Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nima uchun mahbuslarning kiyimi yo‘l-yo‘l bo‘ladi?
Yo‘l-yo‘l forma — mahbuslarga mo‘ljallangan kiyimning klassik varianti. Bu ikki sabab bilan izohlanadi. Birinchidan, bunday kiyim qochishga uringan mahbusni qo‘lga olishni yengillashtiradi, mahalliy aholi esa uni ko‘rishi bilan bu sayrga chiqqan sayyoh emas, aynan qochib ketayotgan mahbus ekanini anglab yetadi. Ikkinchidan, barcha mahbuslarga xos noodatiy kiyimni kiyish zarurati ularni ozodlikdagi kishilardan ajratib, muayyan psixologik bosim ham o‘tkazadi. Trendymen shu mavzudagi maqolasi bilan bo‘lishdi.
Mahbuslarning yo‘l-yo‘l kiyimi borasida barchasi tushunarlidek tuyulishi mumkin, biroq bunday emas. Quvg‘in va jamiyat tomonidan qabul qilinmaslik - oqibatlari juda-juda og‘ir bo‘lishi mumkin bo‘lgan murakkab jarayon. Bu xalqning madaniyati, diniy qarashlari, hukmron elita nuqtai nazari va ko‘plab boshqa sabablarda yashirin bo‘lishi mumkin. Biroq yo‘l-yo‘l mato voqeasi rasmiy mantiqdan tashqarida. Yo‘l-yo‘l kiyim tarixi o‘rta asrlardagi Yevropaga borib taqaladi, bu davr o‘lim, diniy fanatizm va insoniyat qodir bo‘lgan bema'niliklarga to‘la.

1310 yilda Fransiyaning Ruandasida bir etikdo‘z yo‘l-yo‘l kiyimda qo‘lga olinganidan keyin sud tomonidan o‘lim jazosiga hukm qilingan. Bunday tushunarsiz holat o‘rta asrlarda yo‘l-yo‘l kiyimga bo‘lgan salbiy munosabatni namoyon qiladi. Quvg‘inliklar va yo‘l-yo‘l mato haqida "Iblis libosi: chiziqlar va yo‘l-yo‘l mato tarixi" kitobi chop etilgan. Uning muallifi o‘rta asrlarga xos bo‘lgan belgilar bo‘yicha eng yaxshi mutaxassislardan biri - tarixchi Mishel Pasturo bo‘lgan.

Pasturo o‘z kitobi muqaddimasida XII-XIII asrlardan boshlab yo‘l-yo‘l kiyim sharmandalik, xorlikka ishora qilishiga doir ko‘plab hujjatlar saqlanib qolgani haqida yozgan. Faqat jallodlar va fohishalar yo‘l-yo‘l kiyim kiyishgan. Bulardan tashqari, sirkchilar, masxarabozlar, moxovlar, nogironlar, bid'atchilar hamda nikohsiz tug‘ilgan bolalarda ham shunday kiyimlarni ko‘rish mumkin bo‘lgan.

XIII asrda karmelitlar ordeni rohiblari bilan yoqimsiz voqea yuz bergan. Ular Falastinda qo‘nim topgan bo‘lib, Yevropa urf-odatlaridan yiroq bo‘lishgan. Orden rahbariyati yangi yo‘l-yo‘l formani joriy qilgan. Biroq bunday kiyim birinchi uchragan yevropaliklar didiga to‘g‘ri kelmagan va ular karmelitlarni toshlar va hushtaklar bilan quvib solishgan. Nizo Aleksandr IV'gacha yetib borgan va u oliy farmon bilan yo‘l-yo‘l kiyim kiyishni taqiqlagan. Shunday bo‘lsa-da, karmelitlar o‘z bilganlaridan qolmay, chorak asr davomida farmonga amal qilishmagan. Oxir-oqibat Vatikan o‘z qarorida qat'iy turib, Bonifatsiya VIII yo‘l-yo‘l kiyimni yo‘q qilishning uddasidan chiqqan.

Bugunga qadar kiyimlardagi yo‘l-yo‘l chiziqlarning bunday salbiy nufuziga doir yagona izoh yo‘q. Tarixchi Pasturoning taxminiga ko‘ra, bu muqaddas kitobda keltirilgan gap (Egningga ikki kiyim kiyma)ning erkin izohlaridan kelib chiqqan.
Yo‘l-yo‘l chiziqlarning iblisona xarakterlanishi tabiat tomonidan shunday ko‘rinishga ega jonivorlarni ham chetlab o‘tmagan. Yo‘l-yo‘l mushuklar, yo‘lbarslar, ilonlar va sirtlonlar shaytonning sheriklari hisoblangan. Yangi avlod zoologlari "oqlagunga qadar" zebra ham ular qatorida bo‘lgan.

Iblis tarixiga chek qo‘yilishi XVIII asr oxiriga to‘g‘ri keladi. Bu davrda nafaqat Fransiya va Yangi Dunyoda, balki odamlar ongida ham o‘ziga xos inqilob yuz bergan. Endilikda yo‘l-yo‘l matoga taqiqlov yo‘q, aksincha - u omma orasida urf bo‘la boshlagandi. Aynan o‘sha paytlarda paydo bo‘lgan AQSh bayrog‘ini yodga olishga hojat ham bo‘lmasa kerak.

O‘rta asrlardan boshlab uzoq yo‘l bosib o‘tgan jamiyatning yo‘l-yo‘l chiziqlar oldidagi qo‘rquvi mahbuslar uniformasida o‘z aksini topgan. Yo‘l-yo‘l uniforma AQShda XIX asrda, ikki qamoq tizimi paydo bo‘lishi bilan paydo bo‘lgan. Pensilvaniya tizimi kvakerlar tomonidan o‘ylab topilgan bo‘lib, u mahbuslarni bir kishilik kameralarda yashash va ishlashga majbur qilish orqali tavba qilishini targ‘ib qilardi. Obern tizimi kun davomida qat'iy sharoitlarda jamoaviy ishlash imkonini berib, sanoatning maxsus sohalarini tashkil qilardi: ularning bir-biri bilan muloqot qilishiga imkon berilmas, har bir harakat qat'iy nazorat ostida bo‘lardi, mahbuslarning sochlari bir xilda kalta qilib kesilgan bo‘lib, yo‘l-yo‘l uniforma kiyishgan.

Mahbuslar bir asr davomida shunday kiyim kiyishgan. Yo‘l-yo‘l kiyim kiyganlarning so‘nggilari inglizlar bo‘lgan (natsist Germaniyasining konslager mahbuslarini hisobga olmaganda). Ayollar 1971 yilgacha, erkaklar esa 1991 yilgacha oq-ko‘k yo‘l-yo‘l ko‘ylak kiyishgan.
Mavzuga oid
09:47 / 09.03.2026
Xabarovskdagi 75 nafar o‘zbekistonlik mahbus bilan suhbat o‘tkazildi
18:10 / 24.02.2026
Jazo muddatini o‘tagan yoshlar uchun «Ikkinchi imkon» loyihasi yo‘lga qo‘yiladi
12:06 / 09.02.2026
Hududlar kesimida kiyim ishlab chiqarish: Andijon birinchi o‘rinda
10:40 / 21.01.2026