Iqtisodiyot | 12:00 / 14.01.2022
61455
8 daqiqa o‘qiladi

Qo‘ldan qo‘lga o‘tayotgan zavodlar. O‘zbekistondagi sement zavodlari bilan nimalar bo‘lmoqda?

O‘zbekistondagi eng yirik 4ta sement zavodining barchasi Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar nazoratida. «Ohangaronsement»ning asosiy aksiyalariga Lamanka Enterprises LTD egalik qilsa, «Qizilqumsement», «Quvasoysement» va «Bekobodsement»ni United Cement Group o‘z nazoratiga olgan.

Foto: Sputnik

O‘zbekistondagi sement zavodlarining egasi tez-tez o‘zgarishi jamoatchilik uchun yangilik emas. Bugungi kunga kelib esa eng yirik 4ta zavodni Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar nazorat qilmoqda. Xususan, «Qizilqumsement», «Quvasoysement» va «Bekobodsement» United Cement Group kompaniyasi ixtiyoriga o‘tgan. Bir tarmoqda faoliyat olib boruvchi yirik zavodlarning yagona kompaniya tomonidan nazorat qilinishi esa ichki raqobat muhitiga jiddiy ta’sir o‘tkazishi mumkin. Umuman, sement zavodlarining xususiylashtirilishi qanday kechgan?

«Ohangaronsement» AJ

«Ohangaronsement» mustaqillikdan keyingi davrda eng ko‘p egasi o‘zgargan zavodlardan biri hisoblanadi. Zavod 1961 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, dastlab 1994 yilda xususiylashtirilgan va aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilgan. Uzoq vaqt davomida korxonaning asosiy egasi Zeromax kompaniyasi bo‘lgan. 2006 yilda esa EUROCEMENT Holding AG 75,5 foiz aksiyalarni sotib olgan holda zavodning asosiy aksiyadoriga aylangan.

Ammo 2021 yilning may oyida EUROCEMENT Holding AG ham zavodni sotuvga qo‘ydi. Bunga kompaniyaning qarzlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda EUROCEMENT Holding AG o‘zi ham Rossiyaning Sberbanki tomonidan sotuvga qo‘yilgani haqidagi xabarlar tarqalgandi.

Shundan so‘ng, 2021 yil mayida Lamanka Enterprises LTD kompaniyasi «Ohangaronsement» AJning 84,19 foiz ulushini xarid qildi. Bitim narxi 557,68 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Ayni paytda zavodning huquqiy egasi aynan 2018 yil 15 noyabrda Kiprda ro‘yxatga olingan Lamanka Enterprises LTD kompaniyasi hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, «Ohangaronsement»ning sof foydasi 2019 yilda 179,8 milliard so‘mni, 2020 yilning dastlabki 9 oyida 187,1 milliard so‘mni tashkil qilgan. Kompaniya 2021 yilning birinchi choragida 24,8 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgan. 

Telegramʼdagi davletovuz kanalining e’tibor qaratishicha, «Akkermann Cement CA» kompaniyasi «Ohangaronsement» AJ affillangan shaxslari ro‘yxatiga kiritilgan va Usolsev Yuriy Aleksandrovich zavodning bosh direktori etib tayinlangan. U ayni bir paytda «Akkermann Cement CA» MChJ rahbari hamdir. Mazkur jamiyat to‘lig‘icha Rossiyaning «Akkermann Cement» kompaniyasiga tegishli. Mazkur kompaniyaga USM Cement, unga esa USM Holding egalik qiladi. Bu holdingning asoschisi va asosiy aksiyadori – milliarder Alisher Usmonovdir. 

13 yanvar kuni esa «Ohangaronsement» AJning asosiy aksiyadorlari Lamanka Enterprises Limited va Giacinttar Limited kompaniyalari o‘z aksiyalari sotilishini ma’lum qildi. Aksiyadorlar jami 4 mln 837 ming 843 dona aksiyaning (98.36 foiz) har birini 390 ming so‘mdan baholagan (umumiy 1 trln 886 mlrd 758 mln so‘m/173,8 mln AQSh dollari).

Bundan ko‘rinadiki, «Ohangaronsement» AJ yaqin kunlarda yangi qo‘lga, aniqrog‘i Alisher Usmonovga o‘tishi mumkin.

«Qizilqumsement»

2021 yilning oxirgi kunida O‘zbekistondagi eng yirik sement zavodlardan yana biri «Qizilqumsement» AJ ustav kapitalidagi 86,92 foiz davlat ulushi 1,89 trillion so‘mga United Cement Group kompaniyasiga sotilgan. Bu kompaniya ham Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan va «Qizilqumsement»dan tashqari Markaziy Osiyoda uchta sement zavodiga egalik qiladi: ikkitasi O‘zbekistonda («Quvasoysement» va «Bekobodsement») va bittasi Qirg‘izistonda («Kant sement zavodi»).

Umuman, 2013 yilda «Quvasoysement» va «Bekobodsement» AJlar noqonuniy ravishda xususiylashtirilgani sabab davlat ixtiyoriga qaytarilgandi. Natijada ushbu ikki zavodda ulushi bo‘lgan 12 nafar qozog‘istonlik tadbirkor davlat organlari harakatlari munosabati bilan ICSID (Investitsion nizolarni hal qilish bo‘yicha xalqaro markaz)ga da’vo arizasi kiritgan. Keyinchalik olib borilgan muzokaralar natijasida 2020 yilning oktyabrida tomonlar o‘zaro manfaatli shartlar asosida ICSID arbitrajini tugatish bo‘yicha kelishuvga erishadi. Ushbu kelishuv doirasida O‘zbekiston tomoni «Bekobodsement» AJning 51 foiz aksiyalarini mazkur jamiyat aksiyadorlariga qaytaradi.

2019 yil avgust oyida esa O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova bir guruh shaxslar bilan til biriktirgan holda, «Quvasoysement» va «Bekobodsement» AJning davlatga tegishli bo‘lgan aksiyalarini arzonlashtirilgan narxlarda sotib olgani hamda ularning noqonuniy faoliyatiga rahnamolik qilib, respublika manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgani haqida xulosaga kelgandi.

«O‘zbekistondagi eng yirik 4ta sement zavodi Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan offshor kompaniyalar nazoratida»

Otabek Bakirov, iqtisodchi:

«O‘zbekistondagi eng yirik 4ta sement zavodining barchasi Kiprdagi offshorlar nazoratida. «Ohangaronsement»ga Lamanka Enterprises LTD egalik qilsa, «Qizilqumsement», «Quvasoysement» va «Bekobodsement»ni boshqa bir Kipr offshori United Cement Group o‘z nazoratiga olgan.

Tsement zavodlari offshorda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar hisobiga o‘tsa nima qilibdi, deyishingiz mumkin. Birinchidan, ularning asl benefitsiarlarini aniqlashtirib bo‘lmaydi, ikkinchidan, sement zavodlarining egaligi bo‘yicha keyingi bitimlar O‘zbekistondan tashqarida turib amalga oshirilaveradi.

Yana bir masala borki, bozorning yarmini nazorat qiladigan uchta sement zavodining bitta kompaniyaga, yana offshor kompaniyaga topshirilishi bu – raqobatga ziyon keltiruvchi strategik xato ham. O‘zbekistonning monopoliyaga qarshi kurash organlari bitimlarga qanday rozilik bergan, bu alohida masala. Savollar bu epoxada bo‘lmasa, keyingisida albatta beriladi. Chunki o‘zbek sement zavodlarining qo‘lma-qo‘lligi tarixi hali yozib bitilmagan», deya yozdi iqtisodchi.

Offshor o‘zi nima?

Offshor – kompaniyalarni boshqa davlatlarda tashkil etish orqali, mulk egaligini yashirish. Masalan, kimningdir Britaniyada mulki bor, biroq tashkiliy jihatdan unga boshqa davlatda egalik qilish offshor hisoblanadi. Odatda bu usul bilan mulkning egasini aniqlash murakkablashadi, soliq to‘lashdan qochiladi.

Buyuk Britaniya va uning dengizorti hududlari, Shveytsariya, Kipr va Singapurda offshor kompaniyalar ko‘p uchraydi. Bu ushbu davlatlarda kompaniya ochish osonligi, qonunlar kompaniya egasi shaxsini ochiqlashni qiyinlashtirib qo‘ygani va korporativ soliqlar past yoki umuman mavjud emasligi kabi omillar bilan izohlanadi.

Yashirin offshor kompaniyaga ega bo‘lish noqonuniy bo‘lmasa ham, maxfiy kompaniyalarning murakkab tarmog‘idan foydalanib pul va aktivlarni o‘tkazish jinoyatni yashirishning mukammal yo‘llaridan biri sifatida ko‘riladi.

Mavzuga oid