Jamiyat | 22:35 / 30.09.2018
4150
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi Xalqaro Turizm kunini nishonladi

O‘zbekiston xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi (XSTU) Xalqaro Turizm kuni munosabati bilan soha rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan fidokor xodimlarni mukofotladi va ular uchun bayram tadbirini tashkillashtirdi. KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi. 

Toshkent shahridagi Radisson mehmonxonasida O‘zbekiston xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi vakillari to‘plandi. Tadbirni XSTU raisi Gulchehra Isroilova tabrik so‘zi bilan ochib berdi:

"Xalqaro Turizm kuni sohaning har bir xodimi uchun alohida ahamiyatga ega. Barchamiz hamkasb emas, katta bir oilamiz, desak xato bo‘lmaydi. Bugungi bayramona muhit esa hammamizni yanada yaqinlashtirish uchun xizmat qiladi, bu esa umumiy maqsadlar yo‘lida samarali faoliyat ko‘rsatish imkonini beradi. 

Fursatdan foydalanib, mamlakat turizmini faol rivojlantirishda katta hissa qo‘shib kelayotgan va turistik operatorlarni qo‘llab-quvvatlayotgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduqahhorovich Abduhakimov hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Nuriddinovich Umarovga, shuningdek, XSTU a'zolariga minnatdorchilik bildiraman. Turistik tashkilotlarning sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashdagi birorta taklifini bee'tibor qoldirmayotgan hamkorlarimiz "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK va "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJga ham alohida tashakkur. Biz barchamiz bir bo‘lib O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan mehmonlarga yanada ko‘proq qulaylik yaratish yo‘lida xizmat qilyapmiz. 

Bizning tizimli ishlarimiz soat mexanizmiga o‘xshaydi. Qandaydir mayda detal yetishmasa ham, soat yurmaydi. Xuddi shunday turizm rivojida ham har biringizning tutgan o‘rningiz muhim". 

Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi uzoq yillardan beri mamlakatda turizmni rivojlantirish yo‘lida mehnat qilib kelayotgan xodimlar hamda sohada faol bo‘lgan mutaxassislarni  alohida e'tirof etib taqdirladi. 

Shuningdek, tadbir davomida O‘zbekistonning diqqatga sazovor maskanlariga oid qiziqarli o‘yinlar o‘ynaldi, g‘oliblarga bosh hamkor Toshkent xalqaro klinikasi hamda hamkorlar – OrientFinansBank, SIXT, Kapsula va Radiogid kompaniyalari tomonidan sovg‘alar taqdim etildi. 

Dastur davomida “Sharq” vokal-cholg‘u ansamblining qo‘shiqlari va milliy raqslar tadbirga bayramona ruh baxsh etdi.

 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid