkichi – 86 ball va undan yuqori) hamda «yaxshi» (reyting ko‘rsatkichi – 71 ball va undan yuqori) o‘zlashtirgan talabalarga tajriba-sinov tariqasida 2019 yil 1 sentyabrdan 2020 yil 1 fevralga qadar haqiqatda to‘langan hamda hukumatning tegishli qarori asosida to‘lanishi lozim bo‘lgan miqdorlar orasidagi tafovut tizimida OTMlar bo‘lgan vazirliklar va idoralarga 2020 yil uchun ajratilgan davlat budjeti mablag‘lari doirasida qoplanadi.

Ya'ni, qayta hisob-kitob faqat davlat grantidagilar bilan bo‘ladi, kontraktdagilar bilan emas.

 

Mavzuga oid