Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qozog‘istonda o‘ta xavfli kasallik, 10 yillik vizadan mahrum qirg‘izlar va ruslarga berilmaydigan pasport
Qozog‘istonda o‘ta xavfli kasallik – kuydirgi tarqaldi, ikki qishloq karantinga olingan. Qirg‘iziston rossiyaliklarga fuqarolik berishni to‘xtatdi. Xalqaro jinoiy sud “ Tolibon” yetakchisini hibsga olishga order berdi. Tojikistonga Qirg‘iziston prezidenti davlat tashrifi bilan kelib, 13 ta hujjatga qo‘l qo‘yib ketdi. Turkmaniston hukumati 1 avgustdan e’tiboran ta’tilga chiqib, «Avaza»da dam oladi. Qozog‘istonda uchuvchilarning ko‘ziga lazer tushirganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Qozog‘istonda kuydirgi tarqaldi
Qozog‘istonda o‘ta xavfli bo‘lgan kasallik – kuydirgi tarqaldi, ikki qishloq karantinga olingan. Og‘ir yuqumli kasallik odamlarga kasallangan hayvon, uning go‘shti yoki axlati bilan aloqada bo‘lish orqali yuqadi. Mahalliy nashr – “Tengrinews”ga ko‘ra, Qozog‘istonning Oqmo‘la viloyati Otbosar tumanidagi ikki qishloq kuydirgi kasalligi sabab karantinga olingan.
Iyun oyi oxirida Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri Otbosar tumanida 4 kishi kuydirgi kasalligiga chalingani haqida xabar bergan edi. Bemorlarning ahvoli o‘rtacha og‘ir deb baholangan. Vazir ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini aytdi. Epidemiyaga qarshi choralar ko‘rildi. Shu bilan birga, Alnazarova viloyatda karantin joriy etilmasligini aytgandi.
8 iyul kuni ma’lum bo‘lishicha, Otbosarda karantin joriy etilgan. Cheklov choralari dastlab kuydirgi kasalligi aniqlangan qishloqlarda joriy etilgan. U yerda 19 kishida infeksiya aniqlangan, bir kishining ahvoli og‘ir.
«U yerga chorva va odamlar kirmasligi kerak. Biz hududni o‘rab oldik, to‘siq qo‘ydik. Respublika otryadi dezinfeksiya, qayta ishlash va utilizatsiya qilishni boshladi. Laboratoriya natijalarini olishimiz bilan 1 iyuldan darhol karantin joriy qildik. U yerda 19 bemor bor. Ular kuzatuv ostida, hammasi tuzalib ketmoqda, sog‘liqni saqlash tizimi ularni kuzatib bormoqda», dedi qishloq xo‘jaligi vaziri Aydarbek Saparov hukumat brifingida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qishloqlarda karantin 15 kun davom etadi. Shundan so‘ng, sinov uchun yangi namunalar olinadi. Agar kuydirgi borligi tasdiqlanmasa, karantin choralari bekor qilinadi.
Keyinroq vazirlik Aydarbek Saparov xato gapirganiga aniqlik kiritdi. Matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 19 kishidan tahlillar olingan: yettita holatda kuydirgi kasalligi aniqlangan, qolgan 12 nafarida salbiy natija qayd etilgan.
Kuydirgi – og‘ir yuqumli kasallik. Bu bakteriyalar odatda tuproqda yashaydi va hayvonlarga ta’sir qiladi - ham uy, ham yovvoyilariga. Odamlarda kasallik hayvon yoki uning axlati bilan aloqada bo‘lish, yaxshi pishirilmagan go‘shtni iste’mol qilish orqali uchta shaklda paydo bo‘lishi mumkin: teri, oshqozon-ichak va o‘pkada. Kasallik odamdan odamga yuqmaydi. Kasallikdan himoyalanish uchun go‘shtni faqat ishonchli joylarda, veterinariya nazorati ostidagi do‘konlar va bozorlardan sotib olish tavsiya qilinadi.
Qirg‘iziston rossiyaliklarga fuqarolik berishni to‘xtatdi
Qirg‘iziston rossiyaliklarga fuqarolik berishni to‘xtatdi. Endilikda tug‘ilganlik yoki ajdodlar orqali fuqarolik olishning eng qulay usullari ham ishlamaydi. Bu haqda Qirg‘iziston pasportlari bo‘yicha maslahatchi Mixail Juxovitskiy ma’lum qildi.
Qirg‘izistonni unuting. Endi fuqarolik olish imkonsiz. Hech qanday pul evaziga ham. Hech qanday shartlar bilan ham. 2025 yil 24 yanvardan keyin topshirilgan barcha arizalar — sizni shunchaki aldashdi.
«Mamlakatda avans yig‘ish juda avj olgan. Barcha ijrochilar, vositachilar va amaldorlar buni bilishadi — ular oldindan aldov uchun pul yig‘moqda», dedi davlat pasportlari bo‘yicha maslahatchi.
U 24 yanvardan keyin topshirilgan fuqarolik arizalari ko‘rib chiqilmagani va endi ko‘rib chiqilmasligini ham e’lon qildi.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi birorta ham shaxsni ma’qullamadi va ma’qullamaydi ham, deydi Juxovitskiy.
AQSh va Yevropa Ittifoqi sanksiyalari sababli rossiyaliklar orasida Qirg‘iziston pasportini to‘liq yordam bilan olish usuli ommalashgan edi. Bu boshqa mamlakatlarda bank kartalari ochish, viza olish va biznes yuritishga yordam bergan.
Hatto «Avito» va «Yandeks» reklamalarida pasport sotib olish takliflari paydo bo‘la boshladi. Xizmat narxi 1 million rublgacha yetdi, rasmiylashtirish esa yarim yilgacha cho‘ziladi. Masalan, 2022 yilda 2 mingdan ortiq kishi Qirg‘iziston pasportini olgan. Rossiyaning ayrim elitasi vakillari ham Qirg‘iziston fuqarosiga aylandi.
Turkmanistonda hukumat ta’tilga chiqadi
Turkmaniston hukumati 1 avgustdan e’tiboran ta’tilga chiqadi va mamlakatning nomdor kurort zonasi «Avaza»da dam olib, davolanadi. Bu haqida prezident Sardor Berdimuhammedov topshiriq bergan.
Turkmaniston prezidenti hukumatning birinchi yarim yillik yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishida qatnashib, 1 avgustdan boshlab qishloq xo‘jaligi kompleksi va viloyat hokimlaridan tashqari rahbarlarga 1 avgustdan mehnat ta’tiliga chiqish va uni mamlakat sanatoriylari va «Avaza» milliy turistik zonasida o‘tkazishga ruxsat berilishini ma’lum qildi.
4-8 avgust kunlari «Avaza»da BMTning dengizga chiqish imkoniyati yo‘q rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Prezident bu forumni o‘tkazish uchun tashkiliy ishlarda barcha yetakchilar qatnashishi zarurligini aytgan.
Prezident Berdimuhammedov 13 iyul kuni Turkmaniston xalqi Milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov raisligida «Avaza» milliy turistik zonasida bo‘lib o‘tadigan tashkiliy davlat qo‘mitasi yig‘ilishida barcha ishtirok etishi kerakligini eslatdi. Unda «Avaza»dagi konferensiyaga tayyorgarlik muhokama qilinadi. Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, xalqaro tadbir Turkmanistonning nufuzini oshirib, Ashxobod betaraf siyosatini bundan buyon ham izchil davom ettirishini ko‘rsatishi kerak.
XJS «Tolibon» yetakchisini hibsga olishga order berdi
Xalqaro jinoiy sud «Tolibon» yetakchisini hibsga olish bo‘yicha order berdi. Ma’lum bo‘lishicha, Xalqaro jinoiy sud 8 iyul kuni «Tolibon» yetakchisi Haybatulloh Oxunzoda va Afg‘oniston Oliy sudi rahbari Abdul Hakim Haqqoniyni ayollarni ta’qib qilishda ayblab, ularni hibsga olishga order bergan. Bu haqida CNN xabar berdi.
Bu ikki yetakchi «Tolibon»ning gender siyosatiga «mos kelmaydigan» ayol va qizlarga «buyruq berish, undash yoki da’vat qilish»da aybdor deb topilgan.
«Tolibon»ning oliy rahbari Haybatulloh Oxunzoda va guruh bosh sudyasi Abdul Hakim Haqqoniy 2021 yil 15 avgustdan beri gender asosida ta’qiblar amalga oshirgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi», deyiladi Xalqaro jinoiy sud bayonotida.
«Tolibon» hibsga olish orderlarini «bema’nilik» deb atab, XJSni tan olmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, sud «sof islom diniga dushmanlik va nafrat» ko‘rsatayotgani qo‘shimcha qilingan.
XJSga ko‘ra, «Tolibon» 2021 yil avgust oyida Afg‘onistonni o‘z nazoratiga olganidan beri ayollar va qizlarga nisbatan «zug‘um» o‘tkazib kelgan. Hattoki, jamoat joylarida ayollar ovozini «bostirgan».
Afg‘onistonda qizlarga oltinchi sinfdan keyin ta’lim olish taqiqlangan. Ayollar jamoat joylarida yopiq kiyimlarda yurishi lozim. Shuningdek, ular bilan qarindosh bo‘lmagan erkaklarga qarash man etilgan.
«Tolibon» aholiga umumiy qoida va taqiqlar qo‘ygan bo‘lsa-da, ayollarni asosiy huquq va erkinliklardan mahrum qilgan», deyiladi XJS bayonotida.
Hibsga olish orderlari BMT Bosh assambleyasining Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha rezolyutsiyasi qabul qilinganidan keyin berilgan.
Uchuvchiga lazer tutganlar jazolanadi
Qozog‘istonda lazer bilan samolyot uchuvchilari ko‘zini qamashtirganlarga jazo belgilanadi. Bu haqida mahalliy qozoq nashrlari xabar berdi. Ma’lum bo‘lishicha, yo‘lovchi samolyotlari ekipajlarining ko‘zini lazer qurilmalari bilan qamashtirish holatlari ko‘paygan. Endi jinoyat kodeksiga o‘zgartirish kiritilib, aniq jazo belgilanadi.
Odatda, bunday bezorilik samolyotlarning qo‘nishi yoki uchishi paytida sodir etiladi. Bu kabi xatti-harakatlar havo kemalaridan foydalanish xavfsizligiga tahdid soladi, deydi Respublika Adliya vazirligi vakili.
Ma’lum qilinishicha, 2023 yilning o‘zida uchuvchilarning ko‘zini lazer qurilmalari bilan qamashtirish bo‘yicha 60 ta holat qayd etilgan. Shulardan 35 tasi bo‘yicha ish sudga ham oshirilib, sudga qadar tergov harakatlari ham olib borilgan.
Uchuvchining ko‘ziga lazer tushirganlik – jinoyat deb baholanib, «bezorilik» moddasi asosida ish qo‘zg‘atilgan. Biroq 33 ta ish jinoyat tarkibi mavjud emasligi sababli to‘xtatilgan, 2 ta ish bo‘yicha esa tergov jarayoni to‘xtatib qo‘yilgan.
Eng ko‘p holatlar Olmaota shahri xalqaro aeroportida qayd etilgan. 6 yil davomida uchuvchilarning ko‘zini qamashtirish bilan bog‘liq 98 ta holat ro‘yxatga olingan. Dunyoda bunday harakatlar uchun jiddiy javobgarlik belgilangan.
«Avstraliya, Germaniya, Yangi Zelandiya, Kanada va AQShda bunday harakat lazerli hujum sifatida jinoyat deb tan olinadi. 2016 yilda O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga ham «Havo kemasidan foydalanish paytida lazer nuri bilan to‘sqinlik qilish» degan yangi modda kiritildi. Jazosi 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan belgilangan.
Germaniyada bunday qilmish uchun 315-modda «temiryo‘l, suv yoki havo transporti harakatiga xavfli aralashuv» bo‘yicha jinoiy javobgarlik belgilangan. 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan. Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti lazer nurlarining havo harakati xavfsizligiga tahdid solishini tan oladi, deya izoh berdi Qozog‘iston Adliya vazirligi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda Havo kemasidan foydalanish vaqtida lazer nurini yo‘naltirish orqali xalaqit berganlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 116−1-moddasida javobgarlik nazarda tutilgan.
Bunda BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha qamoq jazosi qo‘llanadi.
Qirg‘iziston prezidenti Tojikistonda
Shu hafta Qirg‘iziston prezidenti uzoq yillik tanaffusdan keyin davlat tashrifi bilan Tojikistonga keldi, ikki rahbar 13 ta hujjatga imzo chekdi. Sadir Japarovning bu safari Imomali Rahmonning chegara kelishmovchiliklariga to‘la barham berishni rasmiylashtirgan Bishkek safariga javoban tashkil qilindi. Mahalliy tojik nashri Asia Rlus Tajikistanʼning yozishicha, chegara hududlaridagi vaziyatni barqarorlashtirish va uzoq muddatli hamkorlik uchun poydevor qo‘yishga qaratilgan hujjat – Ishonch choralari to‘g‘risidagi bitim asosiy natijalardan biri bo‘lgan. Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy ko‘rsatkichlar sezilarli o‘sishi mumkin. 2025 yilning birinchi besh oyida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 6,35 million dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichlardan bir necha barobar ko‘p. Tashrif doirasida Tojikiston-Qirg‘iziston biznes-forumi ham bo‘lib o‘tdi, unda ishbilarmon doiralar energetika, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati va transport sohalaridagi hamkorlikni muhokama qilishgan.
AQSh qirg‘izistonliklarga endi 10 yillik viza bermaydi
AQSh Qirg‘iziston fuqarolariga beriluvchi 10 yillik noimmigratsion vizani bekor qildi, endi bunday viza 3 oygacha muddatga beriladigan bo‘ldi. Ilgari qo‘lida Qirg‘iziston pasporti bor fuqarolar bir necha marta kirib chiqish imkoni bilan 10 yillik muddatga viza olishardi. 3 oylik muddatga tushirilgan viza bilan faqat 1 marta kirish imkoni beriladi.
AQShning Qirg‘izistondagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, yangi viza cheklovlari prezident Jo Baydenning «AQShni milliy xavfsizlik va jamoat xavfsizligiga xorijiy terrorchilar va boshqa tahdidlardan himoya qilish» nomli farmoni bilan bog‘liq. Hujjatda ta’kidlanishicha, viza berish jarayoni Qo‘shma Shtatlarga kelayotgan chet el fuqarolari ehtimoliy xavf tug‘dirmasligi uchun maksimal kafolatlar berishi kerak.
Noimmigratsion vizalar AQShda sayyohlik yoki biznes, qisqa muddatli ishlash, o‘qish yoki tibbiy xizmat uchun vaqtincha qolishni rejalashtirganlar uchun mo‘ljallangan.
AQSh Davlat departamenti yaqinda bir qator davlatlar fuqarolari uchun viza muddati qisqartirilganini rasman tasdiqladi. Biroq bayonotda yangi cheklovlar qo‘yiladigan mamlakatlarning aniq ro‘yxati keltirilmagan.
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi ushbu choralar bir tomonlama, Qirg‘iziston tomonini oldindan ogohlantirmasdan qabul qilinganidan xavotir bildirdi. TIV rasmiy bayonotida qayd etilishicha, bunday harakatlar diplomatik muloqot va davlatlararo hamkorlik doirasida tushuntirishlarni talab qiladi.
Yaqin orada tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Almaz Imangaziyev va AQShning Qirg‘izistondagi elchisi Lesli Vigeri o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Muzokaralar chog‘ida tomonlar cheklovlarni joriy etish sabablari, ularni yumshatish bo‘yicha mumkin bo‘lgan chora-tadbirlar va kelajakda shu kabi holatlarning oldini olish choralarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda.
Mavzuga oid
13:06 / 30.11.2025
Sobiq prezidentning qamoqdagi o‘g‘li, qurib ketgan suv omborlari va Qozog‘istonda yana referendum – MO hafta ichida
13:06 / 23.11.2025
25 yillik jinoyat, rasmga olishga taqiq va Hindistonga qatnayotgan «Tolibon» vazirlari – Markaziy Osiyo hafta ichida
12:30 / 09.11.2025
Mintaqa liderlari Oq uyda yig‘ildi – Markaziy Osiyo hafta ichida
14:50 / 02.11.2025