O‘zbekiston | 17:06 / 13.12.2025
6117
3 daqiqa o‘qiladi

“Maqsadimiz kimnidir jazolash emas” – dori sotuviga oid yangi tartib haqida mas’ullar bilan suhbat

Poytaxt tumanlari va respublikaning 15 ta hududidagi dorixonalarda elektron retsept bilan ishlash amaliyoti boshlandi. Endi shifokor yozib beradigan DMED retseptisiz ayrim dorilarni olib bo‘lmaydi. Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Farmagentlik rasmiylariga ko‘ra, hozirda yangi tizim ustida ishlar davom ettirilmoqda. Undagi kamchiliklar bosqichma-bosqich bartaraf etilishi kutilyapti.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

10 dekabrdan boshlab poytaxt hamda respublikaning belgilangan 15 ta hududida dorilar shifokorning maxsus elektron retseptisiz berilmaydigan bo‘ldi.

Buning uchun jami 10 mingga yaqin dori vositalari ro‘yxati shakllantirilgan. Undan 1 800 ga yaqini retsepsiz beriladigan dorilar hisoblanadi. Qolgani esa retsept bilan beriladi. Bu ro‘yxat ommaga ham e’lon qilingan.

Yangi amaliyot ishga tushgach, ko‘plab yurtdoshlarimiz norozi bo‘lmoqda. Retsepsiz beriladigan dorilar qatorida surunkali kasali bor, og‘ir bemorlarga favqulodda yetkazilishi kerak bo‘lgan preparatlar mavjudligi tanqid qilindi.

Retseptni olishdagi navbatlar, DMED (tibbiy axborot tizimi)ning ishlamay qolishi, elektron imzo va QR-kodli chekni boshqa aptekada ishlatolmaslik kabi masalalar ham turli savollarni keltirib chiqarmoqda.

Kun.uz shu kabi muhim savollar bilan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov, Sog‘liqni saqlash vazirligi davolash departamenti boshlig‘i Abror Alijonov hamda vazirlik raqamlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Nodir Eshnazarovga yuzlandi.

Mas’ullar savollarga javob berib, jarayondagi muammolar bartaraf etib borilishini va’da qilishdi. To‘liq intervyuni yuqoridagi video orqali ko‘rishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, SSVning 1003 qisqa raqamli “ishonch telefoni” bazasida muntazam faoliyat yurituvchi alohida Call-markaz ishga tushirilgan.

U orqali malakali mutaxassislar Toshkent shahri va tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman (shahar)da “Elektron retsept” tizimi amaliyotiga doir savollar va murojaatlarga tun-u kun javob berib boradi.

Qolaversa, murojaatlarni DMED koll markazining +998712025000 raqamiga yetkazish yoki @ssv_pilotbot telegram botiga yuborish mumkin.

Ma’lumot uchun, retsept va retsepsiz beriladigan dori vositalarni Uzpharmagency.uz/ru/service/drugs portali orqali tekshirish mumkin. Buning uchun dorilarni “retsept / retsepsiz” belgisi bo‘yicha filtrlash yoki nomi bilan qidirish, ro‘yxatdan o‘tgan shakllari, ishlab chiqaruvchilari va holatini ko‘rish mumkin.

Shuningdek, PharmUz mobil ilovasidan ham dorilarning nomini qidirish, qadog‘ini skanerlash imkoniyati bor. Qadoqda retsept talab qilinadimi yoki yo‘qmi, albatta, ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, ma’lumotlar Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va Farmatsevtika agentligi saytida nusxalanadi.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid