O‘zbekiston | 17:50 / 20.04.2023
68222
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 17 yashar qiz noma’lum erkakning hujumiga uchradi. IIBB u qo‘lga olinganini ma’lum qildi

Internetda tarqalgan videoda erkak maktabdan uyiga qaytayotgan qizning orqasidan kelib quchoqlab olgani, uning yuzidan o‘pgach qochib ketgani ko‘rinadi.

Hodisa 19 aprel kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida sodir bo‘lgan.

“Sukut saqlama” loyihasi tomonidan e’lon qilingan videoda noma’lum erkak ko‘chada ketayotgan o‘quvchi qizga tashlangani, so‘ngra voqea joyidan qochib ketgani aks etgan.

Tasvirlarda erkak ortdan kelib qizning og‘zini qo‘li bilan yopgani, quchoqlagani, qiz esa unga qarshilik ko‘rsatib yerga o‘tirib qolgani ko‘rinadi. Erkak qochib ketgan, qiz nima bo‘lganini anglab yetmasdan uning ortidan qarab qolgan, keyin o‘tirib yig‘lagan.

Toshkent shahar IIBB axborot xizmati voyaga yetmagan qizga tashlangan erkak qo‘lga olingani haqida xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu ishni Oqdaryo tumanida yashovchi Ozod O. ismli shaxs sodir etgan. O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida u 20 aprel kuni ushlangan.

“Tekshiruv jarayonida Ozod O. tomonidan Z.B.ning hech qanday buyumlari olib qo‘yilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, – deyiladi IIBB xabarida.

Foto: IIBB axborot xizmati

Rasmiy xabarga gumonlanuvchining surati ham ilova qilingan. Mas’ullar suratda erkakning yuzi berkitilmaganini jamoatchilik uning boshqa qilmishlari haqida qandaydir ma’lumotga ega bo‘lsa, bu haqda xabar berilishi mumkinligi bilan izohlashdi.

Avvalroq Namanganda voyaga yetmagan qizning nomusiga tekkan shaxs qidiruvga berilgan, IIV uni topishda jamoatchilikdan yordam so‘ragandi. Oradan bir kun o‘tgach u qo‘lga olingandi.

Mavzuga oid