Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Karibda «urush dovuli»: AQSh Venesuelaga kiradimi?
«Karib dengizi qaroqchilari» degan kinoni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Bu film osmondan olinmagan. Karib dengizi chindan juda tajovuzkor, yaqinda sodir bo‘lgan Melissa dovuli buning isboti. Teparoqda konspirologlar yaxshi ko‘radigan «Bermud uchburchagi» borligi Karib havzasini vahimali, qo‘rqinchli hududdek ko‘rsatadi. Aslida unaqa emas, men imkonim bo‘lganida jon deb Karib davlatlari bo‘ylab sayohatga borgan bo‘lardim.
Bugun Karib havzasidagi siyosiy taranglik haqida gaplashamiz. Bu hududdagi davlatlar juda xilma-xil. Biri SSSR paytidan buyon Rossiya bilan ittifoqchi, biri anchadan beri AQShning 51-shtati bo‘lishni istaydi, biri ispancha, biri inglizcha, biri fransuzcha, biri niderlandcha gaplashadi.
Ana shu noodatiy davlatlardan biri Venesuela. Shunchalik noodatiyki, hatto Saudiya Arabistonidan nefti ko‘p bo‘lgan bu davlatning juda ko‘p fuqarolari qashshoqlikda yashaydi. To‘rt yildan beri Ukraina bilan aynan neftning puli evaziga urushayotgan Rossiyada ham Venesueladan uch baravar kam neft bor. Lekin bu davlatda jinoyatchilik darajasi juda baland, turli reytinglarda dunyodagi eng xavfli davlat deb «e’tirof etilgan».
Bu ma’lumotlarni bejizga keltirmadim, ana shu Venesuela degan g‘aroyib davlat AQSh bilan urush yoqasiga kelib qoldi. Amerikani tanishtirishning hojati yo‘q, shu uchun video avvalida faqat bir davlatga to‘xtaldik.
Qanday da’vo bilan?
Keling, avvalo men bu ehtimoliy urush bo‘yicha, umuman urushlar bo‘yicha pozitsiyamni bildirsam. Balki shunda bir-birimizni yaxshiroq tushunarmiz. Men Amerika Qo‘shma Shtatlari Venesuela sohillarida qo‘shin to‘playotgani, o‘z kuchini ko‘z-ko‘z qilib qo‘rqinchli kemalarini Karakas yaqiniga joylashtirayotganini qoralayman. Bu xato qaror, chunki Venesuela AQShga hech qanday xavf tug‘dirayotgani yo‘q.Bu davlat ichidagi jinoyatchilik, kartellar kuchayib ketgani, narkotik savdosi, inflatsiya, xullas barcha muammolar Venesuela davlatiga tegishli. Davlatlar o‘z muammosini o‘zi hal qilishi kerak, hech qanday muammo tashqi aralashuv bilan hal qilinmasligi lozim.
Men umuman har qanday bosqinchilik urushlarini qoralayman. Axir biz ham bu kunlardan o‘tganmiz, bizning muqaddas zaminimizni ham «odam qilamiz» degan da’vo bilan toptab, mustamlaka qilishgan. Ha, o‘shanda bizda muammolar ko‘p edi, ilmsizlik, huquqsizlik rivojlanishni orqaga surayotgandi, lekin biz atrofdagi hech bir davlatga xavf tug‘dirmayotgandik.
AQSh «Maduro hukumati narkokartellarga qarshi yetarlicha kurashmayapti» degan iddao bilan Venesuelaga qarshi urush boshlamoqchi. Bu urushda hech qanday mantiq ko‘rmayapman. Trampning da’vosiga ko‘ra venesuelalik kartellar AQShga noqonuniy yo‘l bilan narkotik olib kirayotgan ekan. Xo‘p, mister Tramp, unda sizning chegarachilaringiz bu narkotiklarni to‘xtatib qolishsin, nima muammo? Venesueladan AQShga raketa uchib kelayotgani yo‘q-ku.
Agar qaysidir davlat o‘z hududiga narkotik yoki boshqa noqonuniy mahsulot olib kirayotgan fuqaroning davlatiga qarshi urush ochaversa, dunyodagi hamma davlat bir-biri bilan urushib chiqishi kerak bo‘ladi. Chegara xizmati, razvedka, turli xil skaner uskunalar vazifasi ham mamlakatga kirib kelayotgan xavfli moddalarni to‘xtatib qolish emasmi? Yoki shuncha katta Amerikaning to‘rtta ko‘chabezori kartelga kuchi yetmaydimi?
Menimcha, Donald Tramp Venesuela atrofida qo‘shin to‘plashdan faqat siyosiy maqsad ko‘zlayapti. Birinchidan, Venesuela Rossiyaning ittifoqchisi, Maduro allaqachon Rossiyadan harbiy yordam so‘rab bo‘ldi. Tramp balki Rossiyaning bu eskalatsiyaga munosabatini kuzatmoqchidir.
Yana bir maqsad – Amerika armiyasining kuchini ko‘rsatib qo‘yish bo‘lishi mumkin. AQShning asosiy harbiy raqibi Rossiya to‘rt yildan buyon urushmoqda, Putin armiyasini bu vaqt ichida kuchaytirib oldi. Xitoy ham vahimali parad o‘tkazdi, tez-tez Tayvan atrofida mashg‘ulot o‘tkazib turadi. Trampning nazdida Amerika harbiy masalada soyada qolib ketayotgandek, yaqinda yadro sinovi bo‘lishi haqida ochiq gapirgan AQSh prezidenti shunga ishora qildi.
Albatta, harbiy qudratni ko‘z-ko‘z qilish demokratik davlatlarga xos xususiyat emas, lekin Tramp davrida Amerika doim ham demokratik davlatlar kabi harakat qilayotgani yo‘q.
Shunchaki qo‘rqitish uchun
Menimcha, AQSh Venesuelaga qarshi urush boshlamaydi. Karib havzasida qo‘shin to‘plashdan asosiy maqsad katta ehtimol Maduroni qo‘rqitish. Balki Tramp Maduro atrofidagi generallar qo‘rquvdan xato qilishi yoki Maduroni ag‘darishini kutayotgandir. Axir venesuelaliklar Nikolas Maduroni jon berar darajada sevmaydi, buning sababini rolik boshida aytdik.
Nima bo‘lganda ham, AQSh bir davlatdagi siyosiy tuzumni o‘zgartirish uchun harbiy qudratidan foydalanishi to‘g‘ri emas. Davlatlar o‘z muammosi bilan o‘zi kurashishi kerak. Venesuelada boy, farovon davlat bo‘lish uchun hammadan ko‘p neft bor. Albatta, bu resursni qanday taqsimlash yakka hukmdor qo‘lida bo‘lishi kerak emas, yer ostidagi boyliklar xalqniki. Biroq jamiyat o‘zgarishini avvalo xalqning o‘zi istashi kerak. Aks holda hech qanday raketa ham, tank ham foyda qilmaydi, mister Tramp.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
21:52 / 19.01.2026
O‘zbekiston AQShda uchta yangi konsullik ochadi - elchi
21:49 / 19.01.2026
Eron prezidenti Oliy rahbarga suiqasd urush e’lon qilishga barobarligini aytdi
18:46 / 19.01.2026
Tramp Nobel mukofotini olmagach, endi tinchlik haqida qayg‘urishga majbur emasligini aytdi
18:39 / 19.01.2026