Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jizzaxda alimentdan qarzdorlar elga ovoza qilinyapti. Huquqiy davlatda bu to‘g‘rimi?
Jizzax viloyatida aliment bo‘yicha qarzdorlarni jazolashning yangi usuli paydo bo‘ldi. Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, MIB xodimlari qarzdorlar ro‘yxatini mahalla Telegram-guruhlariga tarqatmoqda. Mahalla binosi va mahalla hududidagi masjidlarga qarzdorning suratini ilib qo‘yish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yilgan.
Kun.uz manbasi yuborgan surat
Kun.uz suhbatlashgan huquqshunos masalaning inson sha’ni bilan bog‘liq jihati borligiga urg‘u berdi.
“Albatta, aliment to‘lash – bu ota-ona zimmasidagi qonuniy majburiyat. Davlat organlarining qarzdorlikni undirish bo‘yicha choralar ko‘rishi tabiiy va zarur. Biroq har qanday ijro harakati qonun doirasida va inson sha’ni hamda qadr-qimmatini hurmat qilgan holda amalga oshirilishi lozim”, – dedi u.
Yuristning qayd etishicha, qarzdorlik – huquqiy masala. Uni hal etish mexanizmlari sud va ijro organlari orqali belgilangan. Jamoatchilik oldida oshkora e’lon qilish esa shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi tamoyiliga zid bo‘lishi, sha’n va qadr-qimmatga putur yetkazishi, huquqiy davlat prinsiplariga mos kelmasligi mumkin.
“Huquqiy jamiyatda tartib-intizom jamoatchilik bosimi emas, avvalo qonun bilan ta’minlanishi kerak”, deydi huquqshunos.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil fevral oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida mahallalarga “Sharmanda doskasi” tarqatilgan, bu doskaga mahalla hududida yashovchi, firibgarlik jinoyatini sodir etgan va tegishli sud qarori qonuniy kuchga kirgan shaxslarning suratlarini ilib qo‘yish mo‘ljallangan edi.
O‘shanda ombudsman Feruza Eshmatova bu inson huquqlariga zid ekanini aytib chiqqandi.
Mavzuga oid
17:20 / 01.04.2026
Abdurahmon Tashanovga qarshi ma’muriy ish sudda tugatildi
09:38 / 01.04.2026
Aliment qarzi borlar uchun yangi cheklovlar joriy etiladi
16:30 / 30.03.2026
Jizzaxda simyog‘och qulashi oqibatida uch qoramol nobud bo‘ldi
09:33 / 30.03.2026