O‘zbekiston | 21:19 / 09.07.2021
27884
4 daqiqa o‘qiladi

“Davlat xizmatchilariga MChJ ta'sischisi bo‘lishni taqiqlash bo‘yicha taklif kiritamiz” - Davletov

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, davlat xizmatchilari yakka tartibda tadbirkorlik qila olmaydi xolos, lekin, masalan, MChJ ta'sischisi bo‘lishga haqli, deya ma'lum qildi adliya vaziri Ruslanbek Davletov. “Biroq bu bizga to‘g‘ri kelmaydi, masalani qayta ko‘rib chiqib, takliflar beryapmiz”, – dedi u.

Biznes bilan shug‘ullanishi qat'iyan taqiqlanadigan davlat mansabdorlari ro‘yxatini belgilash haqidagi band korrupsiyaga qarshi kurashishga oid prezident qaroridan chiqarilgan edi. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov bu borada izoh berib, vazirlik “amaldorlarga tadbirkorlik qilish taqiqlanishi kerak” degan pozitsiyada ekanini bildirdi.

“Bu mavzuda Kun.uz maqola berdi. Shu maqolani berayotganda shuni so‘rashlaringiz kerak edi. Maqolani berdingizlar, natijada hamma o‘yladiki: “Farmonning eng muhim jihatlari chiqib ketdi, qaytarilmaydi”, degan noto‘g‘ri ma'no tarqaldi.

Muhokamaga qo‘yilgan bandda shunday yozilgandi: “Adliya vazirligi Bosh prokuratura hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 oktyabrga qadar tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qat'iyan taqiqlangan davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari va xodimlarining ro‘yxatini belgilash bo‘yicha takliflarni kiritsin”.

Shu banddagi “aniq ro‘yxat” degani o‘rniga “davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etganligining huquqiy oqibatlarini belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi”ga almashtirildi. Ya'ni bu masala ochiq qolyapti, degan ma'no kelib chiqmayapti”, – dedi vazir 9 iyul kuni matbuot anjumanida.

Davlat xizmatchilariga tadbirkorlik qilish hozir ham taqiqlangan

Davletovning tushuntirishicha, davlat xizmatchilariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlangani amaldagi qonunchilikda aks etgan.

Adliya vaziri hukumatning ikkita qarori haqida to‘xtaldi.

Jumladan, 2016 yil mart oyida hukumat qarori bilan “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari” tasdiqlangan.

Qoidalarning 15-bandiga ko‘ra, davlat xizmatchilarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi. Davlat xizmatchilari manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rish maqsadida tijorat tashkilotlarining ustav kapitalida ishtirok etishi to‘g‘risida o‘z rahbarini xabardor qilishi shart.

Shuningdek, hukumatning 1992 yildagi 103-sonli qaroriga asosan, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlangan mansabdor shaxslarning ro‘yxati tasdiqlangan.

“Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, MChJ ta'sischisi – tadbirkor emas” 

Shu o‘rinda yuzaga chiqqan masala – yuqoridagi ikkita hujjatda aytilgan “tadbirkorlik faoliyati” deganda o‘zi nima tushuniladi? Ruslanbek Davletov bu atama ta'rifi qonunda yozilganini qayd etdi.

Qonundagi ta'rifga ko‘ra, “Tadbirkorlik faoliyati – tadbirkorlik faoliyati sub'yektlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan, o‘zi tavakkal qilib va o‘z mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olishga qaratilgan tashabbuskorlik faoliyatidir”.

Adliya vazirining talqiniga ko‘ra, bu ta'rifdan: “Davlat mansabdorlari yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lishi mumkin emas”, degan ma'no chiqadi.

“Lekin agar mas'uliyati cheklangan jamiyat ta'sischisi bo‘lsa, bugungi kundagi qonunchilik bo‘yicha, bu tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaydi. Va bu tartib bizga to‘g‘ri kelmaydi, biz buni qayta ko‘rib chiqib, takliflarni beryapmiz.

[Davlat xizmatchilari] MChJ ta'sischisi bo‘lolmaydi degan norma mana yaqinda Rossiyada ham kiritildi. Boshqa davlatlarda ham bor”, – ta'kidladi Ruslanbek Davletov.

Ma'lumot uchun, shu yil boshida Gazeta.uz Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev “J-United Group”, “Dream Production”, “Vedanta Production”, “Ekzotella”, “Sky Wind Systems” va boshqa kompaniyalarda ta'sischi ekani haqida ma'lumot bergan, o‘shanda Adliya vazirligi mazkur holat qonunga zid emasligini bildirgandi.

Mavzuga oid