O‘zbekiston | 12:32 / 21.07.2020
83118
2 daqiqa o‘qiladi

Alisher Qodirov: «Xorijdan vatandoshlarimizni olib kelishni to‘xtatish kerak»

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov chet eldan o‘zbekistonliklarni vatanga qaytarishni vaqtincha to‘xtatib, ularni turgan mamlakatlarida davolanishlarini moliyalashtirish taklifini bildirdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida fikr bildirgan.

Viruslarni aniqlash va ular bilan kurashishda Isroil davlatidagi tajriba o‘rgangulik. Ular 2020 yilning 1 sentyabrigacha barcha kiruvchilar uchun chegaralarini yopdi. Nimaga? Chunki ichkariga kirgan har bir inson virusning yangi, borayotgan joyidagi muhitga moslashmagan tipini olib kirishi mumkin. Bu yangi to‘lqin degani.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham «Vabo tarqalgan joyga bormangiz, agar turgan joyingizda vabo bo‘lsa, u yerdan ketmangiz», deb bekorga aytmaganlar.

Xorijdan vatandoshlarimizni olib kelishni to‘xtatish, ularni turgan mamlakatlarida davolanishlarini moliyalashtirish haqida o‘ylashimiz kerak. Bu birinchi navbatda o‘sha vatandoshimizning qarindoshlariga, qolaversa butun O‘zbekistonga yaxshilik bo‘ladi», deya fikr bildirdi siyosatchi.

Bosh davlat sanitar vrachi Nurmat Otabekovning aytishicha, xorijdan olib kelinayotgan o‘zbekistonliklar karantinni mehmonxonalarda o‘tkazishlari mumkin, faqat ularni qabul qiladigan mehmonxonalar karantin talablariga rioya qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

«Respublika maxsus komissiyasi O‘zbekiston shahar va tumanlari kesimida charter reyslarida olib kelinadigan fuqarolar karantinni o‘tkazishlari uchun mehmonxonalar ro‘yxati shakllantirilgan va 10 kun uchun narxlari belgilangan. Bu ma'lumotlarni Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining rasmiy sayti hamda Telegram'dagi Koronavirus Info kanalidan topish mumkin.

Charter reyslar orqali respublikaga kirib kelayotgan shaxslar uchun bu mehmonxonalar ro‘yxati taqdim etiladi. Xorijdan olib kelingan fuqarolarning xohishlari asosida istovchilar ushbu mehmonxonalarga joylashtiriladi», degan u.

Ma'lumot uchun, 13 iyuldan e'tiboran yuzaga kelgan vaziyat sababli mahalliy yo‘nalishdagi poyezd va aviaqatnovlar qayta to‘xtatilgan.

Mavzuga oid