O‘zbekiston | 10:01 / 24.02.2026
6044
12 daqiqa o‘qiladi

“Javobgarlikni hech kim bo‘yniga olmayapti” – Farg‘ona bog‘chalarida zaharlangan 70 dan ortiq bola shifoxonada qolmoqda

20 fevral kuni Farg‘ona shahridagi bir nechta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilarida isitma, ko‘ngil aynishi, qayt qilish va ich ketish belgilari kuzatilgan. Ayni paytda 70 nafardan ortiq bola shahardagi ikki shifoxonaga joylashtirilgan. 3 nafari reanimatsiya bo‘limida qolmoqda. Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan ota-onalar zaharlanish ovqatdan kelib chiqqanini aytmoqda. Zaharlanish qayd etilgan bog‘chalarda ovqatlanish viloyat hokimining qarori bilan tayinlangan “Garden catering Trade” MChJ tomonidan keytering usulida tashkil etiladi. 

Kasallangan tarbiyalanuvchilar haqida ma’lumot olish uchun Farg‘ona shahridagi bolalar shifoxonasiga borganimizda xodimlardan biri (keyinchalik u xo‘jalik bo‘limi mudiri ekani ma’lum bo‘ldi) ayni paytda jahli chiqib turganini, tasvirga olish mumkin emasligini, kasalxona hududidan tashqariga chiqib ketishimiz kerakligini aytdi.

Mazkur bolalar shifoxonasiga 18 nafar bola yotqizilgan. Davolanayotgan bolalarning ota-onalari negadir intervyu berishni istamadi. Shundan so‘ng viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida bo‘lib, bemor bolalarning ota-onalaridan, bosh shifokordan holat bo‘yicha ma’lumot oldik.

“Ovqat yegan tarbiyachilar ham shifoxonada”

“2019 yilda tug‘ilgan qizim 61-davlat bog‘chasiga borardi. 20 fevral kuni bog‘chadan uyga kelganidan keyin to‘satdan qornim og‘riyapti dedi. Hojatga bordi, ichi ketdi. Avvaliga odatiy qorni og‘riyotgandir, biror narsa yoqmagan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Qorin og‘riq dori berdim. Ertasi kuni uxlab turganidan keyin isitmasi 39 ga chiqib ketdi. Dori ham kor qilmadi. Keyin yana ichi ketib, ko‘ngli aynib, qayt qildi. Nima bo‘ldi, bog‘chada nima yegandinglar desam, teftelli ovqat yedim, karam sho‘rva ichdik, kartoshka pyure berishdi, dedi. Shundan keyin Krupskiy (bolalar shifoxonasi)ga olib bordim. U yerdan keyin yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib keldim. Qizim azoblanyapti. Nahot bunga hech kim chora ko‘rmasa? Bolalar qiynalyapti-ku. Ikki, uch sutkalab bolalarimiz hech narsa yeyishgani yo‘q. Faqat qayt qiladi, ichi ketadi, isitmalaydi. Kim javob beradi bu holatga?

Ovqatdan zaharlanmagan, deb holatni yashirishga urinishlar bo‘lyapti. Xo‘p, shunday ham bo‘ldi deylik, unday bo‘lsa, ana shu ovqatdan yegan tarbiyachilar ham hozir shifoxonada yotibdi-ku. Bizga kim yordam beradi? Buni ochiqlamasak, hamma yoq bosti-bosti bo‘lib ketaveradimi? Holatga kimdir javob berishi kerak-ku! Bolalarimiz zaharlanib qolaversa.

Mayli, xo‘p, bu narsani “yopti-yopti” qilishar, bolalarimiz yana borishadi bog‘chaga. Hozir yana bog‘cha ishlayapti. Bolalar yana o‘sha keytering ovqatini yeb o‘tirishibdi. Biz keytering tizimiga qarshimiz. Avvalgi holat yaxshi edi. Bolalarimizga ovqatni bog‘chaning o‘zida tayyorlab berishardi. Bolalar issiq ovqat yeyishardi. Hozirgi holatda to Quvasoydan Farg‘ona shahriga kelgunicha ovqat sovib qolyapti, sifati buzilyapti. Qaynoq ovqatni plastmassa idishlarga solib olib kelishar ekan.

Bolalarga karantin e’lon qilinishi kerak edi. Karantin bo‘lmadi. Bir yarim yoshli chaqalog‘im bor emizikli. Bolamni qaynonam olib yotibdi”, deydi qizi shifoxonada davolanayotgan Oltinoy Dehqonova.

Oltinoy Dehqonova

“Keytering bizga kerak emas”

 “58-bog‘chada egizak qizlarim tarbiyalanadi. Qizlar har doim kechki payt uyga kelganida qornimiz och der edi. O‘sha kuni qizlar, kelinglar, yeyishga biror narsa beray, desam, yo‘q, qornimiz to‘q, deyishdi. Keyin kechqurun soat 23:00 ga borib ko‘ngli aynib, qayt qilib, ichi o‘tib, kechasi bilan uxlashmadi. Isitmasi 40 ga chiqib ketdi. Telegram guruhga qarasam ota-onalar bolalarning ahvoli og‘irlashgani haqida yozgan ekan.

“Infeksionniy”da uch kundan beri yotibmiz. Qizlarim ichi ketgan. Uch kun deganda antibiotik boshladik. Shu paytgacha qizlarimga antibiotik bermaganman, ukol qildirmaganman. Shuncha ukol, sakkiztalab sistema olib yotishibdi. Dardimizni hech kim eshitmayapti.

Ovqatni bog‘chaning o‘zida tayyorlash kerak. Avvalgi holat yaxshi edi. Keytering tizimida tayyorlanayotgan ovqat Quvasoy shahridan kelar ekan. Bu tizimga kim qaraydi? Kim javob beradi? Buning ortida kim bor? Bolalar tuzalganidan keyin ularni yana shu bog‘chaga olib boramanmi? Autsorsing ovqatidan norozimiz. Keytering bizga kerak emas. Bolalar har kuni sovuq ovqat yeyapmiz, ovqati yoqmayapti deb kelishyapti”, deydi Dilfuza Mamajonova.

Dilfuza Mamajonova

“Ovqatni bog‘chaning o‘zida tayyorlashsin”

“Ikki farzandim 61-bog‘chaga boradi. Juma kuni uyga kelgan katta o‘g‘lim qornim og‘riyapti dedi. “Noshpa” berib yotqizib qo‘ydim. Keyin kechasi qayt qilib uyg‘onib ketdi. Isitmasi ko‘tarildi. Kunduzi tez tibbiy bo‘limga olib bordim. U yerda “Infeksionniy”ga oboring deyishdi. Ichi ham ketishni boshlagandi o‘shanda. Keyin “infeksionniy”ga olib keldim. O‘g‘limdan so‘rasam, karamli sho‘rva ichgan edim dedi. Uyga borsam kichkina qizim ham xuddi shu ahvolda yotibdi. Ichi ketyapti, qayt qilib ko‘ngli ayniyapti.

Ikki kundan beri ikki farzandim shifoxonada. Kasalxona ovqatdan zaharlangan bolalarga to‘lib ketdi. Bolalarning holati yaxshimas. Uyda ham davolanayotganlar bor. 61-bog‘chaning o‘zidan 20 nafardan ortiq bola davolanyapti.

Keyteringdan ovqat tarqatiladi butun Farg‘onaga. Keytering tizimiga avvalboshidan qarshi bo‘lganmiz. Avvallari ovqatni bog‘chaning o‘zida tayyorlashardi. O‘sha eski tizimga qaytarib berishsin”, deydi Gulira’no Otabekova.

Gulira’no Otabekova

“16 nafar bolamiz davolanyapti”

“Shanba kuni soat 20:00 dan boshlab bolalarning ichi ketayotgani haqida murojaatlar kelishni boshlagan. 16 nafar bola davolanyapti. Bog‘chamizda bola qamrovi 180 o‘ringa ega. Bugungi kunda 120 bola bog‘chaga kelyapti.

O‘sha kuni ertalab nonushtaga grechkali sutli bo‘tqa berilgan edi. Tushlikka birinchi ovqat “borsh” edi, ikkinchi ovqat tipratikanli teftel, garniriga xonaki kartoshka edi. Taomlar 2025 yil avgust oyidan “Garden Catering” firmasidan olib kelinadi”, deydi 61-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Shahnoza Azimova.

Shahnoza Azimova

“26 nafar bola kasallangan”

 “58-bog‘chada 26 nafar bolada kasallanish holati kuzatildi. O‘sha kuni ertalab sutli bo‘tqa berilgan. Tushlikka birinchi ovqatga karam sho‘rva, ikkinchiga kartoshka bilan teftel berilgan. Tushdan keyin esa mayizli keks berilgan. Bizning ta’lim tashkilotiga “Garden Catering” MChJ tomonidan tayyor ovqat olib kelinadi” – 58-DMTT direktori Nodira Ortiqova.

Nodira Ortiqova

“8 nafar bola shifoxonaga tushgan”

“Ikki shifoxonada jami 8 nafar bolamiz davolanyapti. O‘sha kuni ertalabga odatdagidek sariyog‘ bilan non, kasha berilgan. Tushlikda “borsh” bo‘lgan, ikkinchisiga kartoshkali sous bilan teftel berilgan. Tushdan keyin mayizli yong‘oqli keks. Birinchi nonushta bizda shu yerda tayyorlanadi, chunki bu sifati tez buziluvchan mahsulotlardan qilinadi, ya’ni sut mahsuloti. Tushlik uchun Cateringʼdan ovqat yetib keladi” – 2-DMTT direktori Muxtasar Umrzoqova.

Muxtasar Umrzoqova

“Tahlil natijalari 10 kunda chiqadi”

 “21 fevral soat 7:00 larda 2-, 58- va 61-bog‘chalarda ayrim tarbiyalanuvchilarda ko‘ngil aynishi, isitma ko‘tarilishi, ich ketayotgani haqida xabar berishdi. Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borib, holatni o‘rgandik. Bog‘chalarning surtmali probalarini olib, baklaboratoriyamizga topshirdik. Baklaboratoriyamizga olingan tahlillar javobi 10 kun ichida chiqadi. Natijasiga qarab holat bo‘yicha xulosa berishimiz mumkin.

“Garden Catering” MChJ Farg‘ona shahrida emas, Quvasoy shahar hududida joylashgani uchun viloyat SES, Quvasoy SES tomonidan o‘rganilib, tahlillar olindi. Yo‘nalishimiz bo‘yicha “Garden Catering” MChJda tekshiruv ishlari olib borilyapti”, deydi Farg‘ona shahar SES epidemiologiya bo‘limi mudiri Umarali Sulaymonov.

Umarali Sulaymonov

 “52 bemordan 3 nafari reanimatsiyada”

“Shifoxonamizda davolanayotgan bolalarning umumiy ahvoli o‘rta og‘irlikda. Birinchi kuni 28 nafar bemor qabul qilganmiz. Hozirgi kunda 52 nafar bemor o‘tkir diareya kasalligi tashxisi bilan davolanmoqda. Bemorlarda hayot uchun xavfli o‘ta og‘ir yoki hayotiga tashvish soladigan biror holat yo‘q. Bugungi kunda uch nafar bemor reanimatsiya bo‘limida. Lekin ahvollari yengil holatda”, deydi Farg‘ona viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh vrachi Sultonali Boyigitov.

Sultonali Boyigitov

Tahririyat ixtiyorida Farg‘ona shahridagi 2-, 58-, 61-, 35-, 22-, 59-, 37-DMTT tarbiyalanuvchilari ovqatdan zaharlanib shifoxonaga tushgani haqida ma’lumotlar mavjud.

Ma’lumot uchun, “Garden catering Trade” MChJ qo‘shma korxonasining DMTTlar uchun bir kunlik tayyor issiq ovqat jadvalida 20 fevral kuniga nonushtada grechka, sutli choy, sariyog‘ va non; tushlikda borsh, teftel, xonaki kartoshka, sabzi va olmali salat, non va quruq mevali kompot; 2-tushlikda mayizli keks va choy; kechki ovqatga kartoshka pyure, choy va non ko‘zda tutilgan.

“Garden catering Trade” MChJning 100 foizlik ulushiga Iqboljon Bozorov egalik qiladi.

Farg‘ona viloyati hokimi 2024 yil 25 iyuldagi qarori bilan Quvasoy shahridagi davlat bog‘chalarida 5 oy muddatga keytering tizimi joriy etilishi, taomlarni tayyorlash va yetkazish bilan esa Quvasoydagi “Garden Catering” qo‘shma korxonasi shug‘ullanishi bo‘yicha takliflar ma’qullangan.

Shuningdek, mazkur tajriba-sinov natijalari ijobiy bo‘lsa, yil yakuniga qadar ushbu tizim Farg‘ona shahridagi davlat bog‘chalarida ham tashkil etilishi belgilangan. Viloyat hokimligi bu tajriba O‘zbekistonda birinchi marta sinov tariqasida amalga oshirilayotganini qayd etgandi.

Keyinroq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi “Garden Catering” korxonasi faoliyatini o‘rganib, xizmatlarida bir qancha talablarga rioya qilinmagani, xususan, taomlarning retseptura to‘plami, tarkibiy qismi hamda energetik qiymati SanQvaM 0016-21 talablari asosida ishlab chiqilmagani, tarbiyalanuvchilarga yetkazib beriladigan taomlarni tashish, saqlash va iste’molga berilishiga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablari bo‘yicha tizimli ishlar belgilab olinmaganini aniqlagandi.

Raqobat qo‘mitasi Farg‘ona viloyati hokimidan Quvasoydagi keytering korxonasiga oid qarorini bekor qilishni talab qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil sentabr oyida Toshkent viloyatining Bo‘ka, Piskent, Oqqo‘rg‘on, Quyi Chirchiq, Bekobod tumanlari, Nurafshon va Olmaliq shahridagi bog‘chalarida 2 mingga yaqin bola aynan autsorsing xizmati keltirgan yeguliklardan zaharlangandi. Keyinchalik holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davomida 10 nafar shaxs qamoqqa olingandi. Ayni paytda mazkur ish doirasida sud mahkamasi boshlangan.

Сарвар Зияев
Tayyorlagan Сарвар Зияев

Mavzuga oid