Iqtisodiyot | 16:57 / 29.11.2024
4412
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Xitoy bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi

«22 ta mamlakat bilan muzokaralar tugadi, ko‘p qolmadi!» deya yozdi prezidentning Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov. Avvalroq AQSh bilan ham kelishuvga erishilgandi.

Foto: Azizbek Urunov / LinkedIn

Prezidentning JST bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunovning ma’lum qilishicha, tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha Xitoy bilan ikki tomonlama muzokaralar ijobiy yakunlangan.

«Pekin shahriga juda qisqa, biroq samarali tashrif bo‘ldi. Xitoy Xalq Respublikasi bilan ikki tomonlama muzokaralar nixoyasiga yetdi. Fursatdan foydalanib XXR Tijorat vazirligi, vazir o‘rinbosari Li Fey, departament direktori Li Defeng janoblari va butun jamoaga konstruktiv muloqot uchun chuqur minnatdorchilik bildiramiz.

Yil yakuni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligi bo‘yicha juda mazmunli bo‘lmoqda. Ikkita eng yirik global savdo egalari - Amerika va Xitoy bilan muzokaralar yakunlandi. 22 ta mamlakat bilan muzokaralar tugadi, ko‘p qolmadi!» deya yozdi Urunov o‘zining LinkedIn’dagi sahifasida.

Avvalroq, AQSh O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlagani xabar qilingandi.

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish sari qadamlari

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni 2005 yilda to‘xtab qolgan, 2020 yil iyul oyiga kelib jarayon ishchi guruhning 4-uchrashuvi bilan rasman qayta boshlangan edi. Undan keyin 2022 yil iyun, 2023 yil mart va 2023 yil noyabr oylarida, shuningdek, 2024 yil may oyida ishchi guruh yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Shu bilan jami O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha 8 ta yig‘ilish o‘tkazdi.

May oyidagi yig‘ilishda O‘zbekiston ilk bor tashkilotga a’zo bo‘lish muddati borasidagi maqsadini e’lon qildi. 2026 yil O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotining 2026 yil Kamerunda bo‘lib o‘tadigan vazirlar konferensiyasiga qadar ushbu tashkilotga a’zo bo‘lib kirishni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid