Jahon | 15:48 / 20.01.2026
19655
10 daqiqa o‘qiladi

Tramp nega Erondagi namoyishchilarga yordamga kelmadi?

Eronliklar Tramp oyatulloh rejimini ag‘darishda yordam berishiga umid qilishgandi. Uning o‘zi ham namoyishlarni davom ettirishga chaqirib, «yordam allaqachon yo‘ldaligi»ni aytgandi. Keyin esa hech narsa qilmadi.

Shawn Thew / EPA / Bloomberg / Getty Images

28 dekabr kuni Eronda ommaviy namoyishlar boshlanganidan keyin AQSh prezidenti Donald Tramp Eron rejimiga hujum qilish bilan tahdid sola boshladi. 2 yanvar kuniyoq u AQSh namoyishchilarga yordamga borishi mumkinligini istisno etmagandi, 13 yanvar kuni esa to‘g‘ridan to‘g‘ri namoyishchilarni hokimiyatni ag‘darishga chaqirib, «yordam allaqachon yo‘lda» ekaniga ishontirdi. Ammo AQSh tomonidan Eron bo‘ylab hech qanday zarba bo‘lmadi. The Washington Post va Axios nashrlari Tramp nima uchun Eronga hujum qilishdan (kamida hozircha) tiyilganini aniqlashdi. «Meduza» bu maqola mazmunini keltiradi.

Tramp qachondan Eronga zarba berish haqida o‘ylab qolgandi?

Tramp 2 yanvar kuniyoq Erondagi vaziyatga aralashishi bilan tahdid qilgan bo‘lsa-da, («Agar Eron o‘z odatiga ko‘ra namoyishchilarni o‘qqa tutadigan va ularni shafqatsizlik bilan o‘ldiradigan bo‘lsa, AQSh ularga yordamga boradi»), uning ma’muriyati o‘sha vaqtda namoyishlarni oyatulloh rejimiga jiddiy tahdid sifatida ko‘rmagan. Amerika razvedkasi avvalboshdan ko‘chalardagi chiqishlarni yetarli darajada g‘ayratli emas deb baholagandi. Lekin bu baho 8 yanvarga kelib o‘zgaradi, bu vaqtda Erondagi namoyishchilar faolligi keskin ko‘tarilgandi.

9 yanvar kuni Oq uyda AQShning Erondagi norozilik namoyishlariga ehtimoliy reaksiyasi bo‘yicha yuqori darajadagi ilk yig‘ilish bo‘lib o‘tadi. Unda ishtirok etgan eng yuqori lavozimli mansabdor vitse-prezident Jyey Di Vens edi. Bu vaqtga kelib, Eron hukumati mamlakatda internetni o‘chirib qo‘ydi, jangovar qurollarni ishga solib, ko‘cha namoyishlari ishtirokchilarini yoppasiga o‘ldirishga kirishdi.

Bu yig‘ilishdan ko‘p vaqt o‘tmasdan, 10-11 yanvar kunlari Trampga Eron bo‘ylab zarbalar berish bo‘yicha bir necha variantlar taqdim etilgani haqida xabarlar chiqdi. Xuddi shu vaqtda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi vaziyatni yumshatish uchun Amerika prezidenti maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan bog‘landi. «Bir necha kun o‘tgach, bu norasmiy aloqa kanali Tramp tomonidan qabul qilingan qarorda muhim rol o‘ynadi», – deb yozadi Axios.

13 yanvar kuni Erondagi namoyishlar bo‘yicha yig‘ilishda Trampning o‘zi ham ishtirok etadi (bungacha u faqat razvedka hisobotlari, shuningdek, Vens hamda va davlat kotibi Marko Rubioning hisobotlarini qabul qilish bilan cheklangan). Maslahatchilar unga AQShning kuch bilan javob qaytarish variantlarini, jumladan, harbiy kemalar va suvosti kemalaridan Eron rejimi obektlariga zarbalar berishni taklif qilishadi. Tramp ehtimoliy hujumga tayyorgarlik jarayonini oxiriga yetkazishni talab qiladi, ammo bu haqda aniq buyruq bermaydi.

14 yanvar kuni Oq uyda ham, Yaqin Sharqda ham Tramp hujum haqida buyruq berishini kutib turishgandi, deya yozadi Axios va The Washington Post. Shu vaqtda Eron o‘z osmonini yopadi. AQShning Yaqin Sharqdagi asosiy harbiy bazasidagi xodimlarni evakuatsiya qilish boshlanadi. Buyruq prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha jamoa bilan kunduzgi yig‘ilishidan keyin bo‘lishi kutilgandi, ammo buyruq baribir berilmaydi. «U [Tramp] vaziyatni kuzatishda davom etishni istadi», – deydi Axios manbasi.

Trampni kuch ishlatishdan voz kechishga nima majbur qildi?

The Washington Post ma’lumotiga ko‘ra, 14 yanvarda – barcha Eron bo‘ylab zarba berishni boshlashga buyruqni kutib turganida – Uitkoff Trampga Eron hukumatining vaziyatni yumshatish belgisi sifatida namoyishchilarni yoppasiga qatl etish rejasini bekor qilishga tayyorligi haqidagi xabarini yetkazadi. Keyinroq AQSh prezidenti Erondagi vaziyatni murosa bilan izohlarkan, aynan shunga ishora qildi. Tramp jurnalistlarning Eron rejimiga nisbatan tahdidlari nega amalga oshmagani haqidagi savollariga javob bera turib, shu taxlit yuzini saqlab qolishga qaror qilgan bo‘lishi mumkin. Ammo uni Eronga zarba berishdan voz kechishga majbur qilgan boshqa pragmatik sabablar ham bor edi.

O‘sha kuni, 14 yanvarda, Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan qo‘ng‘iroqlashadi. U Isroil 2025 yil yozida Eron bilan bo‘lib o‘tgan 12 kunlik urushdan keyin o‘z resurslarini hali tiklab olmagani va Tehron tomonidan Vashingtonning hujumiga bo‘ladigan javobga tayyor emasligidan ogohlantiradi. AQShning Yaqin Sharqdagi boshqa ittifoqchilari – Saudiya Arabistoni, Qatar va Misr ham o‘z xavotirlarini bildirishgan. Ular butun mintaqada beqarorlik yuzaga kelmasligi uchun Oq uyni Eronga qarshi harbiy harakatlardan qochishga chaqirishgan.

Pentagonning AQSh hozirda Yaqin Sharqda Eronning qarshi hujumini qaytarish uchun yetarli harbiy kuchga ega emasligi haqidagi mulohazasi ham muhim rol o‘ynagan: so‘nggi oylarda yirik dengiz kuchlari Venesuela prezidenti Nikolas Maduroga bosim o‘tkazish kampaniyasi doirasida Karib havzasiga olib ketilgandi.

Ammo, kuch ishlatishga qarshi asosiy argument – bu yo‘l Eronda hokimiyat darhol o‘zgarishiga olib kelishiga kafolat yo‘qligi edi. Tramp unga taklif qilingan harbiy variantlar kutilgan natijani berishiga – va butun Yaqin Sharq mintaqasi hamda o‘zining «benuqson» obro‘si uchun muammolar keltirib chiqarmasligiga ishonchi komil emasdi, deb yozadi The Washington Post.

«Zarba [Erondagi] rejim o‘zgarishiga olib kelarmidi? Javob aniq „yo‘q“. Hujumning salbiy oqibatlari ham rejimni jazolash nuqtayi nazaridan har qanday foydadan ustun bo‘lardi. Oxir-oqibat, bularning barchasi xarajatlar va foyda tahlilidir», – deydi gazetaning Oq uyga yaqin bo‘lgan suhbatdoshi.

Oyatulloh rejimi muxoliflari qanday munosabatda?

Tramp hozircha Eron bo‘ylab zarba berishdan tiyilmoqda, ammo bu variant hali ham istisno qilinmaydi, deya qayd etadi The Washington Post va Axios suhbatdoshlari. Shunga qaramay, Erondagi namoyishlarning ko‘plab ishtirokchilari o‘zlarini sotilgandek his qilishmoqda, deb yozadi The Guardian.

«Eron xalqi unga ishongandi. Agar u bu shafqatsiz tuzumga qarshi hech narsa qilmasa, ishonchga putur yetadi va Eron xalqi kim u bilan birga bo‘lganini, kim undan yuz o‘girganini unutmaydi», – degan gazetaga Kanadada yashovchi eronlik A’zam Jangraviy, uning yaqin do‘sti Isfahondagi namoyishlar chog‘ida o‘ldirilgan.

«Men o‘zimizning naqadar ojizligimiz haqida o‘ylardim: najot va ozodligimiz uchun boshqa mamlakat bizga hujum qilishi uchun ibodat qilishimizga to‘g‘ri keladi. Lekin hozir g‘azabim qaynab turibdi. Menimcha, Tramp yana ortga burildi va eronlik yoshlarning hayotini sotdi», – deydi Turkiyada yashovchi eronlik Aanaxita.

Yevropalik mulozimlardan biri anonim tarzda aytishicha, ko‘plab eronliklar AQSh prezidenti ularga hokimiyatni o‘zgartirishda yordam berishiga ishongan va hozir ham ishonadi. Agar bu sodir bo‘lmasa, Tramp «Eronning tinch aholisini namoyishlarga undagan va yordam va’da qilgan, keyin esa ularni tashlab ketgan» shaxs sifatida tarixga kirishi mumkin, dedi ushbu rasmiy The Washington Post nashriga bergan intervyusida.

Trampning so‘zlari Erondagi norozilik namoyishlariga va rejimning ularga nisbatan shafqatsiz munosabatiga qanchalik ta’sir qilganini baholash qiyin. Ammo ular Eron rasmiylarining ommaviy ritorikasida aniq aks etdi. 17 yanvar kuni mamlakat oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiy Tramp minglab eronliklarning o‘limida aybdor ekani, ularni tartibsizliklarga «qo‘zg‘atgani»ni aytdi.

Tramp bunga javoban oyatullohni «kasal odam» deb atagan. «Mamlakat o‘z funksiyalarini bajarishda davom etishi uchun – hatto juda past darajada bo‘lsa ham – rahbariyat nazoratni saqlab qolish maqsadida minglab odamlarni o‘ldirishi emas, balki to‘g‘ri boshqaruvga e’tibor qaratishi kerak», – dedi u Xominaiyni nazarda tutgan holda.

Eronlik huquq himoyachilarining 18 yanvardagi ma’lumotlariga ko‘ra, Erondagi norozilik namoyishlari chog‘ida kamida 3900 kishi halok bo‘lgan. 19 yanvar kuni eronlik rasmiylardan biri OAVga anonim tarzda kamida besh ming kishi halok bo‘lganini tasdiqlagan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid