Jahon | 07:40 / 23.02.2018
5608
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya BMT bosh kotibini ig‘voda aybladi

Foto: RIA Novosti / Mariya Frolova

Shimoliy Koreyaning BMTdagi vakolatxonasi tashkilotning bosh kotibi Antoniu Guterreshni Shimoliy Koreyaga qarshi xalqaro sanksiyalar haqida “o‘ylanmasdan aytilgan so‘zlar” bilan Pxenyan bilan nizoni avj oldirishda aybladi. 

O‘tgan hafta Guterresh xavfsizlik bo‘yicha Myunxen anjumanida Koreya yarimorolini qurolsizlantirish yo‘llarini topish uchun Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalar saqlanb qolinishi muhimligini aytgan.

Shimoliy Koreya tomonining bayonotida aytilishicha, Guterreshning bu gaplari Pxenyan bilan nizoni avj oldiruvchi “yolg‘onni himoya qilish uchun aytilgan tuturuqsiz gaplar”dir.  

“Kunday ravshanki, Koreya yarimorolidagi yadroviy masala bu holat uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi kerak bo‘lgan AQSh aybi bilan paydo bo‘lib, shunday jiddiy ko‘rinish olgan”, deb aytganlar shimoliy koreyalik diplomatlar. 

Shimoliy Koreya o‘zini yadroviy davlat deb e'lon qilib, 2005, 2006, 2009 va 2013 yillarda yer osti yadroviy sinovlarini o‘tkazgan. Bu sinovlar xalqaro hamjamiyat tomonidan norozilikka uchragan. Pxenyanning ushbu harakatlariga qarshi BMT Xavfsizlik kengashi Shimoliy Koreyadan yadroviy sohada faoliyatni to‘xtatishni talab qiluvchi bir qator rezolyutsiyalar qabul qilgan.    

Mavzuga oid