Jahon | 22:22 / 16.03.2026
2125
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eron bilan urushning dastlabki natijalari haqida hisobot berdi

Oq uy rahbari so‘zlariga ko‘ra, asosan «harbiy va tijorat obektlariga» zarbalar berilgan. Shuningdek, Eronning minalashtiradigan barcha kemalari yo‘q qilingan va mamlakatda endi «unchalik ko‘p raketa qolmagan».

Foto: AP

Eron bilan mojaro boshlanganidan beri Qo‘shma Shtatlar butun mamlakat bo‘ylab 7 mingdan ortiq nishonga zarba berdi. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, zarbalar asosan «harbiy va tijorat obektlariga» berilgan. Shuningdek, Eronning minalashtiradigan barcha kemalari yo‘q qilingan va mamlakatda endi «unchalik ko‘p raketa qolmagan».

Prezident yana bir bor Eronning Xarq orolini tilga olib, AQSh u yerdagi neft obektlaridan tashqari hamma narsani «tom ma’noda yo‘q qilganini» aytdi. Shunga qaramay, u kelajakda bunday zarbalar berilishi mumkinligiga yo‘l qo‘ydi.

«Biz faqat quvurlarni qoldirdik. Biz buni qilmoqchi emasdik, lekin biz buni qilamiz, buni besh daqiqa ichida qilishimiz mumkin», dedi Tramp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh «qachondir bu mamlakatni qayta tiklash maqsadida» ataylab bu hududlarni chetlab o‘tgan.

«O‘ylashimcha, biz to‘g‘ri ish qildik, ammo bu o‘zgarishi mumkin», deb qo‘shimcha qildi siyosatchi.

Tramp mojaro boshlanganidan keyin Eron yopib qo‘ygan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft va boshqa yoqilg‘i yetkazib berishdagi uzilishlar haqida gapirar ekan, bu transport arteriyasi orqali AQShga neftning 1 foizdan kamrog‘i import qilinishini ta’kidladi.

Shu bilan birga, u boshqa davlatlar, jumladan, Vashington bilan ittifoqchi Yaponiya va Janubiy Koreya Ho‘rmuz orqali ta’minotga ko‘proq bog‘liqligini tan oldi. Shuning uchun AQSh ularning o‘z harbiy kuchlarini yo‘naltirishini va bo‘g‘oz orqali xavfsiz kema qatnovini ta’minlashga yordam berishini istaydi, dedi Tramp.

AQSh prezidenti xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shma missiya doirasida kemalarni Ho‘rmuz bo‘g‘oziga yuborish haqidagi chaqiriqlarini rad etgan ittifoqchilarni qoraladi. U o‘nlab yillar davomida Amerika tomonidan xavfsizlik sohasida qo‘llab-quvvatlanganiga qaramay, ularning AQShga sodiqligi yetarli emasligini aytdi. Avvalroq AQSh prezidentiga Germaniya, Shvetsiya va Finlyandiya rad javobini bergandi, The Telegraph esa Buyuk Britaniya ham xuddi shunday pozitsiyani egallaganini ta’kidlagandi.

Biroq «ko‘plab davlatlar», Tramp so‘zlariga ko‘ra, «allaqachon yo‘lda ekanligini» bildirgan. U qaysi davlatlar haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi.

Tramp Eron tankerlarga hujum qilishda davom etayotganiga qaramay, ehtimoliy harbiy-dengiz missiyasini «umuman ahamiyatsiz narsa» deb atadi. U ittifoqchilar Qo‘shma Shtatlarni qo‘llab-quvvatlamasligini oldindan bilganiga ishontirdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid