Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab:

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Moliya vazirligi tomonidan tajriba-sinov tariqasida oliy ta'lim muassasalarida davlat granti va stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan talabalarga (davlat granti asosida ta'lim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno) stipendiyalar bazaviy miqdorda (400 ming so‘m), shuningdek, “a'lo” o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan talabalarga stipendiyalar bazaviy stipendiya miqdoriga nisbatan qo‘shimcha 15 foiz miqdorda to‘langan;

to‘lov-kontrakg asosida ta'lim olish uchun talabalarga ularning o‘z xohishlariga ko‘ra, kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda to‘lash tartibi joriy etilgan, bunda stipendiyali to‘lov-kontraktlar tarkibida bazaviy stipendiya miqdorining yillik summasi nazarda tutilgan.

Oliy ta'lim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va to‘lash bo‘yicha 2019/2020 o‘quv yilining birinchi semestrida tajriba-sinov tariqasida amalga oshirilgan ishlar natijasidan kelib chiqib, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Moliya vazirligi hamda tizimida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarning 2020 yil 1 fevraldan boshlab quyidagilarni joriy qilish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi:

davlat granti, shuningdek, stipendiyali to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishning ishlab chiqarishdan ajralgan holdagi shakli (o‘qitishning kunduzgi shakli) bo‘yicha ta'lim olayotgan talabalarni (2019/2020 o‘quv yilida davlat granti asosida ta'lim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno) qat'iy belgilangan miqdordagi bazaviy stipendiya bilan ta'minlash;

o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan faqat “a'lo” o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga (reyting ko‘rsatkichi - 86 ball va undan yukori) ega bo‘lgan talabalarning stipendiyasini bazaviy stipendiyaga nisbatan 20 foizga oshirilgan holda belgilash;

o‘quv semestri yakuni bo‘yicha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarining 30 foiz va undan ortiq qismi “qoniqarli” baho (reyting ko‘rsatkichi - 71 balldan kam) bo‘lgan davlat granti asosida ta'lim olayotgan talabalarga (2019/2020 o‘quv yilida davlat granti asosida ta'lim olayotgan bitiruvchi kurs talabalari bundan mustasno) navbatdagi o‘kuv semestri mobaynida stipendiya tayinlamaslik;

to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan hamda to‘liq davlat ta'minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sirasiga kiruvchi talabalarga stipendiya to‘lovlarini O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshirish;