O‘zbekiston | 19:48 / 03.10.2022
28005
6 daqiqa o‘qiladi

Banklarda yana naqd dollar tanqisligi kuzatila boshladi

O‘zbekistondagi bir nechta banklar naqd valuta sotishga cheklovlar o‘rnatdi. Bu spekulyativ amaliyotlar ko‘payib ketgani bilan izohlanmoqda.

Foto: Reuters

O‘zbekistondagi ayrim banklarda yana naqd valuta tanqisligi kuzatilmoqda. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Orient Finance Bank o‘z shoxobchalarida 2 ming dollardan ortiq naqd dollar olishga cheklov qo‘ygan. Bunga nima sabab bo‘lganiga aniq izoh berilmagan.

Shuningdek, Ziraat Bank'da ham katta miqdorda naqd valuta olib bo‘lmayapti. Kun.uz manbasining so‘zlariga ko‘ra, Hamkorbank'ning bir nechta filiallarida ham katta miqdorda naqd valuta olishga cheklov qo‘yilgan.

Ipoteka bank matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bankda valuta sotib olish bilan bog‘liq cheklangan limit o‘rnatilmagan.

Hozircha hech qaysi bank mazkur holatga rasmiy ravishda izoh bermadi.

“Spekulyativ o‘tkazmalar miqdori misli ko‘rilmagan darajaga yetdi”

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, oxirgi kunlarda valuta “qora bozori”ning daromadlilik darajasi 50 foizgacha yetgan.

“Rossiyada yuz berayotgan voqeliklar O‘zbekistonni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. 29-30 sentabr kunlari bir dollar uchun naqdsiz nisob 53 rublgacha pasaydi, tabiiyki O‘zbekistonga spekulyativ o‘tkazmalar miqdori o‘tgan hafta oxiri va shu hafta boshida misli ko‘rilmagan darajaga yetmoqda.

Bugun ertalabki holatga Rossiyada VTB banki naqd dollar uchun 78,5 rubl, Sberbank 78 rubl, Alfa-bank 77 rubl so‘ramoqda. Payshanba va juma kunlari O‘zbekistonga naqdsiz o‘tkazilgan va naqd yechib olinib Rossiyaga yetkazilgan tranzaksiyaning daromadliligi 50 foizga yetmoqda. Uch kunda 50 foiz daromad. Na narkobiznes, na fohishabozlik, na odam savdosi buncha ko‘p daromad bermaydi”, deydi u.

Bakirovning qo‘shimcha qilishicha, o‘zbek banklari o‘z mijozlarini naqd valuta bilan ta’minlashda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

“O‘zbekiston banklari xorijiy o‘tkazmalar va valuta ayirboshlash bilan bog‘liq operatsiyalarni naqd valuta bilan ta’minlash masalasida kuchli bosim va yuklamaga duch kelmoqda. Xorijdan naqd valuta keltirish ikki, uch barobarga ko‘paygan, sanksiyalar shubhasi va ehtimoli ostida bo‘lsada naqd valuta keltirish yana ko‘paytirilmoqda, yangi manbalarni qidirib topish ishlari to‘xtab qolgani yo‘q.

Ha, ijtimoiy tarmoqlarda yozilayotganidek, ayrim banklar yuzaga kelgan chaqiriqlarga yetarlicha adekvat va tezkor munosabatda bo‘lmayotgan bo‘lishi ham mumkin. Ha, ayrim holatlarda yuzaga kelgan defitsit sharoitidan foydalanib qolishga urinayotgan, spekulyantlar bilan bir frontga qo‘shilib qolgan bankirlar ham bo‘lishi mumkin.

Bunday sharoitda tizim butun kuch va imkoniyatlarini eng avvalo mehnat migrantlari va ularning o‘tkazmalari bilan bog‘liq amaliyotlarini naqd valuta yoki naqd so‘m bilan ta’minlashga qaratishi tabiiy va buni turlicha baholashlariga toqat qilishga to‘g‘ri keladi. Norozi spekulyantlar birinchi bo‘lib va hammadan balandroq qichqiradi.

Esda tutish kerakki, o‘zbekistonlik mehnat migranti bitta tranzaksiyada 5 ming dollar pul o‘tkazmaydi yoki 100 ming dollarni 20ta pasportga bo‘lib yubormaydi. Yoki bo‘lmasam, o‘zbek migrantining konveyerdek ishlayotgan uch qavatli sxemalarga qiziqishi ham, vaqti ham yo‘q.

Naqd valuta bilan bog‘liq vaziyatning murakkablashishi birinchi marta emas, bu aprelda ham, mayda ham, iyunda ham bo‘ldi. Har safar shunday vaziyatga duch kelinganida yechim topilgan, vaziyat barqarorlashtirilgan. Bu safar ham shunday bo‘ladi”, deydi iqtisodchi.

Avvalroq, “Vedomosti” nashri Rossiya o‘zbekistonlik sarroflar uchun pul ayriboshlash makoniga aylanib qolgani haqida yozgandi. Unga ko‘ra, qo‘llanayotgan konvertatsiya sxemasi quyidagicha: kursi yuqori rublni O‘zbekistonda so‘mga maydalashadi, so‘m evaziga naqd dollar xarid qilishadi, dollarni Rossiyaga keltirib, uni yana rublga ayriboshlashadi.

Eslatib o‘tamiz, iyun va iyul oylarida ham banklarda valuta tanqisligi yuzaga kelgandi. Buning sababi mutaxassislar tomonidan rubl kursi Markaziy Osiyo mamlakatlari milliy valutalariga nisbatan shiddat bilan mustahkamlanishda davom etayotgani bilan izohlangandi.

Shuningdek, Markaziy bank pul o‘tkazmalarining keskin oshishi Rossiya va Qozog‘istonda ishlayotgan qirg‘izistonlik va tojikistonlik muhojirlarning ham O‘zbekistonga pul o‘tkazayotgani fonida yuz berayotgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Regulyator bunga sabab sifatida qo‘shni davlatlarda pul o‘tkazmalarini dollarda berish bo‘yicha taqiq va cheklovlar o‘rnatilganini keltirgan edi.

2022 yilning yanvar oyidan iyun oyigacha O‘zbekiston banklaridan 5,5 milliard AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘ olib chiqilgan. Bu esa 2021 yilning shu davriga nisbatan 70 foizga ko‘proq.

O‘zbekistonda transchegaraviy pul o‘tkazmalarining summasi ham ortgan. Gap 2022 yilning birinchi yarim yilligida xorijdan kelgan 6,5 mlrd AQSh dollari haqida ketmoqda. Bu 2021 yilning shu davriga nisbatan 96 foizga ko‘proq.

Mavzuga oid