Hokim o‘rinbosari - fermer, moliya boshlig‘i - tadbirkor? Toshkent viloyatidagi ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuviga misollar
Toshkent viloyatidagi hokimlik va boshqa davlat boshqaruv organlari mansabdorlarining ism-shariflari poytaxt va viloyat hududida ochilgan firmalar egalari va rahbarlarining ism-shariflari bilan mos kelmoqda. Bu tasodifmi yoki ular ayni bir shaxslarmi?
Toshkent viloyati hokimining shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, obodonlashtirish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Barhayot Baxtiyorjonovich Meliyev hisoblanadi.
Shuningdek, ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, «OSIYO OQSHOMI» MChJning 50 foiz ulushiga Barhayot Baxtiyorjonovich Meliyev egalik qiladi.
Toshkent viloyati hokimligining ishlar boshqarmasi rahbari sifatida Abroljon G‘ofurovich Sulaymanov faoliyat yuritadi.
Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan “EVOLUTION AGRONOMY” MChJ rahbari va 50 foizlik ulushi egasi ham aynan Abroljon G‘ofurovich Sulaymanov qilib ko‘rsatilgan.
Viloyat hokimligi saytida hokimlikning Huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar masalalari bo‘yicha guruhi rahbari sifatida Raxmatjon Maxamatovich Kuralov ko‘rsatilgan.
Shuningdek, avtomobillarga texnik va ta'mirlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi “BIZNES START DONIYOR” MChJ rahbari va 100 foizlik ulush egasi ham Raxmatjon Maxamatovich Kuralov hisoblanadi.
Toshkent viloyati hokimligining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha kotibiyat mudiri Farrux Anvarovich Raxmatullayev hisoblanadi.
Toshkent viloyatining markazi — Nurafshon shahrida ro‘yxatdan o‘tgan “RELAX TOUR” MChJning 100 foiz ulushiga ham Farrux Anvarovich Raxmatullayev egalik qiladi. Darvoqe, ushbu MChJ turistik agentliklar faoliyati bilan shug‘ullanadi.
Toshkent viloyati hokimligining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha kotibiyati mudiri lavozimida Furqat Qaxramonovich Kadirov ishlab kelmoqda.
Ochiq ma'lumotlarda “DARHON AGRO KLAST” fermer xo‘jaligining rahbari va 100 foizlik ulushi egasi sifatida Furkat Kaxramanovich Kadirov ko‘rsatilgan.
Ayni paytda Toshkent viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida Olimjon Axmedovich Xalikulov faoliyat yuritmoqda.
“SADAF DIYOR SAVDO” MChJga rahbarlik va 100 foiz ulushiga egalik qiluvchi shaxsning ism-sharifi ham boshqarma boshlig‘iniki bilan aynan bir xil - Olimjon Axmedovich Xalikulov.
Kadastr agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i va viloyat markazi Nurafshon shahrida ro‘yxatdan o‘tgan “SMART KADASTR” MChJning 33,30 foiz ulushi egasining ham ism-sharifi Jasur Davlatboyevich hisoblanadi.
Toshkent viloyatining tuman va shahar hokimliklari amaldorlari bilan bog‘liq o‘xshashliklar ham talaygina.
Muzaffar G‘ayratovich Sulkayev – Angren shahar hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari sifatida ma'lum.
“ANGREN OBODONLASHTIRISH VA KO‘KALAMZORLASHTIRISH JAMG‘ARMASI” MChJning 100 foiz ulushiga ham Muzaffar G‘ayratovich Sulkayev egalik qiladi.
Bo‘ka tumani hokimining o‘rinbosari – Investitsiya va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i lavozimida Yunusali Umaraliyevich Inoqov ishlab keladi.
Mazkur tumanda faoliyat yurituvchi “BO‘KA AGRO PARK” fermer xo‘jaligi rahbari va 100 foizlik egasi ham Yunusali Umaraliyevich Inoqov hisoblanadi.
Ohangaron tuman hokimining o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Ikrom Jalolovich Fayziyev bo‘lgani holda, xuddi shunday ism-sharifga ega shaxs shu tumandagi “FAYZLI QORI-OTA” fermer xo‘jaligi rahbari ekani ma'lum bo‘ldi.
Ohangaron tumani hokimining yana bir o‘rinbosari – xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatida Nasiba Akmalovna Gafurova faoliyat yuritib keladi.
Ochiq ma'lumotlarga ko‘ra, Ohangaron shahrida joylashgan “BEXISHT IFORI” xususiy korxonasi rahbari va egasi ham Nasiba Akmalovna Gafurova hisoblanadi.
Maqolada eslangan amaldorlar va tadbirkorlarning aynan bir shaxs ekani bo‘yicha tahririyatda tasdiqlangan ma'lumot mavjud emas. Bu masala surishtiruvlarning keyingi mavzusi bo‘lsa ajab emas.
Ammo, basharti, ular bir shaxs bo‘lib chiqsa, bir qator qonun hujjatlari buzilgan bo‘lishi mumkin.
Xususan, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasiga ko‘ra, hokim, uning o‘rinbosarlari, hokimlikning boshqa xodimlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining mansabdor shaxslari boshqa haq to‘lanadigan lavozimni egallashlari mumkin emas. Yuqorida ko‘rilgan bir qator holatlarda esa mansabdorlar ta'sischi bo‘lishi bilan birga shu tashkilotning rahbari bo‘lib chiqishi ham mumkin. Tadbirkorlik sub'yektiga rahbarlik esa bu alohida lavozim degani. Qonunga bunday taqiqni kiritishda amaldor asosiy ishidan chalg‘ib ketmasligi ham maqsad qilingan bo‘lsa ajab emas.
«Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qonunchilikda man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik faoliyati sub'yektlari bo‘lishi mumkin emas.
Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qonunchilikda man etilgan toifalar ro‘yxati Hukumat qarorida aniq belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining, huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanadi.
«Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi Qonunning 3-moddasida fermer xo‘jaligi – ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'yekti ekani aytiladi.
Ushbu Qonunning 4-moddasida fermer xo‘jaligining boshlig‘i shu xo‘jalikning muassisi, ya'ni fermer hisoblanishi, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar bilan munosabatlarda fermer xo‘jaligi nomidan ana shu xo‘jalik boshlig‘i ish ko‘rishi belgilangan.
Bundan kelib chiqadiki, fermer xo‘jaligining muassisi bir vaqtning o‘zida fermer va tadbirkor hisoblanadi.
Hozircha O‘zbekistonda davlat tashkilotlarining mansabdor shaxslariga mas'uliyati cheklangan jamiyat ta'sischisi bo‘lishga qat'iy taqiq yo‘q. Biroq, hokimlikning turizm bo‘yicha vakolatli shaxsi bir vaqtning o‘zida turizm sohasida faoliyat yurituvchi firmaning egasi bo‘lib chiqishi, hokimlikda qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha vakolatli mansabdorning ayni vaqtda shu hududda fermer bo‘lishi yoxud kadastr sohasi mas'ulining kadastr bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi xususiy tijoratchi tashkilot egasi bo‘lishi, albatta, O‘zbekiston uchun uyatli holat hisoblanadi. Negaki, bunday qonunchilik bilan manfaatlar to‘qnashuvi riskini bartaraf etishning umuman imkoni yo‘q.
Avvalroq, adliya vaziri Ruslanbek Davletov hozircha o‘zbek amaldorlariga mas'uliyati cheklangan jamiyat ta'sischisi bo‘lishga taqiq mavjud emasligini, bugungi kundagi qonunchilik bo‘yicha, bu tadbirkorlik faoliyati hisoblanmasligi, biroq bu tartib bizga to‘g‘ri kelmasligi, vazirlik buni qayta ko‘rib chiqib, takliflar berayotganini ma'lum qilgandi.
Abbos Salaydinov
Mavzuga oid
08:14
Toshkent viloyatida “zakladchiklar” qo‘lga olindi
16:21 / 12.11.2024
1,5 mingga yaqin boshqaruv xodimi qonunga zid tarzda tadbirkorlik qilayotgani aniqlandi
13:38 / 08.11.2024
Misr Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk sohasiga investitsiya kiritmoqchi
21:15 / 07.11.2024