Jahon | 18:59 / 11.09.2025
8080
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston «57 ta harbiy vertolyot»ni Afg‘onistonga qaytarishi haqidagi xabar rad etildi

Afg‘oniston matbuoti O‘zbekiston hukumati 2021 yil avgust oyida olib o‘tilgan «57 ta harbiy vertolyot»ni Afg‘onistonga qaytarishga rozi bo‘lgani haqida xabar berdi. O‘zbekiston TIV matbuot xizmati bu xabarlarni rad etib, ularni «feyk» deb atadi.

Foto: Staff Sgt. Clayton Cupit/Air Force

Afg‘on matbuotida O‘zbekiston Afg‘onistonga 57 ta harbiy vertolyotni qaytarishga rozi bo‘lgani haqida tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov Kun.uz’ga bergan izohida bu xabarlar feyk hisoblanadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolgan.

8 sentabr kuni Afghanistan International nashri o‘z manbalariga tayanib, «yaqin kunlarda O‘zbekiston Afg‘onistonga 2021 yilda avvalgi rejim qulashi paytida mamlakatdan olib chiqilgan 57 ta harbiy vertolyotini qaytarishi mumkinligi» haqida xabar berdi.

11 sentabr kuni esa The Kabul Times nashri ham Afg‘oniston muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihulloh Mujohidga tayanib, O‘zbekiston Afg‘onistonga 57 ta harbiy vertolyotni qaytarishga rozi bo‘lgani haqida xabar tarqatdi.

Mujohid «bu Afg‘oniston havo kuchlarini qayta qurish, shuningdek, ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lishi» haqida gapirgan.

Qayd etish kerakki, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yil avgustida toliblar Afg‘onistonda hokimiyatni egallab olganida, oldingi rejim harbiylari O‘zbekistonga 46 ta (22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot) havo kemasida qochib o‘tishgan. Ular orasida Embraer EMB 314 Super Tucano, UH-60 Black Hawk, MD-530, PC-12 va Mi-17 kabi harbiy texnikalar bor.

Afg‘oniston matbuotiga ko‘ra, «Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgunga qadar 164 ta jangovar samolyot bo‘lgan, hozirda ularning soni 81 ta (2021 yil avgustidagi voqealar vaqtida Tojikistonga ham 18 ta havo kemasi olib chiqilgan).

O‘sha yil sentabr va noyabr oylarida afg‘on uchuvchilari avvaliga BAAga, keyin esa AQShga olib ketilgan.

O‘tgan vaqt mobaynida Afg‘onistonning muvaqqat hukumati vakillari bir necha bor harbiy texnikalarni qaytarishni talab qilib chiqqan.

O‘zbekiston tomoni esa ushbu samolyot va vertolyotlar AQSh mulki hisoblanishi va ularni qaytarib bo‘lmasligini aytib keladi.

2024 yil avgustida AQShning Toshkentdagi elchisi Jonatan Henik samolyot va vertolyotlar O‘zbekistonda qoldirilishi, ikki mamlakat rasmiylari bu borada kelishuvga erishganini ma’lum qildi. U «ushbu texnikalar hech qachon afg‘onlarniki bo‘lmagani»ni eslatgandi.

2025 yil fevralida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Black Hawk rusumli 7 ta vertolyot O‘zbekiston tomonidan allaqachon Qo‘shma Shtatlarga qaytarilgan, o‘nlab boshqa texnikalar O‘zbekistonda qoldirilgan.

Mavzuga oid