O‘zbekiston | 07:59 / 15.07.2022
3565
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Shota Rustaveli ko‘chasi rekonstruksiya qilinadi

Toshkent shahar hokimining “Toshkent shahri yo‘l-infratuzilmasini yaxshilash maqsadida qurilish, ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Toshkent shahar hokimining qurilish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari majmuasining, Toshkent shahar aholisining Toshkent shahri yo‘l-infratuzilmasini yaxshilash to‘g‘risidagi takliflariga binoan Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasining “Grand Mir Hotel” mehmonxonasidan Yangi Sergeli ko‘chasiga qadar 6,5 km qismini to‘liq rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, drenaj va sug‘orish tizimini barpo etish, yo‘l bo‘yida piyodalar va velosipedchilar yo‘laklarini barpo etish ishlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.

Obektda loyihalash va qurilish, ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha buyurtmachi etib – Toshkent shahar hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi belgilandi.

Toshkent shahar hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi:

  • obektda qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha bosh loyihachi va pudrat tashkilotini o‘rnatilgan tartibda aniqlaydi;
  • obektni qurilish, ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi “Qurilish sohasiga oid yagona ma’muriy qurilish reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 200-sonli qaroriga asosan Davlat xizmatlari ko‘rsatish markazi tomonidan “Yagona darcha” tamoyili bo‘yicha ruxsatnomalar olinishini ta’minlaydi.

Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari, Toshkent shahar hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi:

obektda loyihalash va qurilish, ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlari uchun talab qilinadigan mablag‘ni Toshkent shahar mahalliy budjetidan qoplash sharti bilan tijorat banklaridan kreditlar jalb qilish choralarini ko‘radi.

Shota Rustaveli ko‘chasi — Toshkentning markaziy ko‘chalaridan biri. U butun shahar bo‘ylab o‘tib, nomini uzunligi bo‘yicha Shahrisabz, Navoiy (hozirda rekonstruksiya qilinayotgan) va Beruniy deb o‘zgartiradi. Tramvay liniyasi demontaj qilingandan so‘ng, u har bir yo‘nalishda to‘rtdan oltitagacha yo‘lakka ega.

Mavzuga oid